23:04 / 11.07.2017
8 067

Xorij havasi ko‘ngilga tushganida…

Xorij havasi ko‘ngilga tushganida…
Lola har doimgidek eri bilan janjalning ayni «qizigan» vaqtida arazlab, boshqa xonaga chiqib ketdi.
Eshik ortidan Begzodning qattiq-qattiq ovozi eshitildi.
— O‘zi nima etmaydi senga? To‘yimiz bo‘lganiga hali bir yil to‘lmadi. Boshimizda qancha qarzimiz bor, sen bo‘lsang uningiz yo‘q, buningiz kam, deganing degan. Men ham qo‘limdan kelgancha harakat qilayapman, yana mendan nima xohlaysan?
Lola yana tilini tiyolmay ichkarida turib gapirdi.
— Ishlagani chet elga keting.
Begzod xonaga shoshib kirib, so‘radi.
— Nima deding?
— Ha, nima? Chet elda yaxshi topasiz. Shunda ham qarzlarni to‘laymiz, ham kam-ko‘stsiz yashaymiz.
Begzod o‘ylanib qoldi.
— Mayli, ota-onam bilan maslahat qilay-chi.
Bu javobdan Lolaning yuzi yorishdi.
Ertasi kuni nonushta vaqtida Begzod paytini topib kattalarga chetda ishlash haqida maslahat soldi. Ularning roziligini olgach, ketishga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.
Begzod bir hafta ichida hujjatlarni to‘g‘rilab, uchish uchun bilet ham sotib oldi.
Lola erining ketayotganidan, ishlab ko‘p pul jo‘natishidan rosa quvonar, bu to‘g‘risida barcha dugonalariga ovoza qilib bo‘lgandi.
Va nihoyat jo‘nash kuni ham keldi. Aeroportda Lola Begzodni hujjat rasmiylashtirishini kutib o‘tirardi. Shunda uning yoniga bolali ayol kelib, oldidagi o‘rindiqqa joylashdi.
Bolakay juda sho‘x ekan. Tinmasdi, hali unga tegar, hali buni o‘ynardi. Onasi «jim o‘tir» deyishdan charchamas, Lola bo‘lsa ularni maroq bilan kuzatardi.
— Juda tinib-tinchimas bola ekan.
— Voy nimasini aytasiz?
— Nima birortasini kutayapsizlarmi?
— Yo‘q, biz ham chet elga ketayapmiz, dadamizning oldiga.
— Ajoyib-ku.
Lola kutish zalida «sirpanchiq» o‘ynayotgan bolakayni oldiga olib so‘radi.
— Ismingiz nima?
Bola xarxasha qilib, Lolaning qo‘lidan chiqishga urinardi. Bolakayning o‘rniga onasi javob berdi.
— Ismi Kamron.
— O‘o‘, chiroyli ismi bor ekan. Kamron dadani ko‘rsangiz qanday salom berasiz?
Kamron hech unamadi, oxiri Lolaning bag‘ridan chiqib ketdi. Yonidagi ayol sekin gap qotdi.
— U otasini ko‘rmagan.
Lola xayron qoldi.
— Nega ko‘rmagan?
— Ehhe, buning tarixi uzun.
Ayol o‘ynab yurgan o‘g‘liga boqib, gapida davom etdi.
— Bir yillik kelin edim. Uyda hamma narsa bor, erim, qaynona-qaynotam, barchalari menga mehribon, hech narsadan kam-ko‘stimiz yo‘q. Biroq, baribir menga bir narsa etishmayotganday tuyular, shukr qilishni bilmasdim. Har kuni bir vaj topib janjal chiqarardim. Meni dastimdan uyda tinchlik yo‘qolgandi. Oxiri erim qiliqlarimga chidamadi, shart narsalarini olib, meni og‘iroyok holimda ota-onasiga tashlab, o‘zi chetga ishlash uchun ketib qoldi. Avvaliga ko‘p pul jo‘natayotganiga qiziqib, uning yo‘qligini sezmadim. Lekin keyinchalik o‘g‘lim tug‘ilganidan so‘ng oilamizga bosh kerakligini tushunib etdim. Bu orada uylarimizni ikki qavatli qilib soldik, qaynotamga mashina oldik, bir nechta do‘kon ham ochdik. Ammo endi bularning birortasi tatimas, menga boylik emas xo‘jayinim kerakligini tushungandim. Bularga endi etar, kelavering, desam, ko‘nmasdi, nazarimda u mendan bezigandi…
Yaqinda erim bilan birga ishlaydigan do‘stidan noxush xabar eshitdik. Aytishicha, erim ish vaqtida baland qavatli binodan yiqilib, bexush yotgan ekan. Hech qaeri lat emadimi desak, indamadi. Menimcha, axvoli jiddiy. Shuning uchun zudlikda bilet oldik, mana endi uchib ketayapmiz.
Lola xuddi o‘zining kelajagini eshitgandek xayolga berildi.
— Siz-chi, siz ham uchib ketayapsizmi yoki u bu kimni kutib olayapsizmi?
Lola savolga qanday javob qaytarishni ham bilmay qoldi va biroz sukutdan keyin:
— Kutib olayapman -, deb qo‘ydi.
Lola Kamronning yuzlaridan o‘pdi. Ularga ok yo‘l tilab, o‘rnidan turdi. Registratsiyada navbat kutib turgan Begzodni oldiga chaqirdi.
— Ha, Lola. Tinchlikmi?
— Ketdik, uyga qaytamiz.
— Axir mening navbatim keldi…
— Yo‘q, hech qaerga bormaysiz. Oldimga tushing…
Ular birgalashib aeroportdan chiqishdi.
— Lola nega dabdurustdan bunday qilding?
— Begzod aka, hamma narsa topilsa-yu, siz oldimda bo‘lmasangiz menga hech narsa yuqmaydi. Yaxshisi siz doim yonimda bo‘lib, ota-onamiz oldida farzandlarimizni birga voyaga etkazaylik. Shunda bari ko‘ngildagidek bo‘ladi.
Begzod mamnun holda Lolani bag‘riga bosdi. Shu onda ularning ustidan samolyot yuqoriga ko‘tarilib, uzoqlarga uchib ketdi.

Faridbek Mirzajonov

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xorij havasi ko‘ngilga tushganida…