16:50 / 25.02.2020
3 811

Sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan hukm chiqarildi

Sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan hukm chiqarildi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan sobiq bosh prokuror Otabek Murodov hamda DXX sobiq raisi I.Abdullayev va uning o‘rinbosari J.Igamovlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, yetmishdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib, muhokama qilindi. Dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi O.Murodovni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sudlanuvchi O.Murodovga nisbatan jazo chorasini belgilashda sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi.

Xususan, sudlanuvchining sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko‘ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam berganligi hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘la qoplanganligi e’tiborga olindi.

Natijada, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlar e’tiborga olinib, O.Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sudning hukmiga ko‘ra, I. Abdullayevga 19 yil, J. Igamovga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Eslatish joizki, Otabek Murodov O‘zbekiston tarixidagi eng yosh bosh prokuror bo‘lib, u 2018 yil 31 yanvaridan 2019 yilning 20 iyunigacha mahkamaga rahbarlik qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga nisbatan hukm chiqarildi