22:10 / 18.02.2020
6 181

Kabob yegisi kelgan kelin va jahldor qaynota...

Kabob yegisi kelgan kelin va jahldor qaynota...
31 dekabr 2017 yil. Munisa tug‘ildi. Tug‘ruqxonaga ertalab, tushga yaqin va tushdan keyin – uch marta bordik. Qudalarimiz ham, boshqalar ham borishdi. Kechga borib Xadicha (kelinim – Munisaning onasi) ayolimga qo‘ng‘iroq qilib, kabob yegisi kelayotganini aytdi. Bu gapdan mening jahlim chiqdi, ayolim esa quvnab, yayrab ketdi va dedi:
- Voy, muncha yaxshi! Asal qizim, kabob yegingiz keldimi? Hozir, bir soatga qolmasdan yetkazib olib boramiz.

Mening ensam qotdi. Ayolimga o‘shqira ketdim:
- Kallang bormi? Bugun uch marta bordik. Qudalaring ham, boshqalar ham borishdi. Oziq-ovqat tiqilib yotibdi-ku. Bu to‘qlikka sho‘xlik emasmi?
- Ishtahasi yo‘q edi. Hech narsa yegisi kelmayotgandi. Nimadir yeyishini juda istayotgandim. Shunga xursand bo‘lib ketdim.
- Qorni ochgan bo‘lsa, o‘shancha ovqat turibdi. O‘shalardan yeyaversin. Bormaymiz. Taltaytirib yubormaylik.
- Bizga haddi siqqani bizning baxtimiz-ku. Endi u bizning qizimiz. Ota-onasiga erkalik qiladi-da.
- O‘z qizimdek ko‘rganim uchun ham jahlim chiqyapti. Uning o‘rnida Nafisa yoki Anisa bo‘lganida ham shunday qilardim.
- Voy bobojonisi-ye, axir o‘sha kabob nabirangizga sut bo‘ladi-ku.

Xullas, aytilgan vaqtda aytilgan kabobni yetkazib bordik. Ishtaha bilan yedi va sut ham keldi.
Bu ish ostida ham bir hikmat bor ekan. Bir oy ham o‘tmasdan uni topgandek bo‘ldim.

Bir kuni Munisa ko‘p qusdi. Xadicha uning kiyimini bir necha marta almashtirdi. U esa yana qusardi. Bu ish har qancha takrorlanmasin, Xadichada og‘rinish alomatini ko‘rmadim. Aksincha, boshqacha bir mehr bilan, zavqi kelib almashtiraverdi. U kabob yegisi kelganini aytganda ayolim yayrab ketganidek, Munisaning qusishidan ham zavqlanib qo‘yaverardi.

Bu ikki voqea menga qattiq ta’sir qildi. O‘zimni taftish qildim. Qizim telefonini sindirib qo‘ysa ham jahlim chiqib ketaveradi. “Falon pulga olingan narsani uch kunlikka uchratdingmi”, deya o‘shqira boshlayman. “Atayin qilmagan-ku”, degan o‘y bir muddat o‘tib, o‘zimni ancha bosib olganimdan keyin keladi. Va solishtiraman:

1. Ular zavqlanib, maza qilyapti. Men esa jahlim chiqib, qiynalyapman;
2. Ular Allohning ne’matini tuyib, savob ishlashyapti. Men esa noo‘rin dilini og‘ritib, gunoh qilyapman;
3. Ularning bu ishi sog‘liklariga foyda. Meniki esa zarar;
4. Ular atrofga xursandlik ulashyapti. Men esa xafalik;
5. Ularning keyingi ishlari yanada samarali bo‘ladi. Meniki esa tutiladi, bo‘g‘iladi;
6. Ularning ishi o‘qimishli, farosatli kishilarning ishi bo‘lsa, meniki johillarning ishi bo‘lyapti. Va hokazo...
G‘azab qilma! Shunda jannat senikidir.

Muqim Mahmud

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kabob yegisi kelgan kelin va jahldor qaynota...