07:30 / 20.02.2020
3 578

Yangi vazirlikning maqsad va vazifalari ma’lum qilindi

Yangi vazirlikning maqsad va vazifalari ma’lum qilindi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov vazirlikning asosiy maqsad va vazifalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, har bir mahallada «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi. Bunda jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bilan birga qashshoqlikni yo‘qotish va har bir oila bilan alohida shug‘ullanish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, vazirlik tashkil qilinishi bilan fuqarolar yig‘ini raisiga bir qator qo‘shimcha huquqlar berildi. Jumladan, fuqarolar yig‘ini raisi hududdagi profilaktika inspektori faoliyatiga baho berish, uni rag‘batlantirish, agarda, o‘z lavozimiga noloyiq deb topilsa ichki ishlar organlari bilan birgalikda lavozimidan ozod qilishgacha bo‘lgan huquq berildi. Qolaversa, profilaktika inspektorlarning ish samarasini yanada kuchaytirish uchun ularga yuklatilgan 235 turdagi vazifa va funksiyalardan 13 turdagi vazifalar qisqartirildi.

«Hozirgi kunda 9121ta mahalla bo‘ladigan bo‘lsa, shulardan 3000ga yaqin mahallalarning o‘z binosi bo‘lgan. Qolganlari esa turli davlat va tadbirkorlarning binolarida ish faoliyatini olib borishgan. Endilikda har bir mahalla o‘z faoliyatini olib boruvchi bino bilan, axborot texnologiyalari bilan ta’minlanadi», deya Rahmat Mamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda yoshlar bilan birgalikda nuroniy va keksalarni ham qo‘llab-quvvatlash vazirlikning asosiy vazifalari ekanligi qayd etildi. Xususan, «Nuroniy» jamg‘armasi vazirlikka ko‘chirilgan va hech kimi yo‘q yolg‘iz nuroniy keksalarga ma’naviy yordam ko‘rsatish, ularni sanatoriylarga jo‘natish va shu kabi amallarni bajarish ko‘zda tutilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vazir o‘rinbosari Azizbek Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari profilaktika inspektorlari har kuni ishni ichki ishlar boshqarmasida boshlar edi. Endilikda har bir profilaktika inspektori ishni mahalla binosida, mahalla raisi va uning yordamchilari bilan birgalikda boshlaydi.

Chunki shu paytgacha oilalar bilan mahalla raisi, profilaktika inspektori va xotin-qizlar qo‘mitasi alohida-alohida shug‘ullanishgan. Shu sababdan oxirgi paytlar jinoyatlar ham, qonunbuzarlik holatlari ham ko‘payib ketgan. Endilikda esa, hammasi bir bo‘lib har bir oila bilan birma-bir shug‘ullanishadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi vazirlikning maqsad va vazifalari ma’lum qilindi