00:02 / 25.02.2020
4 661

Qanday bolalar zo‘ravon bo‘lib ulg‘ayadi?

Qanday bolalar zo‘ravon bo‘lib ulg‘ayadi?
Farzand tarbiyasi o‘ta nozik masala. Shuning uchun ham bola tarbiyasida, avvalo, oiladagi ma’naviy muhit, ota-onalarning o‘zaro munosabatlari, mutanosiblik, murosa yo‘lini tanlay bilishi juda muhim hisoblanadi.

Qaysi oilada kitob o‘qish, bilim olish, ilm egallash, kasb-hunarga qiziqish, mehnatsevarlikka o‘rgatish kabi tarbiya usullari qo‘llanilsa, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish, mehr-oqibat tushunchalari bobo-buvi, ota-ona tomonidan dasturxon atrofidagi suhbatlar jarayonida singdirilsa, u xonadonda ulg‘aygan bola jamiyatga, odamlarga nafi tegadigan, insonning qadriga yetadigan, Vatanni chin dildan sevadigan inson bo‘lib voyaga yetadi.

Yengil-yelpi yo‘l bilan boyib ketgan, barcha narsani pul bilan o‘lchaydigan, harom-harishdan qo‘rqmaydigan, vijdoni o‘rnida nafs hukmron bo‘lgan muhitda o‘sgan o‘g‘ildir, qizdir kibr-havoli, manmanlik kasaliga chalingan bo‘ladi. Ba’zan o‘quv maskanlarida, ba’zan ko‘cha-ko‘y, jamoatchilik joyida turli tartibbuzarliklar, buz­g‘unchiliklar sodir etayotganlar ham aynan shu toifa o‘g‘il-qizlar ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Ota-onasi chet eldan uzatib turgan pullar evaziga yarim tungacha sang‘ib, yurgan bolalar nazoratsizlik, e’tiborsizlik oqibatida janjalkash, jizzaki, zo‘ravon bo‘lib ulg‘ayadi. Chunki, hech kim onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. O‘z joniga qasd qilayotgan voyaga yetmaganlar haqida film tayyorlash jarayonida bunday holatga tushgan bolalarning ruhiyatini o‘rgandim.

Oiladagi ma’naviy muhitning nosog‘lomligi, ota-ona o‘rtasidagi munosabatlarning nomutanosibligi, farzandlar tarbiyasi e’tibordan chetda qolib ketishi aksariyat fojialarning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan. O‘z joniga qasd qilib, yordam ko‘rsatilishi oqibatida hayoti asrab qolingan shofirkonlik o‘smir G‘ulom Sobirovning (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) aytishicha, uni ota-onasi muntazam o‘zlari bilmagan holda kamsitib kelgan.

Qo‘shni yigit Baxtiyor undan ming marta afzalligini, a’lo baholarga o‘qish bilan bir qatorda, ota-onasi chizgan chiziqdan yurishi haqida tinmay gapirib kelishgan. Natijada G‘ulomda o‘ziga nisbatan ishonch yo‘qola boshlagan. Vaziyat shu darajaga kelib qolganki, u ruhiy tushkunlik holatida «Hech kim meni yaxshi ko‘rmaydi, men hech kimga kerak emasman», degan xulosaga kelgan. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Har bir ota-ona farzandining xarakter xususiyati, qiziqishlarini inobatga olib muomala qilishi, milliy qadriyatlarimizni ongiga singdirish uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazishi shart emas. Ammo, oilalarda aksariyat tarbiyaviy o‘gitlar hayot jarayonida berib boriladi. Tarbiyaning nozikligi ham shunda. Mazkur jarayonda qaysidir ota-ona farzand tarbiyasida qattiqqo‘llikni afzal ko‘rishib, o‘zlari bilmagan holda bolaga tazyiq o‘tkazishadi. Ortiqcha taqiqlar, sababsiz dakki berish, jazolash oqibatida bolaning bolaligini o‘g‘irlab qo‘yishadi.

Muntazam kaltaklangan yoki qo‘pol muomala bilan tarbiyalangan bola qo‘pol, shafqatsiz, hatto jinoyatga moyil bo‘lib ulg‘ayadi. Masalan, ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatida yashaydigan qo‘shnimizda 3 o‘g‘il, birinchi qavatdagi hamsoyada 2 o‘g‘il va bir qiz ulg‘ayganini eslayman. To‘rtinchi qavatdagi qo‘shnining otasi juda qattiqqo‘l, qachon qaramang, uyidan bolalarning yig‘lagan ovozlari eshitilib turar, ba’zan havoning sovuq kunlarida ham yupun holatda ko‘chada diydirab turgan bosh farzandni uchratardim.

«Kech bo‘ldi, uyga kirsang bo‘lmaydimi», degan savolimga: «Dadam uyga qo‘ymaydilar…» derdi. Keyinchalik bilsam, ukalari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun akani jazolash — bu oilaning tarbiya uslubi deb qabul qilingan ekan. Shu bolalarning taqdiri nima bo‘ldi? Katta o‘g‘il hayotda o‘z o‘rnini topolmadi. Chunki u qo‘lidan ish kela boshlagan paytda ukalarining o‘qishi uchun bozorda arava tortdi. Endi esa ichkilikka berilib, men ukalarimni o‘qitdim, endi ular meni boqishsin, deya ota-onasiga boqimanda bo‘lib qolgan. Noto‘g‘ri tarbiya oqibatida far­zand­dan ota-ona ham bezor.

Pastki qavatdagi yigitlar to‘g‘ri tarbiya bois otalaridan erta qolishgan bo‘lishsa-da, onalarini, singillarini juda qadrlashadi. Mahallada obro‘-e’tiborga ega. Men noto‘g‘ri tarbiya tufayli hayotini qiyinlashtirgan yigitni qoralay olmayman.

Bola qalbi beg‘ubor. Uni oppoq qog‘ozga qiyoslashadi. Ana shu oppoq qog‘ozni ezgulik, yaxshilik, mehr-oqibat, vatanparvarlik kabi milliy qadriyatlarimiz bilan to‘ldirish ota-ona, bobo-buvining oiladagi tarbiyasiga bog‘liq.

Milliy qadriyatlarimiz asosida ajdodlarimizga munosib tarzda tarbiyalangan yigit-qizlar davlatning, jamiyatning, millatning baxti. Farzandlar tarbiyasi oldidagi mas’uliyatni his etish, majburiyat yukini anglash, avvalo, Vatan, xalq oldidagi mas’uliyatni dilda tuyish bilan bir qatorda fuqarolik burchi hamdir.

Mohira Shakarova,
«Oila» IAT markazi Buxoro viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi

Manba: Huquq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qanday bolalar zo‘ravon bo‘lib ulg‘ayadi?