19:10 / 22.02.2020
3 439

Ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanseridan ma’lumotnoma qanday olinadi?

Ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanseridan ma’lumotnoma qanday olinadi?
«Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma’lumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilindi.

Endi ma’lumotnomani dispanserning o‘zidan olmaysiz
Unga ko‘ra Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilindi.

Fuqarolarga Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali taqdim etiladi.

Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi. Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda shu yil 1 martga qadar davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimini ishlab chiqadi.

Davlat xizmatlari markaziga boring
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi.

Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2,0 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi fuqarolar bundan mustasno. Davlat xizmatidan foydalanish uchun YAIDXP orqali murojaat qilinganda, Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etganda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.

Kerakli hujjat – elektron pochtangizda!
So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rilmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Davlat xizmatlari markazi ma’lumotnoma kelib tushgandan so‘ng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi. Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra, unga ma’lumotnomani elektron shaklda yoki qog‘oz shaklda muhrini bosib, mas’ul xodimning imzosini qo‘yib berishi shart.

Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.

D.Alimova tayyorladi

Manba: adolat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanseridan ma’lumotnoma qanday olinadi?