21:18 / 23.02.2020
3 305

Alisher Shodmonov: Yangi ochiladigan universitetlar, koronavirus va korrupsiya haqida

Alisher Shodmonov: Yangi ochiladigan universitetlar, koronavirus va korrupsiya haqida
Foto: Kun.uz
Xabaringiz bor Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari Turkiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytdi.
Mazkur tashrif davomida Kun.uz muxbiri O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi bir nechta hukumat a’zolari bilan suhbatlashdi.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tashrifning O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirishdagi o‘rni, tuzilgan shartnomalar, koronavirus va tizimdagi korrupsiya masalalari bo‘yicha savollarga javob qaytardi.

– O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishida va prezidentning turk tadbirkorlari bilan uchrashuvida ko‘pgina hujjatlar imzolandi. Bular orasida tibbiyotimiz rivojiga hissa bo‘ladigan qanday kelishuvlar bor?
– Aytishim kerak bo‘lgan birinchi masala: Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir nechta shartnomalar imzoladik. Shuningdek, kelgusida birgalikda qilinadigan ishlar uchun yo‘l xaritasini tasdiqlab oldik.
Shu bilan birga, Turkiya tibbiyotida qo‘llanayotgan eng ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga ham olib kelish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdik.

Tan olib aytish kerakki, bugungi kunda tibbiy xizmatni yaxshilash borasida o‘tkazilgan islohotlar tezkorligi bo‘yicha Turkiya jahonda eng ilg‘orlardan biri. Masalan, Fransiyada tibbiyotdagi islohot, tibbiy sug‘urtani joriy qilish masalalari 60 yil, Janubiy Koreyada esa 40 yil davom etgan. Bu islohotlar aynan Turkiyada juda qisqa muddatda o‘tkazildi – 40 yil.

Turkiyada aholining tibbiy yordam bilan qamrovi hozir deyarli to‘la ta’minlangan. Ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifat darajasi esa bu yo‘nalishdagi ishlarga o‘ziga xos joziba berib turadi. Shundan kelib chiqqan holda biz ham tibbiyotdagi boshqaruv, tibbiyotni moliyalashtirish, sug‘urta, undagi ilmni va sohada kadrlar tayyorlash tajribasini o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

O‘zaro kelishuvlarimiz mana shu maqsadga xizmat qilishi kerak.

– Qanday amaliy kelishuvlarga erishilganini ayta olasizmi?
– Biz sohada sifatli kadrlar tayyorlash bo‘yicha Turkiyaning bir nechta universitetlari bilan muzokaralar o‘tkazdik. Masalan, Salomatlik bilimlari universiteti. Bu – Turkiyada sog‘liqni saqlashga ixtisoslashgan yagona universitet hisoblanadi.

Biz 2019 yilda Buxoro tibbiyot institutida Turkiya bilan hamkorlikdagi ikkita qo‘shma loyihani amalga oshirgan edik. Loyiha bo‘yicha abituriyentlarni qabul qilib o‘qitish jarayonlari ham boshlandi. Bu birinchi qadam bo‘lgan. Biz shunga o‘xshash loyihalarni kengaytirmoqchimiz.

Amaliy ishlardan yana biri – Turkiyada oliy ta’lim muassasalari reytingida yuqori o‘rinda turuvchi Medipol universiteti bilan hamkorlik masalasi bo‘ldi. O‘zbekistonda shu universitet filialini ochish va universitet klinikasini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladik.

Imzolangan hujjatlar orasida Turkiyadagi yirik universitet –«Bahchishehir» (BAU) bilan shartnoma ham bor. Shu universitet asoschisi va raisi Anvar Yujel bilan muzokaralar olib bordik. Natijada O‘zbekistonda shu universitetning shifoxonasi va universitetini ochishga kelishib olindi.

2019 yil Termiz shahrida Turkiyaning «Kabinet» kompaniyasining laboratoriyasini ochgandik. Bu zamonaviy yuqori texnologik laboratoriya hisoblanadi. Tashrif davomida shunday laboratoriyalarni Namangan va Andijon viloyatlarida ochish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Nasib bo‘lsa, 2020 yilda bu laboratoriyalar ishga tushadi.

Biz tashrif davomida Turkiyaning «Kanimed Sag‘liq Cho‘zumleri» kompaniyasi bilan birgalikda Urganch va Termiz shaharlarida zamonaviy ona va bola tug‘ruq komplekslarini ochish bo‘yicha ham shartnoma imzoladik.

Bundan tashqari, Turkiyaning «Ted grup» kompaniyasi bilan birgalikda 7,5 million dollar turadigan Onkologiya markazini Toshkent shahrida ochish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Unga ko‘ra, shu yilning o‘zida hamkorlikdagi markazimiz foydalanishga topshiriladi.
Shu kompaniyaning o‘zi 2020 yilda vodiy viloyatlaridan birida va Samarqand shahrida bittadan Onkologiya markazini ochishi ham kelishib olindi.

Tashrif davomida «Dunyagoz» kompaniyasi bilan ham kelishuvga erishdik. Bu kompaniyani dunyo bo‘ylab ko‘plab tarmoq shifoxonalari bor.
Ikki tomonlama imzolangan shartnomaga ko‘ra, «Dunyagoz» O‘zbekistonda o‘z tarmoqlarini ochadi.

Tibbiyot sohasida biz uchun yana bir muhim yo‘nalish bu aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, «Ko‘chak farm» va «Poli farm» kompaniyalari bilan shartnoma imzoladik. Bu kompaniyalar asosiy ro‘yxatga kiruvchi va ijtimoiy ahamiyatga ega dorilarni ishlab chiqarishda katta tajribaga ega.

Bu kompaniyalar umumiy hisobda 700dan ortiq dori-darmonlarni Turkiya uchun ishlab chiqaradi va eksport qiladi.
Endilikda biz ushbu kompaniyalar bilan onkologik va gemotologik kasalliklarda muhim bo‘lgan dorilarni O‘zbekistonda ishlab chiqaramiz.
Bu ikki kompaniya shu oyning o‘zida O‘zbekistonga kelib, biz ko‘rsatadigan joylarda ishlab chiqarish masalalarini o‘rganib chiqadi.

– Oxirgi yillarda O‘zbekistonda shifokorlar tanqisligi ortib bormoqda. Vazirlik sohada malakali shifokorlar sonini oshirish borasida aniq dasturga egami?
– Albatta. 2016 yilda O‘zbekistonda tibbiyot sohasining o‘zida 16 mingdan ziyod vakansiyalar bor edi. Biz o‘tgan yillar davomida bu vakansiyalarni yopishni boshladik. Buni qanday qildik?
Birinchidan, o‘sha paytlarda shifokorlarimizning 1,3 stavkadan ortiq ishlashi mumkin emasdi. Biz ularga 2 stavkagacha ishlashi uchun imkoniyat berdik.

Ikkinchidan, oliy ta’lim muassasalarida bakalavr bosqichiga qabulda har yili 20 foizdan qo‘shimcha bo‘lyapti. Qo‘shimcha abituriyentlar qabul qilinyapti. Bundan tashqari, magistratura va klinik ordinaturaga qabullar kuchaydi. Biz o‘tgan 3 yil ichida 10 mingga yaqin vakansiyalarni yopdik.
Avvallari Moliya vazirligi tibbiyotdagi butun stavkalarni qirqib tashlardi. Endilikda qo‘shib berishni boshladi. Biz 20 mingdan ortiq stavkalarni tikladik. Mana shuning evaziga bizda vakansiyalar paydo bo‘ldi.

2020 yil 1 fevral holati bo‘yicha 10 mingta vakansiyamiz bor. Shundan 2 mingi umumiy amaliyot shifokorlariga va 8 mingi tor doiradagi mutaxassislar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Vazirlik tomonidan bu bo‘yicha yangi qaror loyihasi tayyorlangan. Qarorga muvofiq, klinik ordinaturadagi o‘qishlarni viloyatlar markazida va viloyatlardagi ko‘p tarmoqli shifoxonalarida ham amalga oshirishni yo‘lga qo‘yamiz. Shuning hisobiga biz yiliga qo‘shimcha mingtadan kadrlar defitsitini qoplash imkoniyatimiz mavjud bo‘ladi.

– O‘zbekistonda uchta sohani korrupsiyadan xoli sohalarga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Ular orasida tibbiyot ham bor. Vazirlik, Alisher Shodmonov tizimda korrupsiyani qanday yo‘qotmoqchi?
– Bu bo‘yicha bizda dastur mavjud. Masalan, 2020 yilni sohada korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilganmiz.
2019 yildagi amaliyotimizda birinchi bor xorijdan sotib olayotgan uskunalarimizga 110 mln. dollar ajratildi. Bunda 27 mln. dollarlik o‘g‘rilikni, korrupsiyaning oldini olib, pullarni iqtisod qildik. Iqtisod qilingan pullarga esa boshqa jihozlarni sotib olishni yo‘lga qo‘ydik.

Dori vositalarini sotib olishdagi 83 mlrd. so‘mlik korrupsiyaning oldi olindi. Shifoxonalar qurishdagi 81 mlrd. so‘mlik korrupsiyaning oldi olindi. Demak, bunga irodamiz va xohishimiz bo‘lsa, kurashsak, korrupsiyani yo‘qotsak bo‘lar ekan. Bu kurash 2020 yilda ham davom etadi.
Tizimdagi korrupsiya holatlari ishga qabul qilishda ham davom etmoqda. Biz bu borada ham shaffoflikni ta’minlashga intilyapmiz.

– Oxirgi vaqtlarda dunyo bo‘ylab katta shov-shuvga sabab bo‘layotgan koronavirusga O‘zbekistonning tayyor emasligi borasida ko‘p gapirilmoqda. Bu gaplar hattoki AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo tomonidan ham aytildi. U Markaziy Osiyo davlatlariga turnesidan keyin «Xitoyning qo‘shnilari bo‘lgan Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi davlatlarning infratuzilmasi virusga qarshi turishga tayyor emas», dedi. Albatta, bu fikrlar bizga yoqmaydi, lekin u achchiq bo‘lsa-da ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerakdek. Nahotki, O‘zbekiston bu boradagi xavflarni qabul qilishga tayyor emas?

– Birinchi navbatda aytishim kerakki, prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurashish va O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish borasida alohida farmoyishni imzoladi. Farmoyishga ko‘ra, bosh vazir raisligida favqulodda komissiya tashkil etildi. Hozirga qadar bu komissiyaning bir necha bor yig‘ilishlari o‘tkazildi. Albatta, biz virus kirib kelishining oldini olish borasida barcha ishlarni qilyapmiz.

Siz mamlakat nufuzi haqida gapirdingiz. Bu borada aytishim kerakki, Xitoy – dunyodagi ikkinchi iqtisodiyot. Lekin kasallik epidemiyasi aynan shu davlatda bosh ko‘tarib turibdi. Virus eng rivojlangan davlatlarga ham kirib boryapti, chunki bu yerda davlatning boy ekani hech narsani belgilab bermaydi. Hammasi ko‘rilayotgan choralarning qanchalik to‘g‘riligi va samaraliligi bilan bog‘liq.

Shundan kelib chiqib, bugungi kunda 12ta aeroportimizda va 5ta temir yo‘l vokzallari va 53ta chegara punktlaridagi sanitar karantin punktlarida nazorat ishlarini olib boryapmiz.

Chegaradan o‘tayotgan bemorlarning tana harorati ko‘tarilgan yoki kasallik belgilari bor bemorlarni tezda ajratib olib, ularni karantinga yuboryapmiz.
Xabaringiz bor, Xitoydan 584 nafar fuqaromiz evakuatsiya qilindi. Ularning 82 nafari kasallik o‘chog‘idan olib kelindi. Ularni 14 kun davomida karantinda ushladik. Xudoga shukr, ularning ichida virus bilan zararlanganlar chiqmadi va ularga javob berdik.

Bugungi kunda olimlardan iborat shtab va ilmiy kengash tashkil qilganmiz. Ular har kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xitoy va boshqa qo‘shni davlatlar bilan aloqa o‘rnatib, tajribalarni o‘rganib borishmoqda.
Ta’lim muassasalariga ham virusni aniqlash va uning oldini olish yo‘llari haqida ko‘rsatmalar berilgan.

Siz menga muxbir sifatida savol beryapsiz. Sizga ham shuni aytgan bo‘lardimki, bu borada sizlarning ham o‘rningiz katta. Bizda bu borada katta xavotir kelib chiqmasligi hamda to‘g‘ri yo‘l bilan profilaktik choralarni yetkazishimiz kerak.
Umuman, aholining tibbiy va sanitar madaniyatni oshirishda gap ko‘p. Bunda hamma birgalikda ishlashi kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alisher Shodmonov: Yangi ochiladigan universitetlar, koronavirus va korrupsiya haqida