19:33 / 13.09.2017
8 332

Omonat g‘or siri (4-qism)

Omonat g‘or siri (4-qism)
Boyvachcha darhol o‘rnidan turdi.

— Nima gap?! — dedi u yordamchisi hali yetib kelib qo‘l uzatmasidan burun sabri chidamay.

— Xo‘jayin, — dedi Berdimurod qadamini tezlatib, Mo‘’tabarxonga o‘g‘rincha bir qarab olar ekan, past ovozda, — ozgina ish chiqib qoldi.

Nimadir bo‘lganini anglagan Mo‘’tabarxonning birdan ichi qizib ketdi. Nima gapligini bilish ishtiyoqi shunaqangi gurkiradiki, o‘zini qo‘yarga joy topolmadi, biroq uyga kirib ketmay iloji yo‘q, chunki bunday kezda boyvachchaning qamchisidan qon tomardi.

— Qanaqa ish? — dedi Xalil boyvachcha va ozg‘in qo‘llari bilan oldidagi piyolaning chetini cherta boshladi. Bu uning odati — qachon asabiylashsa oldida turgan narsani chertib taqillata boshlardi.

— Anavi Doniyor bilan Bobur ishkal chiqarib qo‘yishibdi.

— Nima, yana qanaqa ishkal? — boyvachcha o‘tirgan joyidan ilkis qo‘zg‘aldi.

— Moshinni ag‘darib yuborishibdi.

— “Mol” yo‘qmikan?

— Hali olishga ulgurishmagan ekan. Menimcha, endi borishayotgan bo‘lsa kerak. Ertaga Qozog‘istonga ketishi kerak edi.

— Tirikmikan onangni emgurlar?

— Ikkalasi ham tirik, lekin dabdalasi chiqib ketgan. Ayniqsa, Boburga qarab bo‘lmaydi… Keyin yana bitta “no”siyam bor.

Boyvachcha ko‘zlari olayib yordamchisiga qaradi.

— Doniyorning cho‘ntagidan yuz gramm chiqibdi!..

— Itdan tarqagan! Bu yerda bir gramm ham sotma degandim-ku, padaringga la’natga! — qichqirib yubordi Xalil boyvachcha va jahl bilan piyolani favvoraning girdidagi toshga qulochkashlab urdi.

— Xo‘jayin, hammasini tekisladim. Imi-jimida hal qilib keldim. Birov xitlangani yo‘q, — dedi Berdimurod Xalil boyvachchani tinchlantirish maqsadida. U kutganiday, xo‘jayini qo‘llarini musht qilib, u yoqdan-bu yoqqa asabiy borib-kelib, biroz bosildi.

— Bugun Lazokat Chimkentga ketmoqchiydi. Birga o‘qigan sinfdoshi o‘sha yoqqa ko‘chib ketgan, shuning tug‘ilgan kuniga bormoqchiydi. Bormaydi, — dedi Xalil boyvachcha o‘ziga-o‘zi gapirganday g‘udranib, so‘ng Berdimurodga yuzlandi: — Mentlar ko‘ribdimi Doniyorning cho‘ntagidan chiqqan narsani?

— Ko‘rishgan, lekin hali chuqurlashib ketmagan ekan.

— Hm-m. Faqat ularning moshinasi ag‘anaganmi?

— Yo‘q. Yana bitta “Tiko”ning dabdalasi chiqibdi. Ko‘rganlarning aytishicha, bizning moshina avvaliga qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketibdi. Qarshisidan “KamAZ” kelayotgan ekan. Birdan o‘zining yo‘liga o‘tmoqchi bo‘lib “Tiko”ni qarsillatib uribdi. Tezligiyam yuzdan kam bo‘lmagan. “Tiko”ning shofyori o‘libdi, lekin yonidagi tirik ekan.

— Unda, — Xalil boyvachcha peshonasini qashladi, — bitta militsioner emas, ko‘pchilik ko‘rgan Doniyorning cho‘ntagidagini. Buni chuqurlashmagan deb bo‘lmaydi… Doim aksiga oladi-ya! Bu iflos Doniyor bir oy oldin bittasini zo‘rlab qo‘lga tushuvdi. O‘shanda olib chiqayotib: «Bu — oxirgisi!» deb uni ogohlantirgandim. Endi kechirish yo‘q. Kasalxonaga borasan. Bugun tunda. Olib chiqasan… Go‘rni axlatxonadan qazigan yaxshiroq, to‘g‘rimi, nima deysan?

— Balki…

— Balki-malkisini bilmayman. Tushundingmi?! — dedi Xalil boyvachcha o‘tkir nigohini yordamchisiga qadab. Berdimurod yutinib oldi-da:

— Boburniyammi? Har qalay, ikkalasi birdan ketsa, iz yo‘qolardi, — dedi.

* * *

Lolaning qoni qaynab ketdi. G‘azabi jo‘shib, Xosiyat bibining orqasidan borib uni yumdalab tashlagisi keldi. Qo‘llarini musht qilib o‘rnidan turdi. Ammo ikkita lo‘li xotinning turib olishiga ko‘maklashgani biroz shashtini tushirdi. Lekin alami bosilmadi. “Shoshmay tur, — deya tishini qayradi u, — sen mochag‘arning adabingni shunday berayki, umrbod esingdan chiqmasin! Senga bizni bog‘lab berib qo‘ymagan. Qachongacha boshimizda yong‘oq chaqasan, qari alvasti!”

U qo‘lidan tutib turganlarga qarab iljaydi.

Lola doim ulardan chetroq yurishga urinar, ter hidiga chidolmasdi. Uyidayam shu ahvol — badbo‘y havodan bo‘g‘ilib ketadi. Ukalarini, opasini holi-joniga qo‘ymaydi, ovqat mahali kim qo‘lini yuvmagan bo‘lsa, jerkib beradi, ta’sir qilmasa, turtkilaydi. Biroq bu bilan ahvol o‘zgarmaydi, achimsiq hid anqiyveradi.

Lo‘li xotinlar unga “Nozikoyim” deb laqab qo‘yib olishgan. Bunga Lola burnini jiyirib qo‘yaqoladi. Lekin yigitlarning suykalishi joniga tegib ketgan. Bo‘y yetganidan beri qo‘shnisidan tortib mahallaning narigi chetidagi bo‘z bolalargacha uyining atrofida o‘ralashadi. Koshki birontasi unga yoqsa. Ko‘chaga chiqdi deguncha, birvarakayiga hammasi och bo‘rilarday ko‘z osishadi. Ba’zilari gap otgani yetmaganday, qo‘lidan ushlashga urinib ham ko‘radi. Avvallari Lola hayiqib qochib qolardi. Endi onasidan “qo‘l” oldi-da, ko‘cha eshigini ochishi bilan kashtalab qarg‘aydigan bo‘ldi. Shundan keyin qop-qora devday lo‘li yigitlar biroz chekinishdi. Chekinmaganiga onasi “hujum” qilib, qiziga ko‘maklashdi. Bundan ilhomlangan Lola shunchaki ko‘nglini xushlash uchun ham yigitlar bilan jiqillashar, ularni “badbo‘y” deb boplab haqoratlardi. Shu zayl u eng shaddod lo‘lilarni ham ortda qoldirib, “shartaki” degan “siylov”ga ega bo‘ldi.

Bo‘yniga tilladan yasalgan mo‘’jaz odam kallasi shaklini osib yuradigan Baron paydo bo‘lganidan keyin uning popugi pasayganday bo‘ldi. Ilgari, bundan yetti yilcha muqaddam unga Lolaning ko‘zi tushib turardi. O‘shanda ham Baron hozirgiday bitta yengi yo‘q maykada yurar, doim atrofida besh-olti yugurdagi bo‘lardi. Undan lo‘lilarning bari, hatto Xosiyat bibi ham cho‘chirdi. Chamasi, “Baron o‘zining qardoshlarini ham ayamagan, qo‘yni bo‘g‘izlaganday bo‘g‘izlab tashlagan, u balodanam qo‘rqmaydi — ko‘knorifurushlik bilan shug‘ullanadi”, — degan uzunquloq gaplarda jon bor edi.

Ikki hafta oldin Lola uni tasodifan ko‘rib qoldi. Ko‘cha boshida shotirlari bilan turgan ekan. Qizning badani jimirlab ketdi. Baronning bo‘ynidagi zanjirga osilgan odam kallasiga ko‘zi tushib, tizzasi qaltiradi. Ovozi chiqar-chiqmas “Salom” dedi-yu, zipillab o‘tib ketdi.

O‘shanda ko‘ngli sezdi Baronning ortidan tikilib qolganini. Bundan battar vahimaga tushdi. Adashmagan ekan. Oradan bir kun o‘tmay Baronning odamlari Lolani so‘rab kelishdi. Ota-onasi nima deb javob berishni bilmay garangsib turishganda, Lolada jur’at paydo bo‘ldi.

— Men, — dedi ko‘zlaridagi nafratini yashirmay Baronning odamlariga tik qarab, — hech qachon unga erga tegmayman!

“Xushxabar”ni qo‘ltiqlab ketgan Baronning odamlari qayta kelishmadi. Ammo mahalladoshlarning Lolaga muomalasi o‘zgarib qoldi. Unga endi birorta lo‘li jilmayib qaramas, Xosiyat bibi esa to‘nini teskari kiyib olgan, har qadamda turtkilayverib jonidan o‘tkazib yuborardi. Bir marta hatto uni bozordan haydab chiqardi. Albatta, tazyiqlar sababini boshqalar qatori Lola ham yaxshi bilardi…

Hozirgi ahvolda uning o‘rnida boshqa lo‘li xotin bo‘lganida, balki yengil koyish bilan qutulardi-qo‘yardi. Lekin Lola… Haliyam baxtiga militsioner kelib qoldi, yo‘qsa…

Qizning iljaygani yonidagilarni ancha ruhlantirdi. Ular Lola endi o‘ziga kelolmaydi, arazlab yuradi, deb o‘ylashgan edi.

— Sassiq kampir… hali mendan ko‘radiganini ko‘radi, — dedi Lola tap tortmay.

— Ib-bi, — chap tarafdagi lo‘li xotin labini tishladi, — Lola, bu gapingni eshitmasin bibi. Kallang ketadi.

— Fu! — labini burdi Lola. — Baronning laychasi.

Shu gapning o‘zi ko‘zlari shokosaday lo‘li ayollarga yetib ortardi. Ularning ichlari qizib, hoziroq Xosiyat bibiga Lolaning og‘zidan chiqqan gapni qo‘shib-chatib yetkazishga oshiqishardi. Lola ulardan to‘rt qadam uzoqlashsa bas, yo‘rg‘alashadi. Ularning ko‘nglidagi bo‘ldi: Lola qo‘lini siltab tashladi-da, turnaqator “Ikarus” avtobuslari tomon ketdi. Ikkala lo‘li xotin ko‘z urishtirib olib, Xosiyat bibining “qarorgoh”iga qarab chopishdi.

Xosiyat bibi xabarni eshitib battar qorayib ketdi, ko‘zlari olaydi, peshona tomirlari bo‘rtdi. Yengini asabiy shimarib, kirning qalinligidan yaltirab ketgan qop-qora to‘rvasiga kosovday qo‘lini tiqib, qo‘l telefoni chiqardi-da, Baronning raqamini terdi.

Bu paytda Baron maishat bilan band — aroq ichib, gazagiga hil-hil pishgan qo‘y go‘shtini ishtaha bilan chaynab, yonboshlab yotardi. Jiringlagan telefonga bir qarab qo‘ydi-da, keyin istamay qo‘liga olib ko‘zgusiga qaradi. Unda Xosiyat bibining raqamlari yozilgandi. Erinib telefon tugmachasini bosib qulog‘iga olib bordi.

— Baron! — dedi Xosiyat bibi o‘pkasi og‘ziga sig‘may. — Lolani o‘ldiraman!

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (4-qism)