09:51 / 25.11.2016
13 904

Ko‘zmunchoq

Ko‘zmunchoq

U o‘zida yo‘q xursand. Ko‘ngli masrurlik shavqini totayotgan edi. Xayolida o‘sha go‘zal kulibgina turibdi. Soatiga qaradi. Yana bir soatcha bor ekan. Ana shu bir soat ham o‘tsa bas, u bilan uchrashadi. Kayfiyati balandligini xotinidan yashirishga urindi. Bugun shanba, dam olish kuni. Dam olish kuni, hatto ko‘chaga ham chiqmas, televizor tagida yonboshlab yotaverar edi. Bugun ko‘chaga chiqadi. Xotiniga: «Zarur bir ishim bor, kechroq kelishim mumkin», dedi, xolos. Soddagina, hech narsadan bexabar xotiniga ko‘ylak va shimini qilichdek qilib dazmollatdi. Soqolini obdon qirtishladi. Mashinaga o‘tirib, kalitni burasa, bas etadi…

Ularning ish joylari yonma-yon edi. Bu ikki jamoa xodimlarini asosan tashqaridagi doimo shildirabgina oqib turadigan jo‘mrak uchrashtirib turadi. Kimdir suv ichgani, kimdir chelak ko‘tarib, kimdir qo‘l yuvgani tushadi. Shunday paytlarda qo‘shnichilik odatiga ko‘ra, u yoq bu yoqdan gap-so‘zlar bo‘ladi. Ular ham dastlab shu erda uchrashib qolishdi. Yuzi tip-tiniq, qunduz qosh, chap kulguchi yonida mittigina xoli bo‘lgan bu juvon gultuvakdagi gulga suv quyayotgan ekan.

— Hormang, — dedi u beixtiyor go‘zalgina juvon bilan bir lahza bo‘lsa-da, gaplashgisi kelib.

— Keling, yaxshimisiz? — dedi juvon ham mayinlik bilan qarab. Shunda u nari borsa yigirma besh yoshlar atrofidagi bu juvonning ko‘zlari ham favqulodda chiroyliligini ko‘rib, hayrati oshdi va gapirolmay qoldi. Juvon gultuvakni ko‘tarib joyidan jildi. U esa kalovlanib, ortidan ko‘zini uzolmay qoldi. Shu-shu bo‘ldi-yu, u o‘sha juvon haqida o‘ylaydigan, ko‘rib turishga orzumand bo‘lib qoldi. U haqida surishtirdi ham. Bir qizchasi bilan ota-onasinikida yashar ekan. Eri uni rashk qilaverib, qizg‘anaverib ruhiy xastalikka chalinganmish. Bu gapga unchalik ishonmadi. Chunki eri hozir boshqa turmush quribdi…

U derazadan tashqariga qarab turadigan bo‘lib qoldi. Go‘zal juvonga bo‘lgan ilinj kuchayib borar edi. Uning suv tomonga o‘tganini ko‘rishi bilanoq, choynakchasini olib yugurgilardi. Bir-ikki og‘iz gaplashishardi. Jamolini ko‘rish, cho‘lpon ko‘zlaridan hayratlanishlar, ikki og‘iz co‘zini eshitish unga farog‘at bag‘ishlar edi. Ko‘nglidagini aytgisi kelardi, lekin botinolmasdi. Go‘zal esa beparvodek tuyilardi… Lekin bir safar yuragidagi o‘tni yutib unga: «Shu erga sizni ko‘rish, gaplashish uchun tushaman, xolos», dedi. Boshqa hech narsa demadi, tosh qotib qarab turaverdi. Go‘zal esa indamadi, qaramadi ham, ishxonasiga kirib ketaverdi… keyin nimadir bo‘ldi. Suv oldida, ko‘chada uchrashganlarida qandaydir yaqinlik uyg‘ongandek tuyilaverdi. Bir safar go‘zal uning huzuriga elim so‘rab chiqdi. Ba’zida telefonlashib ham turishdi. Bir bayramda, yo‘lini qilib tabriknoma bilan sovg‘a berdi. O‘ziga ham vatan himoyachilari kunida sovg‘a qaytdi. Hovli ikki ishxona uchun bitta edi. Nima sababdandir bir safar shu hovlida ikki idora hodimlari Navro‘z bayramini birga nishonlashdi. Bundan juda xursand bo‘ldi. Go‘zal elib-yugurib, xizmat qildi. Ko‘pchilikning ko‘zi unda edi. Uning ham. Ko‘z bilangina emas, qalbi bilan boqardi unga. O‘yin-kulgi boshlanganda birga raqs ham tushishdi… Bayramdan so‘ng uni tashqarida kutib turdi. Shirakayf edi. U ham chiqdi, lekin beparvogina, hatto xurkibgina. Ikki hamkasb dugonasi bilan o‘tib ketdi. Orqalaridan ergashdi, nimadir demoqchi edi, deyolmadi. Go‘zalning dugonalari ham nimadir degandek bo‘lishdi, anglolmadi…

Ertasi kuni o‘zini rosa koyidi. Undan kechirim ham so‘rab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Shunda xayoliga bir fikr keldi. Xonasini ichidan qulflab, bir varaq qog‘ozga ko‘nglidagi bor gapni yozdi. Oxiriga: «ko‘rib tursam bas», deb qo‘shib qo‘ydi. Bu maktubni ham yo‘lini qilib uch kundan so‘ng etkazdi. «Nima derkan», deb o‘ylab, ezilib, to‘lib yurdi…

Uning sabri chidamadi. Bir kuni tavakkal qilib go‘zalning ish xonasiga kirdi. Baxtiga xonasida yolg‘iz o‘tirgan ekan. Sehrli ko‘zlar muloyimlik bilan kutib oldi. Nazokat bilan bir piyola choy uzatdi. Bu unga mehr-muhabbat ifodasidek bo‘lib tuyildi. U yana o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Oxiri:

— Sizni bu erdan opqochib ketaman, — dedi.

— Qayoqqa? — so‘radi go‘zal.

— O‘zim bilaman! — dedi u.

— Men ham bilishim kerak, — dedi go‘zal erka ohangda.

— Hammasini o‘sha erga borganimizda aytaman, — dedi u.

Go‘zal bir fursat jim qoldi. So‘ng:

— Mayli qachon…qachon? — dedi ko‘zlarini opqochib.

— Ertagayoq. Ertaga dam olish kuni shanba, soat o‘nda Farg‘onaga burilish yo‘lida turing!

Kechagi va’da bo‘yicha bugun uchrashishadi. Bu erlardan, tashvishlardan uzilib chiqib ketishadi. U visol oldidan hovliqqanicha mashinasi tomon yurdi, shunda beixtiyor cho‘ntagiga qo‘lini soldi. Yo dastro‘mol yo pulini bilib qo‘yish maqsadida. Ikkovi ham joyida ekan. Qo‘li cho‘ntagi ichidagi kichik bir narsaga yo urildi yo tegib ketdi. Oldin cho‘ntagida bunday ortiqcha narsa bo‘lmas edi. Nimaykin? U qiziqsinib, gumonsirash bilan cho‘ntagi ichidagi o‘sha kichik narsani yana paypaslab ko‘rdi, qattiqroq ekan. Keyin shartta oldi. Ko‘zmunchoq ekan!..

Ko‘nglidagi zavq-shavqlar, uydagi visol ilhaqligi, intiqligi negadir parcha- parcha bo‘linib, qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Mashina oldiga borolmay kaftidagi mitti qahrabo parchasiga o‘xshash ko‘zmunchoqqa boqqanicha serrayib turaverardi. U hammasini unutgan, ko‘ngli bo‘shab qolgan edi. Ko‘zmunchoqni kaftida mahkam quchgancha ortiga qaytdi. Peshayvon so‘risida o‘tirdi. Ko‘zlari, ko‘ngli kimnidir qidirib, izlab qoldi.

— Adolat! — chaqirdi u xotinini.

— Ha, hozir, — degan ovoz keldi hovli tarafdan. Zum ichida tomorqada kuymalanib chiqqan o‘zining soddagina, ochiqko‘ngil, ishonuvchan xotini ko‘rindi.

— Labbay, dadasi, haliyam ishga ketganingiz yo‘qmi? Kech qolayapman, deb shoshilayotgan edingiz-ku?!

— Oyog‘im tortmay qoldi, — dedi u past ovozda. Qarshisida javdirab qarab turgan xotiniga tikildi. — borgim kelmayapti. Kel, o‘tir…

Xoliqnazar JO‘RABOEV

Manba: mulohaza.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ko‘zmunchoq