13:05 / 25.07.2017
33 478

Siz qanday temperament sohibisiz?

Siz qanday temperament sohibisiz?
Insonning ruhiy dunyosi, aql-idroki, hissiyotlari, irodasi qanday ekaniga qarab, uning fe’l-atvorini aniqlash mumkin. Biroq, bularning barchasi turli yoshdagi kishilarda turlicha namoyon bo‘ladi.

Ba’zi odamlar tafakkuri o‘tkir, idroki keng, harakatlari chaqqon, g‘ayratli bo‘lsalar, ayrimlari harakatda sust bo‘lib, hissiyotga u qadar berilmaydilar. Ko‘rinadiki, insonlar harakat va hissiyot doirasida bir-birlaridan keskin farq qilar ekan.

Odamlarning temperamenti deb ataluvchi induvidual xususiyatlarini o‘rgangan olim, buyuk tabib Gippokrat tomonidan ishlab chiqilgan nazariya bu boradagi e’tiborga molik tadqiqotdir. U insonlarni tabiatiga qarab, to‘rt guruhga ajratadi:

XOLERIK. Bunday temperamentli kishilar tabiatan qo‘pol bo‘lsalar-da, ba’zida dilkash va xushchaqchaqdirlar. Ular ko‘p hollarda serjahl va asabiylikdan qiynaladilar. Ammo bilim borasida ulardan eng qiziqarli fikrlar chiqishi isbotlangan.
Ijobiy xususiyatlari: muloqotga kirishuvchan, harakatchan va faol.
Salbiy xususiyatlari: qo‘pol, qaysar, dilozor.

Siz — bir vaqtning o‘zida saranjom va behalovat bo‘lsangiz, qat’iyatli va tashabbuskor, o‘jar qaysar, tortishuv va bahslarda topqir, jahli tez, tavakkalchilikka moyil, o‘zgaruvchan kayfiyat va ifodali mimika egasi bo‘lsangiz, demak, xoleriksiz

SANGVINIK. Bu temperament sohiblari yangi sharoitga tez ko‘nikuvchan, nutqlari ravon, ovozlari baland, mimika bilan so‘zlash bobida juda faol insonlardir.
Ijobiy xususiyatlari: qiziquvchan, mehnatsevar, hozirjavob.
Salbiy xususiyatlari: o‘ziga ortiqcha baho beruvchi.

Siz — dilkash va quvnoq, tirishqoq va ishbilarmon, chidamli va mehnatsevar, tetik kayfiyatli, tez qaror qabul qilib, undan tez voz kechish fazilatlariga ega bo‘lsangiz, sangviniksiz!

FLEGMATIK. Ular xotirjam, vazmin, kamgapdirlar. Bunday insonlarning harakatlari sust, nutqi ravon bo‘ladi. Uzoq o‘ylab, aql bilan ish ko‘radilar. Yangi sharoitga juda sekin ko‘nikkanlari bois, o‘zgarishlarni xushlamaydilar.
Ijobiy xususiyatlari: o‘z fikrida sobit, xotirjam, ishbilarmon.
Salbiy xususiyatlari: dangasa va tushkun.

Siz — ishda tartibli va izchil, ehtiyotkor, toqatli, behuda kuch sarflamaydigan, hayajonni oson enguvchi, kun va ish rejimiga qat’iy amal qiluvchi flegmatiksiz!

MELANXOLIK. Tez ranjuvchi, ta’sirchan, qaror qabul qilishga qiynaluvchi temperament egalari bo‘lgan bunday odamlar arzimagan muvaffaqiyatsizlikdan ham tez tushkunlikka tushadilar. Kundalik hayotda hamma narsaga juda e’tiborli bo‘ladilar. Tavakkal qilishni yoqtirmaydilar.
Ijobiy xususiyatlari: muloyim, farosatli, go‘zallikka intiluvchan.
Salbiy xususiyatlari: arazchi va g‘amgin.

Siz — uyatchan va tortinchoq, yolg‘izlikni xush ko‘ruvchi, o‘zgalar ta’siriga tez beriluvchi, bo‘ysunuvchan va itoatkor, o‘ziga, atrofidagilarga nisbatan talabchan bo‘lsangiz, melanxolik guruhidagi kishilar toifasiga mansubsiz!

Yuqoridagi xususiyatlar asosida o‘zingizning qanday temperament sohibi ekanligingizni bilib olishingiz mumkin.

Tayyorlovchi: Dilnoza XOLMATOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Siz qanday temperament sohibisiz?