00:08 / 29.05.2017
8 217

"Ramazon — ruhiyatni poklash oyidir"

"Ramazon — ruhiyatni poklash oyidir"
Ramazon oyida birinchi nav­batda urushganlar yarashishi, munosabatlarni isloh qilishi zarur. Aslida bu ishni Ramazonga qoldirmay, vaqtliroq amalga oshirish va shu orqali bu muqaddas oyga tayyorlanish ma’qul amallardan sanaladi. Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlari keltirgan hadisda Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan va savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi», — de­yilgan. Demak, bu oy biz uchun ruhiyatni poklash oyidir.

Ro‘za tutishni bizga Alloh taolo Qur’oni karimda buyurgan. Baqara surasining 183-oyatida: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz», — deyilgan. Ramazon oyida, shuningdek, ko‘pgina savobli ishlarni qilish, ibodatni oshirish, Qur’on tilovat qilish, ehsonlarni ko‘paytirish tavsiya etiladi.

Musulmonlar faqatgina Ramazon oyida emas, balki yil davomida ham bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatishi zarur. Insonga boylikni Alloh beradi. Shunday ekan, saxovatpesha odamlar muhtojlarga yordam berishi, xayr-ehson qilishi kerak. Bunda boquvchisini yo‘qotgan, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish ayni muddao. Ro‘zadorning ibodati faqat kun bo‘yi och yurishdan iborat emas. U nafsini idora qilishi darkor.

O‘zbekistonimizda 130 dan ortiq millat va elat vakil­lari yashaydi. Dinimizda kishilarni bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishga undash bilan birga, ularni dinidan, millatidan qat’i nazar, o‘zaro izzat-hurmat ko‘rsatishga chaqiriladi. Niso surasining 36-oyatida: «Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar. Shuning­dek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)!», – deyilgan.

Muqaddas dinimiz shariatiga binoan, ro‘za tutmasligiga ruxsat berilgan odamlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak.

Bemor kasallikdan tuzalganidan so‘ng, Ramazon oyida tutmagan kunlarining ro‘zasini qazo qilib tutib beradi. Musofir agar ro‘za tutishi mashaqqat bo‘lmasa, ro‘za tutgani yaxshi. Safarda tutmagan kunlari ro‘zasini keyin tutib beradi. Shuning­dek, homilador va emizikli ayol ham ro‘za tutmaydi. Keksayib, quvvatdan qolgan kishilar, tuzalishiga umid qolmagan bemorlar, keksa onaxonlar ham bu amalni bajarmaydi. Bunday kishilar keyinchalik ham ro‘za tuta olmaganlari sababli, ro‘zaga qazo qilmaydilar, balki tutmagan har kunlari uchun fidya beradilar.

Ramazon oyida kitob mutolaasini ko‘paytirish, har tomonlama foydali bo‘lgan adabiyotlarni o‘qish ayni muddaodir. Shu o‘rinda Prezidentimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish haqidagi farmoyishi ham katta voqeaga aylanganini alohida ta’kidlamoqchiman. Buni bayramdek qabul qildik. Negaki, kitob o‘qimay turib, jamiyat taraqqiy etmaydi. Moddiy jihatdan hamma narsa etarli bo‘lsa ham, xonadonlarda kitob o‘qilmas ekan, ulug‘lar tug‘ilmaydi, millat o‘smaydi. Bu tarix tasdiqlagan haqiqatdir.

Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Manba: Hilol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Ramazon — ruhiyatni poklash oyidir"