Zoir Mirzayev Yakkabog‘ va G‘uzor hokimlarini odamlar bilan muloqot qilolmaslikda aybladi

  • 28 yanvar 2020, 20:39
  • 847
  • Jamiyat
  • Zoir Mirzayev Yakkabog‘ va G‘uzor hokimlarini odamlar bilan muloqot qilolmaslikda aybladi
    Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev G‘uzor va Yakkabog‘ tumani rahbarlarini xalq bilan muloqot qilishni bilmaslikda aybladi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

    Bugun, 28 yanvar kuni, viloyatda Zoir Mirzayev rahbarligida apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov va Yakkabog‘ tumani hokimi Abdurasul Safarov faoliyatiga to‘xtalib, tuman rahbariyatini odamlar bilan muloqot qilishni bilmaslikda aybladi.

    «G‘uzor va Yakkabog‘ hokimlari avval odamlar bilan gaplashishni o‘rgansin», — degan Zoir Mirzayev.

    Ma’lumot uchun, G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulovga saylovga tayyorgarlikda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygani uchun Zoir Mirzayevdan hayfsan olgandi. Abdurasul Safarov esa 2019 yil yozida Yakkabog‘da «snoslar» bo‘yicha noroziliklardan so‘ng ishdan olingan tuman hokimi Shohmurod Donayev o‘rniga tayinlangandi.

    Yig‘ilishda, shuningdek, Koson tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktab rahbarining pora olgan holati ham qattiq qoralangan. Koson tumanidagi 98-maktab direktori fuqaroga o‘rta-maxsus maqomini beruvchi qalbaki diplom tayyorlab berish va o‘sha qalbaki diplom bilan maktabga ishga qabul qilish evaziga 800 dollar pora olayotganida qo‘lga olingandi.

    «Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi jurnalist va blogerlar uchun matbuot konferensiyasi tashkil qilib, maktab direktorining pora olganiga izoh bersin. Nima uchun bunday holatlar yuz berayotganini aysin», — dedi Zoir Mirzayev.

    Zoir Mirzayev joriy yil viloyatdagi tashkilot rahbarlari va tuman hokimlari yoshlar bilan ishlashi lozimligini aytgan.
    «Bu yil hammamiz yoshlar bilan ishlaymiz», – dedi viloyat rahbari.

    Qayd etilishicha, tuman va viloyat Kengashi deputatlari tashkilot rahbarlari bilan birga qishloq yoshlariga biriktiriladigan bo‘lgan. Rahbarlar deputatlar bilan birga yoshlarning ishga joylashishi, kredit olib ish boshlashi va kelajakda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashadigan bo‘ldi.

    » » Zoir Mirzayev Yakkabog‘ va G‘uzor hokimlarini odamlar bilan muloqot qilolmaslikda aybladi