13:38 / 28.02.2020
4 115

Huquqingiz buzilsa, birinchi kimga murojaat qilishni bilasizmi?

Huquqingiz buzilsa, birinchi kimga murojaat qilishni bilasizmi?
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga har kuni bir qancha murojaatlar kelib tushadi. Ular mazmun mohiyatiga ko‘ra bir biridan farq qilsa-da, ko‘p hollarda sotuvchi ongli ravishda xaridorga nisbatan nohaqlik qilgan bo‘lib chiqadi yoki iste’molchi o‘z huquqini yaxshi bilmaganligi tufayli huquqiy ko‘mak uchun murojaat qiladi.

Misol uchun yaqinda Farg‘ona tumanida yashovchi X.Toshbekov o‘zi yashab turgan xonadoni 8 sotix (0,08 ga) bo‘lib, unga joriy yil uchun 16 sotixga soliq to‘lovlari chiqarilganidan noroziligini bildirib, holatga aniqlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Tuman jamiyati tomonidan fuqaroning murojaati bo‘yicha Yermulkkadastr Farg‘ona tuman filialiga hamda tuman Davlat soliq inspeksiyasiga aniqlik kiritish bo‘yicha so‘rov xatlari yuborildi. Shuning bilan birgalikda, fuqaro yashab turgan xonadoniga borib, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ishtirokida xonadonning haqiqatdan 8 sotixligi haqida dalolatnoma tuzildi.

O‘rganishda tuman kadastr bo‘limi mutaxassislari 2019 yil holatiga bazada fuqaro nomida 13 sotix yer mavjudligi va fuqaro 2014 yilda boshlagan kadastr hujjatlari ikki nusxada tayyorlanganligi, lekin uning ye’tiborsizligi oqibatida o‘zida saqlab, bir nusxasini kadastr bo‘limiga topshirmaganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari natijasida fuqaroning kadastr hujjatlari bo‘yicha yer maydoni 8 sotixga to‘g‘irlanib, yangi kadastr raqami berildi va ma’lumotlar bazasiga kiritildi.

Yana bir holat To‘raqo‘rg‘on tumani Oqtosh mahallasida yashovchi fuqaro Abdug‘appor Rahmonov Chust tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ariza bilan murojaat qildi. Unga ko‘ra Chust shahridagi do‘konlarning biridan Artel rusumli konditsioner xarid qilgan. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, uning nosoz ekanligi aniqlangan.

Bu noqulay holatni bartaraf etish maqsadida A. Rahmonov Artel belgisi ostida ishlab chiqarilgan maishiy elektrotexnika vositalariga servis xizmati ko‘rsatuvchi “NЕW Profi Technology“ MCHJga murojaat qilgan. Servis xizmati xodimlari iste’molchining xonadoniga kelib, konditsionerni tekshirib ko‘rgach, mahsulotning ichki va tashqi agregatlari bir-biriga mos kelmasligi, ya’ni mahsulot 410 gazga ishlashi, tashqi agregatga R22 gazga ishlaydigan kompressor qo‘yilganligi aniqlandi. Bu borada do‘kon mudiriga aytib, tovarni almashtirib berishini so‘rab bir necha bor murojaat qilganiga qaramay faqat rad javobini olgan. Natijada, o‘z huquqini tiklash maqsadida jamiyatga murojaat qildi.

Jamiyat mutaxassislari bu borada tadbirkorni bir necha bor ogohlantirishdi.
Biroq, mas’uliyatni sezmagan do‘kon mudiri “bajaramiz” dan nariga o‘tmagan. Natijada ish sudga oshirildi.

Chust tumanlararo sud binosining majlislar zalida ochiq sud bo‘lib o‘tdi ammo javobgar H.Ye.garchi sud majlisining vaqti va joyi haqidagi xabar orqali tegishli ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa-da, sud majlisida ishtirok etmadi. Va sud fuqarolik ishini O‘zbekiston Respublikasi FPKning 280-moddasiga ko‘ra javobgarning ishtirokisiz ko‘rishni lozim topdi va bu holatga da’vogar ye’tiroz bildirmadi.

Sud da’vogar va manfaatdor fuqaroning so‘zlarini tinglab, hujjatlar bilan tanishib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va Fuqarolik Protsetsual Kodeksining bir qator moddalariga asosan javobgardan iste’molchi A.Rahmonov foydasiga ma’naviy zarar uchun 200 000 so‘m va 690 000 so‘m penya undirish haqida qaror chiqarildi. Davlat foydasiga yesa 1 115 000 so‘m davlat boji to‘laydigan bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida yashovchi fuqaro M.Haydarova esa Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatida yakka tartibdagi tadbirkor J.Rasulovdan sotib olgan “SAMSUNG” smart 43 rusumli televizori kafolat muddati ichida yaroqsiz holatga kelganligi, sotuvchi uning qonuniy talablariga quloq osmayotganligi, nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan iste’molchi murojaatini o‘rganish davomida sotuvchi bilan uchrashilib, unga amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha iste’molchi huquqlari, sotuvchining majburiyatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgach, sotuvchi nuqsonli tovarni maqbul sifatlisiga almashtirib berishga qaror qildi. Iste’molchining qonuniy talablari qondirilib, uning huquqlari tiklandi.

Ma’lumot uchun: “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi bo‘yicha, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida yesa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Huquqingiz buzilsa, birinchi kimga murojaat qilishni bilasizmi?