13:45 / 26.11.2016
11 538

Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari…mi?

Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari…mi?

Turmushga uzatilgan qiz haqida so‘z ketsa, har qanday odam to‘qson to‘qqiz xil hayotiy voqeani misol keltirishi aniq. Zero, bu borada har kimning o‘z aytadigan so‘zi, fikri va haqiqatlari bor, deyiladi Darakchi nashrida.

1-VAZIYaT

«Ezgulik yo‘lida hiyla ishlating!»

Fazilat, kelin: — Turmush qurganimga o‘n ikki yil bo‘ldi. Uch nafar farzandim bor. Bundan to‘rt yil avval qaynsinglim oilasidan ajrab, bolasi bilan biznikiga keldi. Shu sabab qaynonam bizni sig‘dirmay, ijara uyga chiqarib yubordi. Erimning qo‘lida tayinli ishi yo‘q. Vaqtinchalik topgan ishidan olgan pulini ham onasiga beradi. U kishining chizgan chizig‘idan chiqmaydi. O‘zim hamshiraman. Yaqinda tug‘ruq ta’tilim tugab, ishga chiqmoqchiman. Qaynonam esa, odatdagidek, oilaviy hayotimizga aralashishda davom etayapti. Yaqinda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun kredit olgandik. Hozir shunga ham egalik qilish harakatida. O‘g‘lingga sunnat to‘yi qil, deb holi-jonimizga qo‘ymayapti. Qanday yo‘l tutaylik? Axir, hali uy-joy qilishimiz kerak. Qachongacha ota-onamga qaram bo‘lib yashayman? Eydigan nonimizgacha akalarim, ota-onamdan pul so‘rashdan zada bo‘lib qoldim.

Tahlil. Nega, ayrim erkaklar bunchalik bo‘shang? Axir, ota-onalarimizni bizga bog‘lab bermagan-ku! Ular keksayishadi, dori-darmon, uy-joy, oziq-ovqat uchun biz yordam berishimiz kerak bo‘lgan paytda non so‘rab o‘tirsak-a! Agar Fazilatning gapiga ishonilsa, qaynona har doim ham to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydigan ko‘rinadi. O‘zi har kunini amal-taqal o‘tkazib, hammadan yordam kutib, yana ijarada yashaydigan oilaning sunnat to‘yi o‘tkazishidan kimga naf bor? To‘qni to‘ydirgan bilan obro‘ topiladimi? Farzandni halollash uchun el-yurtga osh berish kerak, degan qoida hech qayerda yo‘qku!

Echim. Fazilatga ham oson emas, u turmush o‘rtog‘ini uddaburonu tadbirkorga aylantirish yo‘lida ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi. Bolalariga vatan qurish uchun esa birgalikda mehnat qilish shart! Kredit olingan ekan, endi uni aql bilan ishlatish zarur. Har oy to‘lov to‘laganga yarasha foyda ko‘rish mumkin bo‘lgan biror ishni yo‘lga qo‘yish darkor.

Men bilgan bir ayol ishdan bo‘shab, uyda televizor yoniga mixlanib o‘tirishga odatlanib qolgan erini hiyla yo‘li bilan qanday ishga solganini aytib bergan edi. Ayol eri uydan ko‘chaga chiqishi bilan uch bolasini etagiga solarkan-u, onasinikiga borib, ularning qornini to‘yg‘azib kelar ekan. Bir-ikki kun shu tariqa hayot kechirgach, eri insofga kelgan, uyda egulik hech vaqo yo‘qligiga chidab tura olmay, ishga tushib ketgan. Mardikorlik, qorovullik qilib, ro‘zg‘or tebratgan. Keyinroq esa u mashina tuzatadigan bir yigitga shogird tushib, qo‘li gul ustaga aylandi.

2-VAZIYaT

Toparmon kelinning “karomat”i

Mavjuda, qaynona: — Bundan uch yil burun Bulung‘urdan kelin tushirdim. Qudalarim “Qizimizning ro‘zg‘or ishiga uquvi yo‘q, ammo o‘zi yaxshigina tikuvchi”, deyishdi. Qo‘lida hunari bo‘lsa, xizmatimni qilmasa ham, oilamga moddiy tomondan tirgak bo‘lar, deb o‘ylagandim. Hozir kelinim Bulung‘urda sexda ishlaydi. Har oy 3-4 million so‘m daromad kiladi. Ammo uyga bitta non ko‘tarib kelmaydi. Yo ro‘zg‘or ishiga qarashmaydi. Shu paytga qadar kelinlarimning birortasi ko‘zimga tik qaramagan. U esa o‘g‘limni olib, uydan chiqib ketdi. Endi hovlini mening nomimga o‘tkazsangiz, qaytaman, deyapti…

Tahlil. Istaymizmi-yo‘qmi, qaynona-oyijonimiz bu kelinim moddiy ko‘makchi bo‘lsa, qolganlari xizmatimni qilar, deb o‘ylaganlari rost. Xo‘sh, bu fikrning nimasi yomon? Albatta, noma’qul tomoni yo‘q. Chunki, ona o‘g‘lining pul bilan muomala qilishni eplolmasligiga aqli etgani uchun unga toparmon-tutarmon xotin olib berishni maqsad qilgan. Kutgani bo‘lmadimi? Bo‘ldi, kelin pul topayapti, faqat qaynona buning huzurini ko‘rmayapti. Ishdan charchab keladigan kelin esa xizmat qilgisi kelmay, erini olib, boshqa uyga chiqib ketgan. Ammo bu o‘rinda kelinni ham yaxshi ish qilgan, deb bo‘lmaydi. Undan hech kim katta oilani boqishni talab qilmayapti. Shunchaki yoshi ulug‘ odamni hurmat qilib, topganidan ozginasini ro‘zg‘orning kam-ko‘sti uchun berib tursa, olam guliston bo‘lardi.

Echim. Shunday kelinlar borki, eri pul topmasa ham, qaynonasi bilan bahamjihat yashab, oila birligini saqlashga harakat qiladi. Ishlab topganini qaynonasiga tutqazadi, yoshi katta odamning pulni kerakli joyga sarflashiga ishonadi. Balki, tikuvchi kelin hammaniki bo‘lgan uy-joyga hissa qo‘shgisi kelmay, mustaqil hayot kechirishni istagandir. Qaynona-oyijon, ehtimol, keliningiz yoshlik qilib, chuqur mushohada yurita olmayotgandir. Sizni tushunmagan odam bilan kurashib o‘tirmang. Hali bolalari ko‘paysa, yordamingiz, maslahatingiz zarur vaziyatlarda qadringizga etadi. Onasinikiga pul tashiyotgani rost bo‘lsa, o‘ylab ko‘ring-chi, biror lozim andangizni kattaroq so‘rab, qudangiz tarafni qiynab qo‘ymayotganmikinsiz? Ko‘pincha, kelinlar onam beshik to‘yda tuzukroq narsa olib kelsin, qaynonamga yoqsin, deb zimdan yordam berishi mumkin. Yana shunisi ham borki, agar keliningiz o‘z oilasining kelajagi uchun pul yig‘ayotgan bo‘lsa, bundan faqat xursand bo‘lish kerak.

3-VAZIYaT

“Xudbin xotinga yo‘liqdim”

Botir, er: — Yoshim 29 da. Shu yoshga kirguncha ilmiy ish qilib, fan nomzodi bo‘ldim. Bilasiz, ilm bilan shug‘ullangan odamga har jihatdan moddiy-ma’naviy ko‘mak zarur. Shungami, o‘ziga to‘q oiladagi bir qizga uylandim. Xotinimga to‘ydan avval rejalarim katta ekanligini, o‘qishni tugatgach, to‘laqonli ishlay olmasligim, aspirantning oyligi katta bo‘lmasligini tushuntirgandim. U hammasiga rozi bo‘lib, men bilan turmush qurdi. Ammo to‘ydan keyin ikki-uch oy o‘tgach, uyimizda har kuni pul sabab janjal bo‘laverdi. Xotinim meni yolg‘iz katta qilgan, hamma narsaga ko‘nadigan, qaynonalik ham qilolmaydigan mushtipar onamni qoloqlikda, oilamizni esa nochorlikda ayblay boshladi. Qulog‘im tinchisin, deb qachon xohlasa, o‘shanda onasinikiga borishiga ko‘naverdim. Qaynotam yomon odam emas, meni to‘g‘ri tushunib, qizini koyib turardi. Shundayam u erkalik qilib, kuni bo‘yi onasi bilan bozorma-bozor, kafema-kafe yurishni odat qildi. Xotinimning fikricha, bizning uyda “minimum” hayot kechirilar ekan. Qaynotam esa qizi istaganidek, ro‘zg‘orimizni “maksimum” darajada butlab bergan paytlar ham bo‘lgan. Ammo undan boshqa kuyovlariga o‘xshab uy, mashina singari sovg‘alar olmaganman.

O‘tgan yillar mobaynida ichimdan zil ketib yashadim. Oradan to‘rt yil o‘tib, fan nomzodi ham bo‘ldim. Dissertasiyamni xorijiy tilda himoya qilganim bois, chet elliklar bilan hamkorlik shartnomasi imzolashga muvaffaq bo‘ldim. Mana, endi oyligim ham katta. Ammo xotinim baribir topganimga qoniqmaydi. Uyidan yanada ko‘proq pul tashiydi. Bizga emas, o‘ziga ishlatgani bilan, baribir, oxirgi paytda buni g‘ururim ko‘tarmayapti. Ustiga-ustak o‘rtamizda bola ham yo‘q. Shamollashi borligini aytadi-yu, davolanishga urinmaydi. Avvallari “Kandidat bo‘lib olsangiz, tug‘aman” deya kulardi. Mana o‘sha kun keldi. Ammo u shifokorga borishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. O‘zim esa sog‘lomman, nazarimda, xudbin xotinim faqat o‘zi uchun yashashga o‘rganib qolgan. Meni aldab, atay homilador bo‘lmayapti, ko‘zimga cho‘p suqayapti.

Tahlil. Avvalboshdan sabr qilmaydigan, katta og‘iz qizga ko‘ngil qo‘ygan olim yigit oxiri shunday bo‘lishini bila turib, shu qarorga kelgan. Kelin esa vaqt o‘tgani sayin ulg‘ayish o‘rniga, yosh bolaga o‘xshab, yanada balandroq ovozda “Menga konfet berasan” deya xarxasha qilishda davom etayapti. Jilovi bo‘sh qo‘yilgan xotin otasi ko‘rsatgan yordamlar haqida aytib, buni erining yuziga solishni ham odatga aylantirgan. Endigina ishi o‘nglangan, moliyaviy imkoniyatlari yaxshilangan erning ba’zi ta’qiqlari unga erish tuyulayapti. “Yaqinda kim eding-u, endi kim bo‘lding, uyimdan kelgan go‘shtga ovqat qilib eganding, ana endi uyimdan kelgan pul yomon bo‘lib qoldimi”, degan fikr uni tinch qo‘ymayapti.

Echim. Kelinposhsha, biroz tin oling! Oilangiz bilan ajrashish fikrida bo‘lganingizda, eringizni yoqtirmaganingizda o‘sha paytdagi qiyinchiliklardayoq undan voz kechgan bo‘lardingiz, to‘g‘rimi? Bizningcha, sizda bunday fikr yo‘q. Andishaning otini qo‘rqoq, demang. Chiday olsangiz-olmasangiz, eringiz sizdan voz kechib yuborishi sizga qaraganda osonroq. Chunki unga bola tug‘ib berishdan bosh tortayapsiz. To‘g‘ri, avvaliga buning uchun sabablaringiz etarli bo‘lgan. Shu bois sizni ko‘p ham ayblab bo‘lmasdi. Lekin endi-chi? Endi nimani kutayapsiz? Akademik bo‘lishinimi? Yolg‘izlikda farzand o‘stirgan qaynonangizni mensimas ekansiz, o‘g‘liga tegib, nima qilardingiz? Nega, unga yaxshi muomala qilmaysiz? Nabirali bo‘lishdek baxtdan uni mosuvo etmoqchisiz? Eringiz bilan faxrlaning. U dugonalaringiz, opa-singillaringiz kabi sizni xorijiy mashinada, hashamat ichida yayratib qo‘ymagandir, lekin uning boshqalarga nisbatan ustun tomonlari borligini bilasiz-ku! Aqlingizni yig‘ib olmasangiz, eringizni, oilangizni boy berishingiz tayin.

Aziza Qurbonova tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari…mi?