16:01 / 24.02.2020
2 831

«Norasmiy blogerlar»

«Norasmiy blogerlar»
To‘g‘risini aytsam, oxirgi paytlarda «norasmiy bloger», «ro‘yxatdan o‘tmagan bloger», «duch kelgan odam o‘zini bloger deb e’lon qilyapti» degan jumlalarni tez-tez uchratyapmiz. Bunday gaplar ba’zan izoh qoldiruvchi oddiy foydalanuvchilar tomonidan, ba’zan esa davlat tashkilotlari vakillari, amaldorlar tomonidan yangramoqda.

Ammo ular bir narsani tushunmayaptiki, blogerning norasmiysi bo‘lmaydi, blogerning noqonuniysi bo‘lmaydi, bloger qayerdadir ro‘yxatdan o‘tishi shart emas.

Shu kabi fikr bildirayotganlar «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasini yaxshilab o‘qib ko‘rishlarini iltimos qilardim. Qonun bo‘yicha, ijtimoiy tarmoqda o‘z fikrini bildirib boradigan BARCHA shaxslar — bloger.

Aytaylik, agar Feysbukda 2 mln o‘zbekistonlik sahifa ochib, fikrlarini yozib borsa, demak, bilingki, o‘sha 2 mln fuqarolarning barchasi bloger hisoblanadi. Agar Telegramda 10 ming kishining kanali bo‘lsa, demak bilingki o‘shalarning barchasi bloger. Bu yerda blog ochgan shaxslarning ish joyi, lavozimi, yoshi, ma’lumoti yoxud necha nafar obunachisi borligi muhim emas.

Vazirning Feysbukda o‘zi yuritadigan sahifasi bormi, vazir ham bloger. Deputatning Telegramda kanali bor, o‘sha deputat ham bloger. Sizning ham istalgan ijtimoiy tarmoqda istalgan mavzuda o‘z fikrlaringizni yozib boradigan sahifangiz bormi, demak Siz ham blogersiz. Buni men to‘qib chiqarmaganman, qonunda shunaqa yozilgan.

Gap-so‘zlar o‘z yo‘liga, ammo blogerlar bo‘yicha qandaydir choralar ko‘rish yo‘lida rasmiy harakatlar ham boshlanganga o‘xshaydi.

Yaqinda muhokama uchun e’lon qilingan 2020 yilgi Davlat dasturi loyihasining 286-bandi ko‘pchiligimizning nazarimizdan chetda qolib ketibdi.

Jumladan, ushbu bandda elektron jurnalistika, blog yuritish va elektron axborot vositalari orqali fikr bildirish faoliyatining huquqiy mexanizmini belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, fikr bildiruvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

To‘g‘risi yuqoridagi banddagi takliflar shu darajada chalkash va aralashki, loyihani tayyorlaganlar aynan nimani nazarda tutayotganini bilish qiyin. Har holda bilvosita senzuraning hidi ham kelmoqda.

Ayniqsa, ushbu bandga qoldirilgan izohlarni ko‘rib, maqsad ko‘proq blogerlarni bo‘g‘ishmikin degan xayolga borib qoladi odam. Masalan, Xorazm viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘limi quyidagicha taklif qoldirgan:
«Ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan Blogerlarning faoliyatini qat’iy tartibga solish, ularning etika, estetika madaniyatini oshirish. Viloyatlarda ular uchun maxsus o‘quvlar tashkil etish».

«Yuksalish» harakatining Xorazm viloyati bo‘linmasi esa mana bunday taklif bildirgan:
«Noprofessional, ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan bloger (shaxs)lar tomonidan ijtiomiy tarmoqlarda ma’naviyatsizlik, axloqsizlikni targ‘ib etishga qaratilgan ma’lumotlar (foto, video va boshqa)ni tarqatganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish lozim. Amaliyotda o‘zini bloger sifatida ijtimoiy tarmoqlarda tanishtirib, fuqarolar bilan turli sabablar bilan janjallashib, yuzi qonga belangan holda ijtimoiy tarmoqlarga videolar joylash holatlari va boshqa holatlar ko‘p».

Bir narsani tushuninglar, agar kimda-kim internet orqali kimnidir haqorat qilsa, kimgadir tuhmat qilsa, kim bilandir janjal qilsa, ursa yoki kaltak yesa, bunday holatlar shundoq ham qonunlarimizda tartibga solingan, qonunbuzarlar uchun tegishli jazo bor. Aynan blogerlar uchun yangi narsa o‘ylab topish shart emas.

Har tugul 3 ta taklif bildiruvchi orasida bittasi masalaga anchayin mantiqiy yondoshibdi. Jumladan, u shunday yozadi:

«1. Fikr bildiruvchilarning majburiyatlarini bildirish xalqaro me’yorlarga va konstitutsiyaga zid keladi. shundoq ham ma’muriy javobgarlik kodeksi va jinoyat kodeksida so‘z erkinligini ta’minlashga teskari bo‘lgan yetarlicha moddalar mavjud.
2. Freedom of the Press xalqaro so‘z erkinligi indeksida yanada pastga sho‘ng‘ishga sabab bo‘ladi.»

Haaa, nimasini aytasiz, bizni oldinda anchayin qiziq jarayonlar kutib turibdi shekilli.

Har holda yuqoridagilar shunchaki taklif va loyiha xolos. Imzolanishdan oldin hali yana sinchiklab ko‘rib chiqilsa kerak. Balki xavotirlarimiz asossizdir. Ishqilib shunday bo‘lsin-da...

Manba: @xushnudbek

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Norasmiy blogerlar»