22:50 / 29.01.2020
5 401

Haddimizdan oshdik: ashulachi fatvo bera boshladi...

Haddimizdan oshdik: ashulachi fatvo bera boshladi...
Har bir kishining o‘z sohasi bor. O‘sha soha doirasida xizmat qilsa, avvalo o‘ziga foydali bo‘ladi. Qolaversa boshqalar uchun ham eng kerakli va manfaatli mutaxassis bo‘ladi. Ammo o‘z doidaridan chiqsa, mutaxassislik chegarasidan chiqsa, haddini bilmasa, avvalo o‘ziga qolaversa atrofidagilarga zararli mutaxassisga aylanadi.

Bunga birgina misol:
Butun dunyoga mashhur Ahmad Didot (Ahmed Deedat) Islomni himoya qilish maqsadida munozaralar o‘tkazar edi. Bu uning mutaxassisligi bo‘lib o‘z mutaxassisligi doirasidan tashqariga chiqmadi. Ummat undan juda ham katta ilmiy manfaat ko‘rdi. Biror marta mutaxassisligi bo‘lmagan fiqhiy va aqidaviy masalalarga aralashmadi.

Ahmad Didot hayotligidayoq mashhur bo‘lgan shogirdi Zokir Noik (Zakir Naik) ustozi vafot qilgach, o‘z mutaxassisligi qolib boshqa mavzularda fatvo berishga kirishib ketdi. Ba’zan hadislarni sahih-zaifga chiqaradigan muhaddislik qildi, ba’zan fatvolar berdi, ba’zan aqidaviy masalalarda hukmlar berdi. Oxir-oqibat ilmiy majlislari o‘z sohasi bo‘lmagan mavzulardan iborat bo‘lib qoldi. Vatandoshlari uchun foydali emas balki zararli mutaxassis bo‘lib qoldi.

Uni tanigan olimlar unga ko‘p nasihat qildilar. Xatolarini o‘ziga yetkazdilar. Shunda ham qaytmadi. Xatolari shu darajada ko‘payib ketdiki, u haqida bir nechta kitoblar ham yozildi. Shayx Salmon Nadaviy bir uchrashuvda o‘ziga shunday degan edilar:

- Doktor Zokir, siz o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi hisoblanasiz. Iltimos boshqa mavzularga aralashmasdan o‘z sohangiz doirasida qoling. Modomikli o‘z mutaxassisligingiz doirasida qolar ekansiz, men sizni shaxsan o‘zim qo‘llab quvvatlayman.

Bizning diyorda ham xuddi shu holat kuzatilmoqda. Mutaxassisligi bo‘lmagan sohalarda ot choptirish odatiy holga aylanib qoldi. Achinarli tomoni o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy ish qilishni chetga surib qo‘yib, bexabar bo‘lgan mavzularida yozish-chizish asosiy mashg‘ala bo‘lib qoldi.

Dahriylik mutaxassisligi bo‘lganlar fatvo berishni boshlab yubordi. Sohasi jurnalist bo‘lganlar muhaddislikka o‘tib oldi. Tabobatdan bexabarlar esa mutloq tabibligini e’lon qilib yubordi. Fikri aralash-quralash bo‘lib yotgan ba’zi shaxslar esa Islom mafkurasi haqida bong urishga odatlandi.

Koshki har birimiz haddimizni bilsak edi, o‘z sohamiz doirasida qolib xalqimiz va dinimizga xizmat qilsak edi... Koshki!..

Shayxul-Islom Mustafo Sabriy rohimahullohdan so‘ralgan ekan:
- Musulmonlar qachon avalgidek g‘olib va aziz holatiga qaytadi?

Oltinga teng javobni bergan ekanlar:
- Qachonki hamma o‘z sohada xizmat qilsa, degan ekan.

So‘zim do‘stlarim va ukalarim uchun og‘ir botishi mumkin. Lekin aytishga majburman. Yo‘qsa zimmamda qolib ketadi:
- O‘z sohangizda ijod qiling, xizmat qiling. Sohangiz bo‘lmagan mavzularga aralashmang. Xalqimiz va dinimiz uchun zararli mutaxassis bo‘lib qolishdan saqlaning. Xalqimiz sizdan aynan siz bilgan mutaxassisligingiz bo‘yicha ilmiy ishlar kutadi. Dinimiz uchun o‘z sohangiz doirasida foydali bo‘la olishingiz mumkin.
Aks holda dinimizga ham, xalqimizga ham zarar berib qo‘yishingiz mumkin. Shunday katta zarar berishingiz mumkinki, berayotgan zararingiz bardavom bo‘ladi hamda yoningizdagilarning qarsaklari jarangi ostida sizni ogohlantiradiganlar ovozi sizga eshitilmay qoladi. Shunda zararni foyda deb e’tiqod qilib qolishingiz mumkin. Bu esa eng xavflisidir. Keling, haddingizni biling va o‘sha haddingizdan oshib ketmang.

Alloh taolo barchamizni dinimiz va xalqimiz uchun manfaatli mutaxassislardan qilsin.

Odil Hamid

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Haddimizdan oshdik: ashulachi fatvo bera boshladi...