12:20 / 21.02.2020
2 822

Universitet filiallari, klinikalar va investitsiyalar. Turkiyaga tashrifi yakunlari

Universitet filiallari, klinikalar va investitsiyalar. Turkiyaga tashrifi yakunlari
20 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga safari dasturidan o‘rin olgan bir qancha uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etdi. Prezident kunning birinchi qismida Turkiya ishbilarmon doiralari va kompaniya vakillari bilan uchrashgan bo‘lsa, ikkinchi qismida Turkiya prezidenti devoni Xalq kutubxonsining ochilishida qatnashdi.

Quyida ushbu tadbirlar doirasidagi e’tiborga molik voqeliklarni eslab o‘tamiz.
O‘zbekistonda turk universiteti filiali, yangi klinikalar va boshqa yo‘nalishlar uchun investitsiyalar. Turkiyaning yirik investorlari O‘zbekistonga kirib kelmoqda

Turkiya biznes doiralari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv poytaxt Anqaradagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari to‘xtagan JW MARRIOT mehmonxonasining konferensiyalar zalida o‘tkazildi.

Uchrashuvni ochib bergan Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqini so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qulay biznes muhitini yaratish bo‘yicha qilinayotgan o‘zgarishlar va xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqidagi fikrlari bilan boshladi.

«Bugungi O‘zbekistonda biznes muhiti mutlaqo o‘zgargan. Biz investorlar uchun o‘z eshiklarimizni ochdik. Men kafolat beramanki, O‘zbekistonda investorlarga xuddi Turkiyadagi kabi barcha sharoitlar yaratib beriladi», dedi u.

Shavkat Mirziyoyev turk tadbirkorlarini ham faollikka chorlar ekan, endi harakat qiladigan vaqt kelganini ta’kidladi.
«Sizlar bir narsani bilinglar, endi harakat qiladigan payt keldi. Biz Turkiya kompaniyalari bilan ishlash bo‘yicha institutsional tizimni yo‘lga qo‘yishimiz kerak», dedi prezident.

O‘zbekistonga kirib kelishi kutilayotgan loyihalar

Shundan so‘ng, uchrashuv dasturi bo‘yicha turkiyalik tadbirkorlar ham o‘z loyihalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazishdi.
Taqdimotlar boshida Turkiya Buyuk millat majlisi rejalashtirish va budjet ishlari bo‘yicha komissiya raisi Lutfi Elven so‘zga chiqib, turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha prezident Erdo‘g‘andan maxsus topshiriq olgani haqida gapirdi.

«Prezidentimiz bizga O‘zbekiston bilan bo‘ladigan savdo aloqalarini eng yuqori darajaga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi. Biz buning uchun imkoniyatimiz darajasidagi barcha ishlarni qilamiz», dedi u.

U O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar qilinayotgani, bu borada eng katta amaliy ishlardan biri sifatida konvertatsiya islohotida ko‘rayotganini ta’kidladi.
«Ishontirib aytamanki, biz O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun faol tarzda ish olib boramiz», dedi Lutfi Elven.

Uchrashuvda taqdimot o‘tkazgan Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi prezidenti Rifat Xisarchiklio‘g‘lining aytishicha, 19 fevral kuni imzolangan bitim bo‘yicha yaqin orada O‘zbekistonda Turkiya universiteti filiali ochiladi.

«Hurmatli prezident, sizning topshirig‘ingiz bilan kecha Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi qoshidagi universitetning filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu borada Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Oliy ta’lim vaziriga topshiriq berdi va bu topshiriq natijasida endilikda bizning universitet filialini Toshkentda ochish uchun barcha yo‘llab ochildi. Bu borada sizdan yordam kutib qolamiz», dedi Rifat Xisarchiklio‘g‘li.

O‘z o‘rnida prezident Mirziyoyev Turkiya rasmiysining takliflari bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.
«Universitet masalasi men uchun juda muhim. Janob Adhambek, (Adham Ikromov – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi – tahr) tezroq binoni, inshootlarni bo‘shatib bering. Bu ishni iloji boricha tez qilsak-da, buni O‘zbekistonga e’lon qilsak, eng yaxshi xabarlardan bo‘ladi», dedi u.

Surxondaryo viloyatida avvalroq tibbiy klinika tashkil qilgan Turkiyaning «Kanimed Sag‘liq Cho‘zumleri» kompaniyasi endilikda Urganch va Termiz shaharlarida zamonaviy tipdagi tug‘ruqxonalar ochishi kutilmoqda.

Bu borada kompaniya boshqaruv kengashi raisi Filiz Marashio‘g‘li O‘zbekiston prezidentidan klinikalar ochish uchun yer maydoni, davlat va xususiy sektor sherikchiligi borasida qonunchilikning takomillashtirilishini so‘rab murojaat qildi.

Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga ushbu kompaniya uchun yer maydoni ajratib qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.
«Biz O‘zbekistonda Investitsiya bo‘yicha yangi qonun qabul qildik va agar unga qandaydir o‘zgartishlar kiritish kerak bo‘lsa, bu masalani ham o‘rganib chiqamiz», dedi prezident.

«Dunyagoz» kompaniyasi bosh direktori Eray Kapichio‘g‘li taqdimotida aytishicha, har yili uning kompaniyasiga 166 davlatdan 100 minglab bemorlar murojaat qiladi.
«Kompaniyada 300 nafar ko‘z shifokori va 3 mingdan ortiq xizmatchi ko‘z kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga xizmat ko‘rsatadi. Ko‘z kasalliklari sohasida har kuni 24 soat davomida 30 yo‘nalishda 500dan ortiq amaliyot va operatsiyalarni amalga oshirib kelyapmiz», deydi direktor.

Shavkat Mirziyoyev uning O‘zbekistondagi tibbiyot sug‘urta tizimi bo‘yicha rejalar haqidagi savoliga 2020 yil davomida Sirdaryo viloyatida tibbiyot sug‘urta tizimi sinovdan o‘tkazilayotganini aytib o‘tdi.
«Biz kelajakda sug‘urta tizimiga o‘tishimiz shart. Ko‘pgina takliflarni inobatga olgan holda «Sug‘urta to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilyapmiz.

Vazirlarimiz O‘zbekistonda klinika ochishingiz bo‘yicha barcha sharoitni yaratib berishga mas’ul bo‘ladi. Hozirgina vazirdan so‘radim, sizga avvalo Toshkentda bitta klinika va keyin boshqa hududlarda tizimli klinikalar qurish bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdim qiladi
», dedi davlat rahbari.

«Bahchishehir» universiteti asoschisi va raisi Anvar Yujel ham O‘zbekistonda o‘z universitetini ochish istagini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda «Bahchishehir» universiteti dunyoning 7ta davlatida, jumladan, Istanbul, Berlin, Vashington, Gruziya va Kiprda filiallariga ega.
«Men shu orqali ota yurt O‘zbekistonga ta’lim borasida investitsiya kiritmoqchiman», dedi u.

Prezident ushbu masalaga tegishli yechim topishni O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayevga topshiriq qilib berdi. O‘zbekistonda Anvar Yujel bilan hamkorlik qilishni istovchi tadbirkorlar ko‘pligi ham qo‘shimcha qilindi.

Turkiyaning mis, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin qazib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Eczacıbaşı group» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Bulent Ekzachibashi kompaniya O‘zbekistonga investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi.
«Kompaniyamiz temirdan boshqa qimmatbaho metallar (mis, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin) qazish va uni ishlab chiqarish uchun xomashyo topish qurilmalarini ishlab chiqaradi. Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchimiz va bu boradagi ishlarni tezroq boshlamoqchimiz», dedi u.

Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirkorning O‘zbekistonda biznes boshlashi uchun kerakli sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi va bu masala bo‘yicha o‘z maslahatchisi Ravshan G‘ulomovga kerakli topshiriqlar berilganini aytdi.

«Toshkentga borganingizdan keyin hech qanday byurokratiyalarsiz ish boshlashingiz mumkin», dedi prezident.

Turkiyaning «Ronesans Holding» kompaniyasi Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritadi. Shuningdek, «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro ajratish, shifoxonalar va savdo markazlari qurish bo‘yicha qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan.

Uchrashuvda yana bir qancha biznes vakillari va kompaniya rahbarlari O‘zbekistonda ishlash istagini bildirib o‘z taqdimotlarini namoyish qildi. Shu bilan Prezidentning Turkiya biznes vakillari tadbirkorlari bilan uchrashuvi o‘z yakuniga yetdi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan delegatsiyasining bir qancha vakillariga Turkiyada qolish topshirig‘i berilgan. Ular ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy loyihalar ustida ishlashda davom etadi.

Anqarada dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri ochildi. Shavkat Mirziyoyev marosimda oliy darajadagi yagona mehmon bo‘ldi
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan bunyod etilgan mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi bo‘yicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. U prezident qarorgohi – Jumhurbashkanligi saroyi yonida joylashgan.

Ochilish marosimiga taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida Anqara shahrini Turkiyaning toji, Turkiya prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasini esa shu tojga yarashgan javohirlardan biri, deb atadi.
Prezident nutqida bu yil ulug‘ allomalar Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilshi haqida ham gapirdi.

«Joriy yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilganining 145 yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahri Islom madaniyati poytaxti, Xiva shahri Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlarga taklif qilaman», dedi u.

Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida «to‘yga – to‘yona bilan» kelganini aytib, yangi kutubxonaga 350dan ortiq qimmatbaho kitoblar sovg‘a qildi.
Turkiya prezidenti ushbu quvonchli ayyomda O‘zbekiston prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.

«O‘zbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va ma’naviy dunyomizni ta’minlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir», dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Prezidentlar kutubxonaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgach, yangi kutubxona bilan ham tanishib chiqishdi.
Bu bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva yangi kutubxonaning birinchi faxriy mehmonlari bo‘lishdi.

Kunning kechki qismida davlat rahbarining Turkiyaga 2 kunlik tashrifi yakunlandi.

Prezidentni «Esonbug‘a» aeroportida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kuzatib qo‘ydi.

Ilyos Safarov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Universitet filiallari, klinikalar va investitsiyalar. Turkiyaga tashrifi yakunlari