05:59 / 28.06.2017
6 406

Xiyonatning haqi...

Xiyonatning haqi...
E, bormisan, jiyan?!

Kamol bu amalga osonlikcha erishgani yo‘q. Axir qishloqdagi qaysidir ketmonchining asrandisiga Toshkandek shahri azimga kelib o‘qish, o‘qishni bitirib, katta bir qurilish rahbari darajasiga etishning o‘zi bo‘libdimi?! To‘g‘ri, uni asrab olib, boqqan odamlar o‘lib ketishgandan so‘ng oxirgi o‘n yil ichida qishloqqa bormay qo‘ygan. Borganda nima qilardi?.. Baribir, “begona” degan nomi bor. O‘sha betayin qarindosh-urug‘larning ko‘zi uchmagan, uchmaydi ham hech qachon…

— Kamol Karimovich!..
U seskanib boshini ko‘tardi-yu, ostonada kotiba qiz turganini ko‘rib asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Nima gap?..

— Sizni qishlog‘ingizdan bir amaki so‘rab kepti… Tog‘asiman deyapti…
Kamol beixtiyor o‘ylanib qoldi. “Qiziq… Qanaqa tog‘a?.. Onasi rahmatlining aka-ukalari yo‘q edi, shekilli?!”
— Ayta qoling, mayli, kirsin-chi!..
Oradan bosh qashiganchalik vaqt o‘tib-o‘tmay, kabinetga qoradan kelgan, xo‘ppa semiz, do‘ppining ustidan kichkinagina qilib salla o‘ragan, taxminan 50-55 yoshlardagi erkak kirib bo‘sag‘adanoq qulochini yozdi.

— Obbo, jiyan-ey!.. — Kamolni mahkam bag‘riga bosarkan, baland ovozda hayqira ketdi u, — Shunday katta odam bo‘p ketibsan-u, biz bilmay yuraveribmiz-a, vey!..
— Kechirasiz-u, sizni negadir taniyolmay turibman-da!.. — “Mehmon”ga qiziqsinib tikildi Kamol.

— Ie, ie, tog‘asiniyam tanimaydimi odam?.. Men hov Hojar xolangni eri O‘lmasvoy tog‘ang bo‘laman-ku!.. Xafa qilyapsan, jiyan, xafa qilyapsan!..
Kamolning ko‘z o‘ngida o‘sha, bir necha avlod nari bo‘lsa-da, ota-onasidan doimo xabar olib charchamagan, o‘ziga ham bolaligida ko‘p bora mehr ko‘rsatgan yuvoshgina, kamsuqum ayol gavdalandi. “U xolaning uyiga kichkinaligimda necha martalab borganman, axir!.. — o‘ylardi Kamol erga boqib, — Nega bu odamni ko‘rmagan ekanman o‘shanda?.. Ha, mayli, baribir, qarindosh ekan-ku!..” Kamol chehrasi ochilib qishloqdagilarni birma-bir so‘rab chiqdi, Hojar xolasini esga oldi. So‘ngra “tog‘a”ni shaharning eng nomdor restoraniga mehmon qilish uchun olib ketdi. Yap-yangi “Mersedes”da kerilib o‘tirgan O‘lmasvoy tog‘a hanuz Kamolni maqtashdan bo‘shamasdi.

XOTINGA YoLChIMAGAN ERKAK
Kamol o‘z kuchi bilan bo‘lsa-da, ko‘p narsaga etishdi hayotda. Bir vaqtlar tuqqan onasi masjidga tashlab qochgan etimchagina bolaning yigit bo‘lib qo‘li pul, ko‘zlari uy, hovlisi mashina ko‘rdi. Ammo o‘zini o‘qitgan Nasim professorning qizi Zarinaga uylandi-yu, boshi g‘urbatdan chiqmay qoldi. Xotini juda boylikka o‘ch ekan. Kunora restoranda ovqatlangisi keladi, haftada bir tilla do‘koniga borsam deydi. Dastlab yoshlikka, keyinroq farzandli bo‘lishmayotganiga yo‘ydi. Lekin… Bir kuni qo‘shnining bolasini behuda urishayotganiga ko‘zi tushgach…

Hafsalasi qaytdi… “Nahotki, bir kun kelib o‘zi tug‘sa ham shunaqangi zahrini sochaversa?.. Zap xotinga uchragan ekanman-ku!..” Afsuski… Amaldor odamga janjal ko‘tarish, baqirib-chaqirish yarashmaydi. Qo‘shnilar nima deydi?..
Xuddi ot kabi a’zoyi badanidan ter hidi kelib halloslagancha hovliga kirib kelgan O‘lmasvoy tog‘ani ko‘rdi-yu, Zarina burnini jiyirgancha erini bir chetga tortdi.

— Voy, kim u?.. Qaerdan topdingiz bunaqangi isqirt qishloqini?..
— E, og‘zingga qarab gapir!.. — jerkib tashladi Kamol, — Bu odam meni tog‘am bo‘ladi… Mehmonxonaga yaxshilab joy tayyorla!.. — Kamol shunday deyishga dedi-yu, ich-ichidan o‘ksindi. Bu uning anchadan beri birinchi o‘ksinishi edi.

IShRAT SARI BIR QADAM
Erkak kishi uyda topmaganini ko‘chadan qidirishi balki rostdir. Injiq va xurmacha qiliqlari tobora ko‘payib borayotgan xotini Kamolning joniga tegdi. “Shuncha boyligim, davlatim bor, — o‘ylardi u tez-tez, — Bu narsalarga osonlikcha erishganim ham yo‘q… Xo‘sh, unga nima etmaydi?.. Farzand tug‘ib berolmagani kamlik qilganday, nozlanishiga, asabimni egovlayverishiga balo bormi?..”

Kamol kunlarning birida kabinetda o‘tiri-ib choy damlab kirgan kotiba qiz Shoiraga zimdan nazar soldi. Naqadar kelishgan qiz!.. So‘ksang, dag‘dag‘a qilsang ham jim turib eshitadi. Faqat… Buyursang bas, barcha istagingni ado etishga hoziru nozirdek…
Shoira ikkinchi bor piyola ko‘tarib kirgandan so‘ng Kamolning niyati buzildi. “Nahotki, shunchadan beri qo‘l ostimda ishlab, go‘zalligini payqamagan bo‘lsam?.. — ko‘nglidan o‘tkazdi u, — Nega endi o‘sha ahmoq xotinimning diydiyolarini eshiti-ib yuraverishim kerak?.. Nima uchun topganimni faqat o‘shaning qo‘yniga tiqishim shart ekan?.. Yo‘q… Menam odamman… Odamlarga o‘xshab biron joyda dam olishni, Shoiradek parivashlarning mehriga qonishni istayman. Umr o‘tib ketyapti, axir!..”

— Shoira, — dedi Kamol qizning qo‘lidan choy to‘la piyolani olarkan ma’noli ko‘z qisib, — Biror erga ketib bi-ir dam olmaymizmi?.. Masalan, toqqa…
— Rahbardan hech qachon bunaqangi taklifni eshitib o‘rganmagan Shoira duv qizardi.

— Bilmasam… Uydagilarim nima deyisharkin?..
— Ularga biron-bir bahona topasiz-da!.. Sizminan bi-ir dunyo kezgim keldi-da, asal qiz!.. Xo‘sh, nima deysiz?..
Qiz biroz kalovlanib turgach, “ma’qul” degandek ohista bosh irg‘adi. Xuddi ana shunaqangi javoblargagina ko‘nikkan Kamol esa, umrida qilib ko‘rmagan ishga qo‘l urib, Shoirani mahkam bag‘riga bosdi.

MEN SIZGA DUNYoNI BERAMAN
Bo‘stonliqqa shanba kunlari odam degani sig‘may ketadi. To‘g‘ri-da, tog‘ning musaffo havosi, buloq suvlari, soyda miriqib cho‘milish, kechalari tog‘ tepasiga chiqib yotish kimga yoqmaydi?! Ayniqsa, Kamolga o‘xshab qandaydir jononni etaklab kelganlarning bu erlarda kuni tug‘adi. Kim biladi, shunday xudo yarlaqagan maskan qancha dahshatlar, so‘ngsiz gunohlarga guvoh bo‘lganiykin… Lekin ulkan tog‘ orasi bularning barchasini yashiraveradi, bag‘ri qon bo‘lib ketganda ham, baribir, hech kimga bildirmaydi… Sukut saqlayveradi… Saqlayveradi…
Shoira “balo” ekan. Kamolning mo‘’jazgina dala hovlisiga kelib kiyimlarini almashtirdi-yu, “ochilib” ketdi. Endi u qabulxonadagi tortinibgina turgan kotiba emas, ko‘cha qizlari kabi sho‘x-shodon, hazilkash bir suluvga o‘xshab ketardi.

— Soyda cho‘milib kelmaymizmi?.. — dedi u kulib, — Qarang, hamma o‘sha yoqda!..
— Yo‘q, biz hech kimsiz erga boramiz, — Shoirani quchog‘iga olib erkalata boshladi Kamol, — Qo‘rqmaysizmi, ishqilib, asalim?..

— Men qo‘rqadigan ish qilmassiz, axir!..
— Mabodo, shunday bo‘p qolsa-chi?..
Bu gapdan Shoiraning ko‘zlari ayyorona qisilib, sekingina Kamolning yuziga shapatilab qo‘ydi.

— Voy, men qiz bolaman-ku hali!.. Unaqangi narsalardan qo‘rqaman…
“Eh, hozirgi qizlar qanchalar makkor-a!.. — ko‘nglidan kechirdi Kamol uzoq-uzoqlarga ko‘z tikib, — Qo‘rqaman deydi-ya!.. Qo‘rqqan qiz menga qo‘shilib kelmasdi-ku toqqa!.. Ko‘ngli borligini aytishga uyalyaptimi yo?..”
— Shoira, nahotki, shu narsa mendanam aziz bo‘lsa?.. — norozi ohangda so‘z boshladi u, — Sizga yomonlik tilamasligimni bilasiz-ku!.. Bor dunyoimni bag‘ishlayman sizga… Birgina qiz uchun nahotki, shular ham kam bo‘lsa?..

— Kennoyim-chi?.. Axir oilalisiz-ku!..
Kamol xotinining nomini eshitib beixtiyor og‘ir tin oldi.
— Qo‘ying, o‘sha jodugarni eslatmang!.. Siz undaylarning milyontasidan afzalsiz… Siz… Menga albatta, o‘g‘il tug‘ib berasiz…
Shoira bu darajadagi ochiq-oydinlikni kutmaganidanmi, beixtiyor kulib teskari o‘girildi. U ichida hech qanaqa farzand tug‘ishni istamayotgan bo‘lsa-da, rahbarni nihoyat qo‘lga ola boshlaganidan shod edi…

XIYoNAT MOJAROSI
Tog‘ “voqea”si Kamolni juda qattiq bog‘lab qo‘ydi Shoiraga. Qochib qaerga ham borardi. Qiz go‘yoki uning naq bo‘yniga sirtmoq solgandek ediki, qator-qator shartlarni yo‘l-yo‘lakay ado eta borishi kamlik qilib, deyarli har kuni Shoiraning yonida bo‘lishga, qaerga desa, olib borishga mahkum edi… Nima qilsin, erkaklardagi odatiy fe’l-atvor uni ham chetlab o‘tgan emas. Bir yarim oydan beri birgina kotiba qizni tinglash, yalab-yulqash, keyingi kunlarda paydo bo‘la boshlagan injiqliklariga chidab o‘tirish joniga tekkan. Qolaversa, endi Shoira istasa choy damlab kiradi, istamasa…

Shoirani uyiga eltgach, yarim tunda charchab hovlisiga qaytgan Kamol ichkariga kirdi-yu, ostonada qaynotasi Nasim professor turganini ko‘rib hayron bo‘ldi. Qariya ko‘rinishdan zo‘rg‘a jahlini bosib turardi. “Yarim kechasi nimaga keldiykin?.. — o‘yladi u ko‘rishish uchun qaynotaga qo‘l uzatarkan, — Bunaqangi odati yo‘q edi-ku!..”

— Ha, kuyov, ko‘rmaganni ko‘rgani qursin, deb shunga aytisharkan-da-a?..
Kamol hech narsaga tushunmay hayrat aralash Nasim professorga tikildi.
— Tushuntiribroq gapiravering!.. Nima gunoh qipmiz?..

— Gunoh ham gapmi?.. — ichkari uydan o‘qdek otilib chiqqan Zarina alam bilan eriga yaqinlashdi, — Siz anavi qanjiq kotibangizminan don olishib yuribsiz… Hammasini bilib oldim… Qiz bola-ya, qiz bola!.. Qamataman, mana ko‘radi, ada, o‘z qo‘limminan topshiraman sudga… Tupuraman amaliga!..
— E, qizim, qanaqa amal?.. — gapga aralashdi qaynota, — Buning hali kimligimni bilmasakan… Shu ishi uchun ishtonsiz ko‘chaga haydattirmasam, otamni bolasimasman, ha!..

Kamol ota-bolaga qarshi hech narsa deyolmadi. Ayniqsa, kechki payt xotini ishxonasiga izlab borganidan xabar topgach, bo‘lganicha bo‘ldi. Otasiga ergashib ko‘chaga zardali qadamlar bilan chiqib ketayotgan Zarinaning ketidan balki so‘nggi marta ma’yus qarab qoldi-yu, kelgusida o‘zini qanday mojarolar kutayotganini taxminan xomcho‘t qila boshladi.

“FOYDA”LI ISh
Kamol yaxshi biladi. Nasim professor hazilakam odam emas. Toshkanning har burchagida oshna-og‘aynisi g‘ij-g‘ij. Ishiga yopishdimi, endi qo‘ymaydi. Qanday bo‘lmasin, qizining alamini olsa kerak. Ish shu yoqqa qarab keta boshlagandan keyin qo‘l qovushtirib o‘tiraverish kerakmi?.. Hech qachon…
Kamol shoshilinch uyali telefonini qo‘liga oldi-da, o‘rinbosari Abduvalining raqamini terdi.

— Allo, Vali, senmisan?.. Ish qalay ketyapti?.. Hammayoq tinchlikmi, ishqilib?.. Quloq sol, tez kelgin uyga… Ha, hozir uydaman… E, surishtiravermasang-chi!.. Telefonda aytadigan gap emas… Xo‘p, tezroq kelgin!..
Abduvali jonini hovuchlab etib kelganida Kamol qandaydir qog‘ozlarni varaqlab, allanimalarni hisoblash bilan ovora edi.
— Nimaga begonaga o‘xshab ostonada turibsan?.. — iymanibmi, hanuz ichkari kirishga ikkilanayotgan o‘rinbosarni urishgan bo‘ldi Kamol, — Tezroq oyog‘ingdagini echib buyoqqa o‘tgin-da, gaplarimga yaxshilab quloq sol… Mana, shahar markazida qurilayotgan mehmonxonaga besh yuz ming dona o‘tda yonmaydigan g‘isht, ming tonna sement… Va hokazolarni hozircha berganmiz, to‘g‘rimi?..

— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — sal jonlangandek tetikkina javob qildi Abduvali.
— U holda… Mundoq qilamiz… Har doimgiday sen o‘sha narsalarning teng yarmiga xaridor topasan… Faqat ishonchli odamlar bo‘lsin… Pul… O‘zing bilganingday uchga ikki… Men kechasi soat o‘n birlarda ob’ektga etib boraman…
Hamma ish pishgach, Kamol o‘rinbosarni “g‘izillatdi ”-da, ko‘ngli taskin topib basseynga o‘zini tashladi.

TUZOQ QO‘YGAN KIM BO‘LDI?..
Soat millari o‘n birga yaqinlashguncha ham Kamol hech narsani o‘ylamadi. O‘ylab, qayg‘urganda nima?.. Baribir, peshonaga yozilgani bo‘ladi… U o‘zi yoqtirgan konyaklardan birini maydala-ab vaqt o‘tkazdi. Televizor tomosha qildi, radio eshitdi. Bugun cho‘ntagiga kelib tushadigan katta pul ko‘z oldida gavdalanib har yuragi hapriqqanda hovli aylanib o‘zini bosdi… Nihoyat orziqib kutilgan onlar etib, u “Mersedes” motoriga o‘t qo‘ydi va ko‘z ochib yumguncha aytilgan joyda hozir bo‘ldi. Ob’ekt ivirsib yotardi. Agar, qorong‘i bo‘lmasa, sochilib ketgan g‘isht, beton, qumlarni ko‘rgan kishi bu erda tashmachilik avjiga chiqibdi deb o‘ylashi hech gap emasdi… Kamol yarmi ochiq binoga turtina-turtina zo‘rg‘a kirib oldi-yu, bir burchakda Abduvalining sigaret tutatayotganini ko‘rib ko‘zlariga ishonmadi.

— Qachon kela qolding?.. — so‘roqqa tuta ketdi u hovliqib, — Ish bitdimi?.. Shundan gapir…
Abduvali javob berish o‘rniga qora diplomat uzatdi.
— Mana bu ulushingiz…
Kamol “tuhfa”ni shosha-pisha qo‘liga olib endigina dasta-dasta pullarni ehtiyotkorona siypalay boshlagan ham ediki, orqada kimlarningdir qadam tovushlari eshitilganday tuyuldi. Qo‘rqa-pisa o‘sha tarafga o‘girilgan Kamol esa… Es-hushini yig‘ib ulgurolmadi. Ikki-uch nafar fuqaro kiyimidagi kishilar negadir to‘ppa-to‘g‘ri Kamolga yaqinlashib ikki qo‘ltig‘idan olishdi.

— Obbo, siz-ey, — zaharxandalik bilan dedi ulardan biri sovuq tirjayib, — Davlat mulkini o‘marish ham evi bilan-da!.. Shuncha qo‘yib berdik… Esingiz kirmaganini qarang-a!.. Ha, mayli, qolganini prokuraturada gaplashamiz, ketdik!..
— Anavi-chi?.. — beixtiyor bir chetda qo‘l qovushtirib turgan Abduvaliga ishora qilib norozi ohangda g‘udrandi Kamol, — Unga nega tegmadinglar?.. Ikkovimizning ishimiz-ku, axir!..

Notanish “suhbatdosh” kutilmaganda kulib yubordi.
— Obbo, siz-ey… Hali sotqinman ham deng… U bizning, ya’ni prokuraturaning odami bo‘ldi-ku bugundan boshlab!..
Kamol shu gaplardan keyingina ichida ilon asrab yurganini, behuda o‘rinbosar bilan til biriktirib qo‘yganini tushundi. Biroq… Afsuski, endi kech edi.

KELIShSA BO‘LARMIKAN?..
Mirshablar anoyi emas. Qaysi mahbus bilan qanaqangi muomala qilishni yaxshi bilishadi. Kamolni ham sobiq rahbar sifatida alohida kameraga joylashtirishdi. Joylashtiribgina qolmay, zarur “sharoit”largacha yaratib berishdi. Ikki kun “o‘tirgach”, uni tergovchi huzuriga olib kirishdi. Biram yuzlari zaxil, ko‘zlari xunuk ediki uning… “O‘ziyam turmadan qochganlardanmi nima balo?..” —o‘yladi Kamol tergovchining og‘ziga tikilib, undan savol kutarkan.

— Xo‘sh, grajdanin Salomov, nima ishlar qib yuribsiz-a?.. — qandaydir qog‘ozlarni to‘ldirib bo‘lgach, nihoyat boshini ko‘tardi tergovchi.
— Nima qilganim o‘zingizga ma’lumdir, axir!..

— Albatta, ma’lum… Ma’lum bo‘lmay ko‘rsin-chi!.. Qarang, siz faqat davlat mulkini o‘marishda ayblanyapsiz, desam, gunohlaringiz oshib-toshib ketibdi-ku-a?..
Kamol hayron bo‘lib qulog‘ini yanada ding qildi.
— Mana, — so‘zida davom etarkan, qo‘lidagi arizalarni birma-bir Kamolga irg‘ita boshladi u, — Xotiningiz Zarina Nasimovna sizni haqorat qilishda va do‘pposlashda ayblayapti. Mana bunisi esa, kotibangiz Shoira Muslimovadan… Qizchaning nomusiga tekkansiz, zo‘rlagansiz… Eh-he, kamida 20-25 yilga egalik qip turibsiz, o‘rtoq Salomov… Harakatingizni qiling… Qimirlang… Bo‘lmasa…

— Qanaqa harakat?.. Nima qilishim kerak?..
— E, o‘zingiz yo‘l-yo‘riqni mendanam yaxshiroq bilarsiz… Sizga o‘rgatib nima qildim…
Kamol er ostidan sekin tergovchiga qarab qo‘ydi. U sigaret tutatib, u yoq-bu yoqqa alanglab o‘tirishidan nimadir “umid” qilayotgandek tuyulardi.

“Yaramaslar-ey, — ko‘nglidan o‘tkazdi Kamol beixtiyor mushtlari tugilib, — Balo bir kelsa yopirilib keladi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da!.. Hammasi sotibdi… Hammasi til biriktirib mening payimga tushibdi…”
— O‘rtoq tergovchi, — Kamol kutilmaganda umidli ko‘zlar bilan tikilib dedi, — Mumkin bo‘lsa, bitta savolim boridi…
— Savol?.. Marhamat…

— Mabodo… Sizminan “kelishib” qo‘ya qolsak…
— Nima-a?.. — tergovchi jahl ustida o‘rnidan turib Kamolning tepasiga keldi, — Siz qayerda o‘tirganingizni bilasizmi?.. Shunday “pokiza” kabinetda turib menga pora taklif etyapsizmi?.. Menga-ya?..Vey, buniyam agar bayonnomaga tirkavorsam, bilasizmi nima bo‘ladi?.. Pora bergan ham, olgan ham kamida o‘n yil oladi-ku!.. Chiqing… Advokat oling… Yo‘qoling!.. Navbatchi!..
Tergovchining xonasidan bag‘ri battar xun bo‘lib chiqdi.
Baribir yo‘l qidirmasa bo‘lmasdi…

KO‘NGIL QURSIN-A, KO‘NGIL!..
Xudoyi taolo yorug‘ dunyoda hech bir bandasini besamar qo‘ymaydi. Yaxshi-yomonga ham, shohu gadoga ham mehribon. Ammo bu inoyatlarni kimdir tilab-tilab oladi, kimlardir tilab o‘tirmay erishadi. Kamol ham, hoynahoy, so‘nggi toifadagilar sirasiga kirsa, ajabmas… Negaki, uzzukun bosh qotirib advokat topgani, uni aytganlarining barchasiga ko‘ndirgani bilan shukr qilish esiga kelgan emas… Faqat… Bir umr to‘plaganlaridan bir soat ichida ayrilgani ko‘ziga ko‘rinaverdi. Zarinani so‘kdi, Shoiraning go‘riga g‘isht qaladi… Aslida, uning kuyinganicha bor edi. Zarina shunchaki ajrashib qo‘ya qolmay, hovli-joy bormi, mol-mulk bormi, barcha-barchasini o‘z nomiga o‘tkazib oldi.

Ustiga-ustak, ozodlik Kamol uchun naq ellik ming ziyod “ko‘ki”ga tushdi. Endi butkul ko‘chada qolgan sobiq rahbarning cho‘ntagida bir haftalik eyish-ichishgagina etadigan pul qoldi, xolos… Nima qiladi endi?.. Qaerga boradi?.. Qanday kunlarga solib qo‘yishdi-ya!..
“Ha, mayli, — shivirladi Kamol necha o‘n yillardan buyon qadam bosmay ketgan avtobus bekatiga yaqinlashayotib, — Harqalay, anavi qamog‘idan qutulib oldim-ku!.. Endi… Shoiraning yoniga borib o‘zim hadya qilgan… Tillalardan yarim-yolchisini so‘rab ko‘raman… G‘ing deb ko‘rsin-chi!.. Balki… Sal yumshoq gapirsam, xotinlikka rozi bo‘larmikin?.. Nima bo‘lgandayam, o‘rtamizda haligiday…”

Kamol adashgan ekan. Telefon go‘shagidan uning ovozini eshitgan Shoira sira kutilmagan javobni berdi:
— Kechirasiz, men hech qanaqa Kamol Karimovichni tanimayman… Boshqa raqamga tushib qoldingiz…
— Marazla-ar!.. — budkada turgan ko‘yi qichqirib yubordi Kamol, — Hammang kechagina soyamga salom qilgansa-an!.. Quchog‘imda erkalanganlaring esingdan chiqdimi-i?!
“Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan” Kamolni shu lahzada tanib bo‘lmasdi. Qorni tatalab ketayotganini his qilib cho‘ntagidagi mayda-chuyda pullarni sanagani sayin xo‘rligi kelar, dunyoga o‘t qo‘yishga tayyor turardi-yu, afsuski, ojiz-notavon edi.

BIZ SENGA QARINDOSh EMASMIZ
Kamol Karimovichdek odam tuni bilan avtobus bekatida qolib ketdi. Huda-behuda mehmonxona, eski tanish-bilishlarinikiga “sarg‘ayib” borishga g‘ururi ham, cho‘ntagi ham yo‘l bermasdi.
“Mana senga yorug‘ dunyo deganlari, — baland ovozda so‘zlana boshladi u azon mahali deyarli hech kimi yo‘q bekatning u yog‘idan-bu yog‘iga asabiy yurib, — Asrandi edim, asrandiligimcha qoldim… Lekin… Nahotki, shunchalar og‘ir gunohlarga yo‘l qo‘ygan ekanmanki, birpasda odam bolasi ko‘tarolmaydigan savdolarni boshimga solishsa?.. Nahotki, zarracha mehr-oqibatga haqli bo‘lmasam?..”

Kamol o‘ylay-o‘ylay, Xonobodga — o‘sha O‘lmasvoy tog‘asining hovlisiga borishga qaror qildi. “Yaxshiyam o‘shanda ochiq yuz bilan kutib olgan ekan… O‘shalar ham bo‘lmasa, hozirgi holicha kimning eshigini taqillatib kirardi?..”
U pullarini yana bir bor xomcho‘t qilib ko‘rdi. Ha-a… Qishloqq aetib oladi… Mayda-chuyda olishi ham mumkin…
“Harqalay, shu kunda tashlab qo‘yishmas, — xayolidan o‘tkazdi Kamol Qo‘qonga ketayotgan yo‘lovchi mashinalardan birida shumshayib o‘tirgancha,

— Nima bo‘lgandayam qarindosh degan nomi bor-ku!..”
O‘lmasvoy tog‘aning hovlisi oddiygina, ko‘rimsizgina ekan. Yakka sinchli uylarning suvoqlari har er-har eridan ko‘chib tushgan, anchadan buyon ohak ko‘rmagan devorlarni uzoqdan ko‘rgan odam og‘ilxona deb o‘ylashi hech gap emasdi.
— E, meni jiyanim kep qopti-ku!.. Qaysi shamollar uchirdi-a, jiyan?.. Xat-pat jo‘natsang kutib olardik Qo‘qonga chiqib… Xotin, qo‘yning kattasini tayyorla, jiyanimning oyog‘i tagida so‘yvoray!.. — O‘lmasvoy tog‘aning hech narsadan xabari yo‘q edi. U boshi egilgancha ostonada ikkilanib turgan Kamolning atrofida aylanib-o‘rgilar, Hojar xola esa, ko‘rishishni ham unutib, og‘ilxonada qo‘y tanlash bilan ovora edi.

— Men uchun sirayam ovora bo‘lmanglar, — dedi Kamol ovozi chiqar-chiqmas, — Endi ilgarigi davrlar o‘tdi… Hozir… Tashlandiq, hech kimga keraksiz bir bandaman… Menga… Bir-ikki kunga… joy berib tursalaringam katta gap…
“Xayriyat-ey, qo‘yni so‘yvormay to‘g‘ri qilgan ekanman, — o‘yladi ichida O‘lmasvoy tog‘a “jiyani”ning uzundan-uzoq hikoyasini beparvo tinglarkan, — Baribir, amaldan ketibdi… Endi buyam o‘zimizga o‘xshagan odam-da!.. Qayoqdagi asrandi bolaga tushib qolgan qo‘yim bormidi… O‘tsin-e!..”

O‘lmasvoy tog‘a haqiqatan birdaniga to‘nini teskari kiydi. Kechki ovqat ustida ham Kamolga tuzuk-quruq gapirmadi. Charchaganini bahona qildi-yu, erta-kundayoq yotib oldi. Hojar xola esa, Kamol bilan juda-juda suhbatlashgisi, dardlashgisi, o‘tmishni birga-birga eslagisi kelsa-da, eridan qo‘rqdi, uning Kamol ketgandan keyingi “hunar”larini o‘ylab o‘zini tortdi…

Kamolga negadir tashqaridagi so‘riga joy qilib berishdi. Uvadasi chiqqan, yana… Qandaydir badbo‘y hid o‘rnashib qolgan ko‘rpaga o‘ralish Kamolga juda alam qildi. “Qarindosh, joni achigandir deb o‘ylasam, bular ham o‘zgarib qoldi, — uf tortib qo‘ydi u, — Demak… Bu erdayam uzoq turolmasam kerak…” Kamol har ehtimolga qarshi kiyimlarini ertalabga tayyorlab qo‘ydi. Endi u o‘zini taqdir qo‘liga topshirishga majbur, ko‘rguliklarga yon berishdan, toqat qilishdan o‘zga chorasi yo‘q edi…

— Uka, ochig‘i… Ketsang… — Hali tong otib ulgurmay O‘lmasvoy tog‘a aytgan birinchi gap shu bo‘ldi, — O‘zing bilasan… Qishloqchilik… Qamalib chiqqan odam… Bu erda o‘tirsang…
“Yo‘q… Bu gaplarni eshitgandan ko‘ra… Axir… Sal yumshatib gapirsa ham bo‘lardi-ku!..” Kamol xuddi isitmasi chiqqan odamdek ancha joygacha dovdirab-dovdirab bordi…
Shu lahzada bisotidagi birdan-bir boyligi —elkasi osha tashlangan kostyumi ham unga og‘irlik qilar, xo‘rlangan, tahqirlangan, o‘z vaqtida hayotdan xulosa chiqarishni o‘ylamagan yoxud ulgurmagan sobiq amaldor yigit quruq qo‘l bilan qay tomon qadam qo‘yishni bila olmay halak edi.


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xiyonatning haqi...