14:43 / 29.01.2020
3 330

Baliq, qarmoq va Captiva haqida

Baliq, qarmoq va Captiva haqida
Xalqaro press klubning Prezident murojaatiga bag‘ishlangan sessiyasida Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ehtiyojmand oilalarga mahalla orqali nafaqa tayinlanishi noto‘g‘ri ekanligi va vazifasini o‘tab bo‘lganini tan olib, buni «professionallar bajarishi kerak»ligini bildirdi.

Qo‘chqorovning o‘rinbosari Shohrux Shoahmedov Sirdaryo viloyati misolida keltirgan holat esa barchaning kulgisiga sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda tajriba tariqasida joriy etilgan yangi tizim mahalladan 400 ming so‘m atrofidagi nafaqa pulini so‘rab murojaat etgan oila ixtiyorida Captiva, Malibu va Nexia borligini aniqlangan.

Bu misol nafaqalar ajratilishi va sayyor qabullardagi murojaatlar bilan bog‘liq shunga o‘xshash ajabtovur hangomalarni esga soldi.

Chekka tumanlardan birida uyini ta’mirlashda ko‘mak so‘ragan oilaga homiy sifatida biriktirilgan tashkilot rahbari yordamga otlanibdi. Uyga borib, ko‘zdan kechirib, 5 million so‘mlik hisob-kitobni aytsa, xonadon egalari «biz senga gadoymizmi, uyni boshdan-oyoq ta’mirlab berasan», deb haydab solibdi.

Boshqa tumanda esa ishi bitmagani uchun «uchta bolamni o‘zlaring boqib ol!» deb zarda qilib, hokimlikka farzandlarini tashlab ketgan ayolni zo‘rg‘a orqasidan quvib yetishibdi. «Opa, idoramizni bolalar bog‘chasi bilan adashtirib qo‘ydingiz chog‘i», deb uvvos solayotgan bolalarini qo‘liga tutqazishibdi.

Hokimlik xodimlarining aytishicha, ayollarini yordam so‘rashga yo‘llab, o‘zlari natijasini mashinasida kutib o‘tiradigan, kattakondan nima undirganini o‘smoqchilaydigan erkaklar ham, afsuski, yo‘q emas.

Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda aksar tanish qiyofalarni ko‘rasiz. Ular bir sayyor qabuldan ikkinchisiga ko‘chib yuradi, telefonda bir-birlariga qabullar qayerda o‘tkazilayotgani haqida daraklashadi va kimdan qancha undirgani bilan maqtanadi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, hokimlikdan bir-ikki moddiy yordam olib, buning «sirlari»ni o‘rtoqlashadigan va boshqalarga o‘rtachilik qiladigan professional so‘rovchilar paydo bo‘ldi.

Shunday qabulga kelgan bir onaxon rahbardan Hajga jo‘natishda moddiy yordam so‘rab murojaat qilibdi. Haj bunga qodir kishiga farz ekanligi haqidagi gapni eshitgach esa jillaqursa yonida yetaklab kelgan kelinini yangi uyga ko‘chirishda ko‘mak so‘rabdi.

Tashkilotlardan birida ishlaydigan hisobchi do‘stim hikoya qiladi: «Xonamning eshigi taraqlab ochilib, davangirdek yigit kirib keldi. Vajohatidan ot hurkadi. ‘Men kam ta’minlanganman, qani, kim manga yordam beradi?’ deb o‘dag‘ayladi. ‘Bugun kech bo‘ldi, kattaning qabul kunlariga yozilib, arz-dodingizni o‘shanda aytasiz’ deb zo‘rg‘a kuzatvordim», — deydi u.

Do‘stimning hikoyasini eshitib, Aqto‘be fojiasida mo‘’jiza tufayli omon qolib, oradan biroz vaqt o‘tgach, yana Qozog‘istonga ketishga majbur bo‘lgan to‘raqo‘rg‘onlik Isroil Mirzaahmedovning aytganlari yodimga tushdi.

Isroil Mirzaahmedov.
«Bu yerlarda ilojsizlikdan kelib ishlayapman. Men ham farzandlarimni sog‘inaman. O‘zimga qolsa, hoziroq ona yurtimga, oilam bag‘riga qaytib ketardim. Lekin buning iloji yo‘q — qaytib ketsam, kredit va ovqatga pulni qayerdan olaman, kim beradi? Bersa ham qarzga beradimi — bir kun o‘tmay qaytar deb so‘rab chiqadi. Bu narsalar menga yoqmaydi, yoqmaganligi uchun ham shu yerlarda ishlab yuribman», — degandi Isroil.

Ko‘chamizda bir ayol bor. Mahallada arava yetaklab, po‘choq to‘playdi, uyidagi mol-qo‘yga qaraydi. Sut-qatiq qilib sotadi, mahalladagi o‘ziga tanish oilalar nari borsa farzandlari uchun kiyim-kechak, zakotini beradi, lekin bundan ortiq emas. Negadir u va unga o‘xshash insonlarni sayyor qabullarda ko‘rmayman. Ular hatto nafaqa olishga ham shubha bilan qarayman. Chunki boriga qanoat qilishga ko‘nikkan, xokisorlik suyak-suyagiga singib ketgan.

Shavkat Mirziyoyev Parlamentga Murojaatnomasida mazkur muammoni boricha ochiqladi.

«Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbasiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular taxminan 12—15 foizni tashkil etadi. Bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholining 4—5 millionlik vakillari haqida bormoqda.

Ba’zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb o‘ylaydi. Bu — bir tomonlama yondashuv bo‘lib, muammoni to‘la yechish imkonini bermaydi», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

Bunda e’tiborni nafaqalar yoki moddiy yordamning boshqa turlariga emas, aynan tadbirkorlik tashabbuslari, xususan, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, munosib ish joyi bilan ta’minlashga ahamiyat berishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, «baliq emas, qarmoq berish» zarur. Istihola shuki, ertaga qarmoq tutqazganlarimiz «buning chuvalchangi qani?» deb hafsalamizni pir qilmasa bo‘lgani...

Azizbek Abduvaliyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Baliq, qarmoq va Captiva haqida