23:25 / 02.12.2016
11 029

Mavzuga qaytib: juvonga oshiq yigitlar

Mavzuga qaytib: juvonga oshiq yigitlar

Oxirgi paytlarda o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘zidan sakkiz, o‘n va hatto, o‘n besh yosh katta ayollar bilan turmush qurishayotgani kuzatilayapti. Yigitlarni alfonsga, ayollarni esa yengiltabiatga chiqarishdan avval bu tanlovning motivlari bilan tanishsak, ehtimol, unchalik ko‘ngilli bo‘lmagan ittifoqning oldini olarmiz.

1-sabab: Ona e’tiborining kamligi

Ayol kishi o‘ttiz yoshdan keyin shakllanadi, to‘laqonli ona bo‘la oladi. Chunki reproduktiv yosh bu hali ona degani emas. Ayol ayni shu davrda onalik mehrini his qiladi va uni ifodalay biladi. Demak, u o‘n yil avvalgidan-da mehribonroq.

Qaysidir sabablarga ko‘ra, onaning mehri, e’tiboriga to‘ymagan yoki haddan tashqari erkalatib yuborilgani sababli ulg‘ayishni istamagan ba’zi yigitlar qalbidagi bo‘shliqni to‘ldirish ilinjida atrofdan najot izlashadi. O‘zi tengi qizlar hali osmonda, o‘z husni, orzu-havaslari bilan ovora. Yigitga esa e’tibor, mehr kerak. Ana shu paytda yoshi katta juvon unga ideal ayoldek tuyuladi.

2-sabab: Moliyaviy muammolar

O‘ttizdan oshgan ayol hayotiy tajribaga va ma’lum bir darajada jamiyatda o‘z o‘rniga ega. Yosh yigitcha esa hali moliyaviy jihatdan barqaror emas, ehtimol o‘qishni ham tamomlamagan, tayinli bir kasbi ham bo‘lmasligi mumkin. Tengdosh qizlarning hammasi ham yigitning moddiy qiyinchiliklarini tushunishmaydi. Yoshi kattaroq ayol esa uni nafaqat tushunadi, qo‘llab-quvatlaydi, hatto ayrim vaziyatlarda ta’minlaydi ham.

3-sabab: Ulg‘ayishni istamaslik

Juvon yoshgina qizga nisbatan yaxshiroq beka bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, juda g‘amxo‘r ham. Ayrim yigitlar o‘zlariga boladek g‘amxo‘rlik qilishlarini sevishadi. Bu toifa erkaklar bir umr bola bo‘lib qolishni ma’qul ko‘rishadi. Ayol esa yigitning ko‘ngliga yoqqan ovqatni tayyorlashi, kasal bo‘lsa parvarishlashi, kiyim-boshlarini sarishta tutishi, hattoki, qanday kiyinishni o‘rgatishi mumkin.

4-sabab: Ayolning yoshiga nisbatan yosh ko‘rinishi

Odatda ayollar o‘z sog‘liqlari va tashqi ko‘rinishlari haqida erkaklarga nisbatan ko‘proq qayg‘urishadi. Bugun fan va texnika yutuqlari, plastik jarrohlik muolajalari, kosmetologiya, fitness kabi imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga juvonlar bundan 20 yil avvalgi tengdoshlariga nisbatan ancha yosh ko‘rinishmoqda. Ayrim holatlarda, hatto, yoshi o‘tgan sari go‘zallashishmoqda. Erkak kishi esa ko‘zi bilan sevadi. Qolaversa, ayol kishidan yosh so‘rab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ko‘ngil qo‘ygan ayoli uni ko‘nglidagidek bo‘lsa, biologik yoshning ahamiyati bilan qiziqishmaydi.

5-sabab: Tajriba to‘plash

Erkak zoti hech qachon biror maqsadsiz harakat qilmaydi. Yosh yigitlarni juvonlarning faqat go‘zalligi uchun emas, balki o‘zini tutib olgani, ehtimol puli, balki mavqei yoki munosabatlarda undan tajribaliroq ekanligi qiziqtirayotgan bo‘lishi mumkin. U o‘z o‘rnini topguncha, tajriba to‘plaguncha, ayoldan pillapoya sifatida foydalanadi, xolos.

6-sabab: Muammolarni hal qila olmaslik

Yoshi kattalarga intiladigan yigitchalarning muammolari bo‘ladi. Ayol esa ularni hal qilishi, bartaraf etishi uchungina kerak.

7-sabab: Qarishdan qo‘rqish

Go‘yoki yosh yigit yonida ayol ham yosh ko‘rinadigandek. Yoshligi va go‘zalligini yosh yigit belgilaydi, deb hisoblashlari. Ammo yoshlik va go‘zallik qalbda bo‘ladi, shuni unutib qo‘ymang!

8-sabab: Xomxayollar

Ayrim juvonlar yosh yigitni istaganidek tarbiyalash va keyinchalik o‘zlari istagandek erkakka aylantirib, u bilan umrguzaronlik qilish mumkin deb o‘ylashadi. Ammo odatda bu yigitlar katta yoshli ayol hisobiga betashvish bolaliklarini uzaytirish istagida bo‘lishadi, mas’uliyatni his qilishmaydi, muammolarni hal etishmaydi. Katta bo‘lishini kutib, ayolning sochi oqarishi hech gap emas.

Oqibatlar-chi?

Munosabatlar boshida uyg‘un boshlangani holda asta-sekin misi chiqa boshlashi mumkin. Chunki bu toifa erkaklardan sadoqatli er va yaxshi ota chiqishi juda mushkul.

Yigitlar, bu munosabatlarning umri qisqa! Har bir inson yutuqlarga erishishni, o‘sishni istaydi. Afsuski, juvon rivojlanishni sekinlashtiradi. Chunki ayrim sabablarga ko‘ra, uni aynan yoshgina yigitcha qiziqtiradi, o‘zini tutib olgan erkak emas. Shuning uchun bu yigitni ulg‘ayishi juvonning zarariga ishlaydi, uning o‘ziga ishonchi paydo bo‘lishidan, omadi kulib boqishidan qo‘rqishadi. Yana unutmang, erkakning ishi yurishishi ko‘p jihatdan ayolga bog‘liq. Shiringina oilasi, xotirjam xonadoni uchun ter to‘kib topganini o‘z joyida sarflanayotganini ko‘rish kuchli jins vakillarini olg‘a undaydi.

Oila insonni yanada kuchliroq, omadliroq, baxtliroq qilishi kerak! Juvon bilan bog‘liq o‘tmishingiz esa kelajagingizga soya solishi mumkin. «Muhabbat»ingizni atrofingizdagilar oqlamasligi, tushunmasligi va qo‘llamasligi aniq.

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mavzuga qaytib: juvonga oshiq yigitlar