19:00 / 15.01.2017
14 271

Qo‘ynimda bir yor-y, ko‘nglimda bir yor

Qo‘ynimda bir yor-y, ko‘nglimda bir yor

Hayot bizga saboq beradi, bilmaganlarimizni o‘rgatadi, o‘zgalar hayoti misolida ogohlantiradi. Sevgi, yoshlik xatosi, peshona ekan, deb qo‘yamiz. Ko‘ngil degan narsayam bor, muhabbat bizni o‘z yo‘rig‘iga yurgiza olishiyam bor gap. Lekin uning oqibatida keladigan balolar-chi, bosh og‘riqlari, ko‘z yoshlari? U shularga arzirmikin aslida? Balki bu gaplarda ham jon bordir. Lekin ko‘pincha biz o‘zimiz bilib turib, boshimizni dorga tutib beramiz, ko‘rinib turgan chohga tushamiz. Keyin esa, pushaymon bo‘lib, ming kuyunmaylik, qani edi, hammasini o‘z o‘rniga qo‘yish mumkin bo‘lganda?..


1-ko‘zgu

U maktabda o‘qib yurgan paytidayoq o‘zlaridan ikki sinf pastda o‘qiydigan Lolani yaxshi ko‘rgan. Uning ortidan yugurib, ko‘ngliga yo‘l topa oldi, ular maktabni tugatish arafasida boshqalardan pinhon ravishda uchrashib yura boshlashdi. Keyin esa, maktabni tugatib, hamma har tarafga uchirma bo‘lib ketishdi. Sanjar bo‘sh vaqt topdi deguncha, Lolalarning uyi atrofida o‘ralashib yurar, uni uchrashuvga chaqirardi. Lola uyidan chiqa olishni uddalasa, ular birga aylanib yurishardi, tunni esa telefonda tonggacha gaplashib o‘tkazishardi. Shu tariqa yillar o‘ta boshladi. Nihoyat, uydagilar uylanish haqida gap ochishganda, u o‘ylab ham o‘tirmay Lola haqida so‘z ochdi. Lekin onasining ko‘z ostiga olib qo‘ygan qizi bor ekan. U otasining do‘stining qizi Manzura edi. To‘g‘ri, Manzura juda aqlli, odobli va yoqimtoy. Ular oilaviy bordi-keldi qilishgani bois ham, Manzurani yaxshi bilardi. Otasi tanlovni o‘g‘lining o‘ziga qo‘yib bersa-da, onasi qattiq qarshilik qildi. O‘sha qizning Sanjar bilan uzoq yillardan beri uchrashib yurishini eshitib, to‘nini umuman teskari kiyib oldi. “Unaqa yigitlar bilan yuradigan, odobsiz qizlarni” yoqtirmasligini bot-bot takrorlardi onasi. Biroq, u yigitlar bilan emas, faqat men bilan yuradi, deb uni oqlashga tutindi Sanjar. Qani, onasiga gap uqtirib bo‘lsa. U onasining undovi bilan Manzura bilan uchrashdi. Gaplari bama’ni, o‘ziyam juda chiroyli qiz ekan. Uchrashuvdan uning fikri o‘zgarib qaytdi, rostdan ham Manzura unga yoqqandi. Lekin Lola-chi? U Sanjarni deb necha joydan chiqqan yaxshi odamlarga rad javobini berdi va hamon uni kutmoqda. U Lolaga nima deydi endi?

Xullas, to‘y bo‘lib o‘tdi. Hammasi ajoyib, hammasi yaxshi, faqat to‘ydan keyin uni vijdon azobi ancha paytgacha qiynab yurdi. Keyin ular bolali bo‘lishdi, o‘g‘lidan keyin qizi tug‘ildi. Yillar shu tariqa bir-birini quvlab o‘ta boshlashdi. Manzura yomon xotin emasdi, doim uning ko‘ngliga qarar, ammo baribir, ko‘ngil negadir birinchi muhabbati Lolani qo‘msardi. Ba’zi tunlari uxlolmay, tonggacha uni o‘ylardi. Uylanganidan keyin uning ham turmushga chiqib ketgani haqida eshitgandi. Shundan so‘ng hammasi jimlik qa’riga cho‘kdi…

Bir kuni u ish bilan notariusga borib, o‘sha erda to‘satdan Lolani uchratadi. U eridan ajrashibdi, o‘g‘li bilan ota-onasi olib bergan uyda yashayotgan ekan, ishga kiribdi. Uyog‘i xuddi kinolardek bo‘ldi. Avval telefonda gaplashib yurishdi, keyin pinhona uchrashuvlar. Ish shu darajaga etdiki, Sanjar endi Lolasiz yashay olmasligini tushundi, buning ustiga, u homilador bo‘lib qolgandi, ular hammadan pinhon nikohdan o‘tib, yashay boshlashdi. Sanjar hammadan buni sir tutishga ming harakat qilmasin, xotini birinchi bo‘lib sezdi, to‘g‘rirog‘i, telefondagi Lolaning uy kiyimida u bilan birga tushgan suratini ko‘rib qoldi. Ota-onasi uni o‘rtaga olishdi, haqiqatni aytishdan o‘zga chorasi qolmadi. Manzura yig‘ladi-siqtadi, ota-onasi ming gapirdi. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi.

Hozir u ikki o‘t orasida qiynaladi. Manzuraga borsa, Lola yig‘laydi, xotiniga kelsa, ma’shuqasi ko‘zidan yoshlar oqadi. Orada Sanjarga qiyin bo‘lib qoldi. Olgan maoshi xotinlarining ehtiyojini qondirishga etmaydi, buning ustiga, to‘rt nafar bolani boqish, kiyintirish… Tunlari uyqusi o‘chib ketadi ba’zida. Balki o‘shanda onasi uni majburlab uylantirmaganda, bu holga tushmagan bo‘larmidi? Hozir u bir yo‘la ikki ayolni baxtsiz qildi, ular orasida ikkiga bo‘linib, o‘ziyam azobini tortmoqda. Ikki kema o‘rtasida bir kun kelib, cho‘kib ketmasa yaxshi edi.


2-ko‘zgu

Biz u bilan bir qavatda ishlardik. Yo‘q, bir korxonada emas. U menimcha, qaysidir bir firmada buxgalter edi. Eshiklarimiz ro‘parama-ro‘para bo‘lgani uchun qiya turgan eshikdan uni ko‘rib turardim. Yo‘lakda ham ko‘p bor u bilan to‘qnash kelganman, men unga salom berar, u esa jilmayib alik olardi va juda xushmuomalalik bilan hol-ahvol so‘rardi. Yo‘q-yo‘q, mening xayolimga hech qachon yomon fikr kelmagan. Uning xotini, bolalari bo‘lishi aniq, men ham ikki nafar o‘g‘ilning onasi edim. Erim juda yaxshi inson, undan nolisam, noshukr bo‘laman. Lekin mening ko‘nglimga ishq uchquni qachon tushganini o‘zim ham bilmay qoldim.

Uning eshigi mudom ochiq turardi, bizniki ham. Bir kuni qog‘ozlardan shundoq boshimni ko‘tarib, ro‘paramga qaradim-u, bir muddat tikilib qoldim. U negadir menga qarab turardi. O‘sha yigit… men qotib qoldim, keyin esa, shoshib ko‘zimni olib qochdim. Lekin o‘sha nigohlar bilan ichim ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketganini sezdim. Hayotimda hali bunaqa yoqimli hisga oshno bo‘lmagandim. Shu-shu, uni kuzatadigan, pinhona u tomonga ko‘z tikadigan bo‘ldim. Bir necha bor uning nigohlari asiriga aylandim. Men uning ko‘nglidayam qanaqadir tuyg‘ular uyg‘onganini sezardim, yo‘lakda uchrashib qolganimizda ham, u menga boshqacha tikilardi.

Hozir men faqat u haqda o‘ylayman, tong otsa-yu, ishga borsam va uni ko‘rsam, deyman. Bir kuni ishdan kechroq chiqdim, eshikni qulflayotganimda u ham chiqdi. Biz so‘rashdik va yo‘lakning oxirigacha birga ketdik, keyin zinalardan pastga tushdik, bekatgacha ketdik. Uning ko‘zlari meni tamom qilayozdi, garchi u menga o‘z tuyg‘ularini oshkor etmagan bo‘lsa-da, biroq hammasi kundek ravshan edi. O‘sha tun mijja qoqqanim yo‘q, ko‘zimni yumsam, uning nigohlari ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi.

Ba’zida vijdonim qiynaladi, erimning oldida o‘zimni gunohkordek his qilaman. Yo‘q, turmush o‘rtog‘imga nisbatan munosabatim zig‘irchayam o‘zgargani yo‘q. Men hech qachon yomon xayollarga bormaganman. Shunchaki o‘sha insonga ko‘nglim tushib qoldi. Men u haqda ko‘p o‘ylayman, xotini qanaqa ekan, uyida baxtlimikin, deb qiziqaman, u bilan ko‘proq gaplashishni, xayollari, o‘ylari, orzulari haqida bilgim keladi. Lekin mening bunga haqqim yo‘q, xuddi uning menga haqqi yo‘qdek. Ishimni o‘zgartirishim kerak, chamamda. Lekin uni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman va bu xayolni o‘zimdan ketkazishga harakat qilaman. Burch va muhabbat… ikki o‘t orasida qiynalib ketdim. Agar uni ilgariroq uchratganimda, faqat uni degan bo‘lardim. Endi esa, juda kech. Hayotimni o‘zgartira olmayman, lekin u haqda o‘ylash, uni orzu qilishdan o‘zimni to‘xtata olmayapman…

ShABNAM

Manba: Diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘ynimda bir yor-y, ko‘nglimda bir yor