16:14 / 18.12.2016
9 495

Internet «ikkinchi uy» emas!

Internet «ikkinchi uy» emas!

Bugun dunyoning qaysidir bir nuqtasida sodir bo‘lgan voqea yoki yangilik xususida etarli axborot olishimiz uchun atigi bir necha soniya kifoya. Monitor qarshisida o‘tirgan holda istalgan mavzuga oid axborotni zumda olish mumkin. Negaki, internet bir necha yillar ichida global tarmoqqa aylanib, axborotlashgan jamiyatni yuzaga keltirdi, shu bilan birga, jahonda globallashuv jarayonining tezlashishida muhim omil bo‘layapti.

Internet — insoniyat tafakkuri mahsuli. Unda butun olam mujassam. Ayni vaqtda “o‘rgimchak to‘ri” axborot olish, almashish va uzatishning eng samarali hamda qulay vositasiga aylanib ulgurdi. Uning multimedia (tasvir, ovoz, matn) imkoniyatlari, tezkor va jadallik bilan ma’lumotlar jarayonini boshqarishi va boshqa qator qulayliklari insoniyatni virtual olamga ohanrabodek tortib, unga qaramlikni vujudga keltirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda dunyo bo‘yicha internetdan foydalanuvchilar soni 3,2 milliard nafarga etgan. Taqqos uchun aytish joiz, 2000 yilda global tarmoqdan 361 millionga yaqin odam foydalangan, xolos. O‘rtadagi farqni o‘zingiz hisoblab ko‘ravering. Yaqin yillar ichida ushbu raqamlar yana qanchaga ortishini tasavvur qilish mushkul emas. Chunki taraqqiyot, ayniqsa, axborot texnologiyalari rivojlanishi katta tezlikda ilgarilamoqda.

Ammo masalaning ikkinchi — g‘oyat e’tibortalab jihati bor. Ba’zi mamlakatlarda virtual olamga g‘arq bo‘lish oqibatida o‘zi yoxud o‘zgalar joniga qasd qilish hodisasi tez-tez quloqqa chalinadi. Yoki o‘sha yurtlarda ko‘plab yoshlar haqiqiy hayotni virtual hayotga almashtirib, o‘sha muhitda kun kechirmoqda. Bu esa ularning fikru xayolida haqiqiy hayot bilan ro‘yoni farqlay olmaslik unsurlarini keltirib chiqarayapti. Natijada shunday hududlarda ruhiy nosog‘lom bemorlarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etilayapti.

Tan olish kerak, bugungi kunda oramizda internet va kompyuter xizmatlaridan foydalanish uchun vaqti, puli, hatto salomatligini ham ayamaydiganlar safi tobora kengayib bormoqda. Biroq aytish joiz, bolg‘a bilan uy qurish ham, boshni yorish ham mumkin. Demak, barchasi bolg‘ani to‘g‘ri maqsad yo‘lida ishlatishga bog‘liq. O‘z navbatida, internet foydalanuvchilarini ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchi toifadagilar kasbi talabidan kelib chiqqan holda yoki ilmiy izlanish hamda tadqiqotlari uchun zarur ma’lumot, axborot olish maqsadida internetga murojaat qilsa, ikkinchi toifadagilar bemaqsad, shunchaki qiziqishiga ko‘ra, deylik, pornografik yoki tanishuv saytlariga kirish, turli xil o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lib kun o‘tkazish kayfiyatida bo‘lganlar sanaladi.

Kuzatishlardan ayon, global tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi asosan o‘smirlar. Ma’lumki, o‘smirlik shaxsning fiziologik va ijtimoiy rivojlanishidagi o‘ziga xos o‘ta mas’uliyatli davr hisoblanadi. Uni qaysi yo‘lga yo‘naltirsangiz, u shu yo‘ldan ketadi. Afsuski, ayni vaqtda bolalar yoki o‘smirlarning aksari internet-kafeni “ikkinchi uyi”ga aylantirib olgan. Agar shu davrda yigit yoki qiz internetdagi agressiv ruhga moyil “onlayn” o‘yinlarga haddan ortiq berilsa, ko‘p o‘tmay bu holat noxush oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

Ma’lumki, virtual olamda insonning vaqtni idrok etish tizimi buziladi, ijtimoiy faolligi kamayadi. Kompyuter qarshisida vaqt o‘tganini sezmay qolishning boisi ham shunda. Eng yomoni, virtual vositalarning salbiy ta’siri ma’naviy-axloqiy tanazzul bilan chegaralanib qolmay, insonning immun tizimini susaytirmoqda, umurtqa pog‘onasi va ko‘z kasalliklarini keltirib chiqarmoqda. Biroq, buning oldini olish uchun bolalarni, yoshlarni internetdan uzoqlashtirib yoki mahrum qilib bo‘lmaydi. Bugun har sohada o‘zining etakchilik va faolligini namoyon qilayotgan yoshlarimizni mazkur yo‘nalishda ortda qolib ketishlarini hech kim istamaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l shuki, farzandlarimizga virtual olamda nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘rgatishimiz, bir so‘z bilan aytganda, ularda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish maqsadga muvofiq. Eng muhimi, yoshlar o‘zlari mustaqil ravishda oq va qorani ajrata olishlariga zamin yaratish lozim. Bunda asosiy mas’uliyat ota-ona, o‘qituvchi-pedagog, mahalla-ko‘y zimmasiga tushadi.

Yoshlar — ertamiz egalari. Ularning ham jismonan, ham aqlan barkamol bo‘lib o‘sib-ulg‘ayishi ertaga Vatanimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va o‘rni qanday bo‘lishini belgilab beradi. Shunday ekan, har birimiz internetdan foydalanish madaniyatiga amal qilishimiz, o‘z navbatida, uni atrofdagilarga ham o‘rgatish foydadan xoli bo‘lmaydi. Binobarin, yoshlarning ruhiy-ma’naviy olamini zararli unsurlardan, turli xil buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish orqali taraqqiyot poydevori yaratiladi. Ma’naviy barkamollik esa jamiyat taraqqiyotining muhim omili.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Internet «ikkinchi uy» emas!