21:35 / 28.11.2016
14 538

Ering sochingni silasa-yu, boshqa birovni o‘ylasa… (hayotiy voqea)

Ering sochingni silasa-yu, boshqa birovni o‘ylasa… (hayotiy voqea)

Ering sochingni silasa-yu, boshqa birovni o‘ylasa, seni quchgan qo‘llari bilan boshqani ham quchayotganini sezib tursang bundan og‘iri yo‘q. Ammo men erimni telbalarcha o‘zimni unutib sevardim. Uning xiyonat ko‘chasiga mo‘ralaganini sezsamda, buni bilmaslikka olardim. Yo‘q, yo‘q bu siz o‘ylagandek to‘g‘ri yo‘l emas. Balki siz xiyonatkorsiz, mening tuyg‘ularimni oyoqosti qilayapsiz deb janjal qilganimda yuz chandon yengil edi. Ikkimiz ham biladigan bu haqiqatni boshqalardan sir tutib sizni ham o‘zimni ham avayladim. Dugonalarim o‘rgatganidek, o‘zimni o‘zgartirib, pardozni ko‘paytirish, har turli liboslarga burkanish qo‘limdan kelmasdi. Menga sizning ko‘nglingiz kerak edi. Dastlab ishlarim ko‘paydi deb bahona qildingiz, keyin telefonda pichirlab gaplashadigan bo‘ldingiz. Men nimaga kech kelayapsiz deb so‘ramadim. Siz aytadigan yolg‘onni oldindan taxmin qilish qiyin emasdi. Sizning uyqu aralash o‘sha ayolning nomini aytib yuborishingiz esa meni esdan og‘dirib yuboray derdi. Faqatgina farzandlarim meni yashashga majburligimni eslatib turardi. Ular bilan ovunardim, siz bilan ahil o‘tgan damlarimiz xotirasi qalbimda miltillabgina umid berib turardi.Yo‘g‘ingizda ko‘ylagingizni quchoqlab yig‘lab xumordan chiqardim. Sizdan nafratlansam ehtimol yashashim osonlasharmidi, yo‘g‘e nimalar deyapman men allaqachon yashamay qo‘yganman. Faqat tirik yuribman. Bolalarimning kamolini ko‘rish, sizning mehringiz tushgan o‘sha ayolning quchog‘idan tortib emas, ixtiyoringiz bilan qaytishingizni kutib kun o‘tkazayapman. Atrofdagilar xuddi malikalardek yashaysiz, sizga maza deb havas qilishadi. Ha, yashashim hech bir malikanikidan kam emas. Faqat o‘z shahzodasini kanizaklarga berib qo‘ygan, ayyorlik va makrni bilmaydigan bo‘shgina malikaman.Haqiqatdan menda hamma narsa bor: dang‘illama uy, mashina, o‘zim istagancha pul berasiz. Lekin bularning hech biri kemtik ko‘nglimni to‘ldira olmaydi. Ishda ham uyda ham o‘zimni baxtli ko‘rsatishga uringanim sari o‘zimni notabiiy his qilaman.Yolg‘iz qolsam, xayollarga berilib o‘tiraversam. Faqat xayoldagina o‘zim istagancha baxtli yashashim, soxta tabassum qilmasligim, erimning menga kun sari ortib ketayotgan xushomadlariga jahlim chiqayotganini ochiq aytishim mumkin edi.

Sizning ko‘nglingizga qarab, uchinchi odamning chiqib ketishini shunchaki kutib xato qilgan ekanman. Siz uchun, o‘zimning baxtim uchun kurashishim kerak ekan.

— Toqqa qor chiroyli yog‘adida, dam olish kuni do‘stlarim bilan toqqa boramiz.

Sizning kayfiyatingiz chog‘ edi. Men sizning u erga kim bilan birga borishingizni yaxshi bilardim.

— Dada, men ham siz bilan birga boray.

O‘g‘lim sizga yalindi.

— Keyingni safar oilaviy boramiz bolam, bu gal do‘stlarim ko‘p, mashinaga sig‘maysan.

Tez-tez urayotgan yuragimning tipirchilashidan o‘zimni zo‘rg‘a bossamda, sizga yaxshi borib keling dedim. Bir ko‘nglim ortingizdan izma-iz bor, ularni fosh qilib tashla, qachongacha o‘zingni xor qilib yashaysan deydi. Yana bir ovoz esa qo‘y, o‘zingni erga urib ovora bo‘lma deydi. Har ikki ovoz miyamda aylanaverib boshim og‘rib ketdi. Odatda, o‘sha bilan birga bo‘lgan kunlaringiz uyga kamdan kam qo‘ng‘iroq qilardingiz. Bugun ham bizni tamomila esdan chiqardingiz. Kechga yaqinlashgani sari, yuragim g‘ash bo‘laverdi. O‘zim qo‘ng‘iroq qilishga botinolmadim. Mabodo qo‘ng‘iroq qilganimda yoningizda ayol kishining ovozi eshitilsa o‘zimni o‘zim battar qiynagan bo‘laman deb o‘yladim. Sizga uch to‘rt marta qo‘ng‘iroq qilgan o‘g‘lim telefoningiz o‘chiq dedi. Kechki soat ettilarda esa qo‘l telefonim jiringladi. Sizning raqamingizni ko‘rib xursand bo‘lib ketdim.

— Singlim, bu telefon egasi kimingiz bo‘ladi? Qo‘ng‘iroq qilgan kishi erim emasdi.

— Erim, qanu u, nimaga o‘zi gaplashmayapti?

— Iltimos, falon erdagi kasalxonaga tez etib keling.

Kasalxonaga borguncha ham xudodan sizning umringizni tilab bordim. Axir ayol uchun xiyonat qilsa ham, ursa ham so‘ksa ham erining bori yaxshi. Kasalxonada esa meni mudhish xabar kutayotgandi.

— Bu murdalar er-xotin bo‘lsa kerak, ikkalasi avtohalokat tufayli halok bo‘lishibdi. Bechoralar, toqqa dam olgani borishgan ekan, bu kishi sizga tegishli emasku, baribir bir qarangchi?

Nafasim qisilib, bo‘ynimning orqasi og‘ir tosh osgandek qotib qoldi. Shifokor ko‘rsatgan ustiga oq mato yopilgan odamni ochib ko‘rdim. Ochsam, o‘sha siz bilan mening o‘rtamda turgan chiroylikkina juvon, yuzining bir tarafi tanib bo‘lmas darajada jarohatlangandi. Men esa uni tanidim. Axir telefoningizda uning suratini bir emas, bir necha marta ko‘rgandim.

— U ayol kishi, mana bunisini ko‘ring.

Qo‘llarim qaltirab ketdi. O‘zimni qo‘lga olib choyshabni ochdim, qiziq o‘sha vaqtda qanday qilib o‘zimni tashlab yubormaganimga haliyam hayron bo‘laman. Sizning jonsiz tanangiz ustida ham sha’ningizni o‘ylabmana.

— Iltimos, erimning mashinasida mana shu ayol bo‘lganini hech qaerga yozmanglar, hech kim bu haqida bilmasin deb shifokorlarga yolvordim.

Mendan boshqa hech kim siz mashinangizda ayol kishi bilan avtohalokatga uchraganingizni bilmaydi. Faqat mening g‘arib ko‘nglim, hali hanuz sizni kutib yashayapti. Hech qachon qaytmasligingizga ko‘nolmagan yurak o‘sha xiyonatkorni unut deganim sari har urishida sizning ismingizni aytib tepayapti. Sovuq er sizni bag‘riga olganiga bir yil bo‘ldi. Lekin men hamon sizni kutayapman.

Manba: Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ering sochingni silasa-yu, boshqa birovni o‘ylasa… (hayotiy voqea)