19:20 / 13.09.2017
80 428

Erkak kishi ayol kishiga hech qachon aytmaydigan 11 ibora

Erkak kishi ayol kishiga hech qachon aytmaydigan 11 ibora
Erkaklarning xayollari nimalar bilan band bo‘lishi ayollar uchun qiziqarli mavzu. Hatto o‘zimizni qiziqtirgan ayrim savollarga erkaklar qanday javob berarkan deya turli taxminlarga boramiz. Quyida erkaklar rafiqalariga hech qachon aytmaydigan 11 ta gap haqida Darakchi.uz material tayyorladi. Sahifamiz mehmoni esa erkaklar olamining vakili sifatida ularga izoh beradi. Biz bahonada javoblardan erkaklarning fikrlari va ruhiyatini o‘rganish imkoniga ega bo‘lamiz. Qani, ko‘raylik-chi, u quyidagi 11 iboraga qanday munosabat bildirar ekan.

Tanishing!
Dilmurod G‘ULOMOV — «O‘zbegim Taronasi» radiosi boshlovchisi, Oilali:

«Ayollarni qiziqtirgan savollarga o‘z fikringizni bildiring, deyishganida, rosti, hayajonlandim. Axir ayollar bilishni istagan savollar hoynahoy «global» mavzularda bo‘lsa kerak…»

«Sevgilim, e’tiboringni qozonish uchun ba’zida yolg‘on so‘zlayman…»

Ha, shunday vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Ammo bu yolg‘onlar faqat yaxshilik uchun xizmat qilishini unutmang. Sevgan ayolimizning ko‘nglini og‘ritmaslik yoki yuzaga kelgan vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun ba’zida yolg‘ondan foydalanamiz. Ammo bu chin ko‘ngildan aytilgan yolg‘on emas. Agar erkak kishi sevmasdan turib, «Seni sevaman» deya jar solsa, bilingki, u sizni aldayapti. Mana bu haqiqiy yolg‘on. Hayotimizni yanada go‘zal va osoyishta qilish uchun ishlatadigan yolg‘onlarimizni esa kechirish mumkin.

«Yigitlarga aqlli qizlar yoqadi, ammo bundaylarga uylanish biroz cho‘chitadi…»
Tan olaman, bunday yigitlar mutlaqo yo‘q, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin shaxsan mening fikrimcha, ayoling aqlli, dono va uddaburon bo‘lsa, qaytanga yaxshi-ku! Ammo hozirgi yigitlar tashqi ko‘rinishi ham, odobi va zehni ham go‘zal qizlarni tanlayapti.

«Menga xushomad qilsang moyday yoqib tushadi!»
Erkaklar olamining vakili sifatida ayta olamanki, ayol kishi hadeb xushomad qilaverishi har doim ham yoqavermaydi. Bu g‘ashimizga tegishi mumkin. Shu bois nima istayotganingizni ortiqcha mug‘ombirliklarsiz tushuntirishga harakat qiling. Vaziyatga qarab, istagingizni to‘g‘ri tushuntirsangiz, iltimosingizni yerda qoldirmaymiz. Agar bo‘lar-bo‘lmasga xushomad qilaversangiz, bachkana ko‘rinishingiz mumkin. Aytishadi-ku, asalning ham ozi shirin deb…

«Senga hazil qilishga qo‘rqaman»
Erkak kishi ayoliga bunday demaydi. Aytgan taqdirda ham bu qo‘rquv rafiqasini ayashi ma’nosida ifodalangan bo‘ladi. Masalan, aksariyat erkaklar, ayniqsa, farzandli bo‘lgach, rafiqasi bilan o‘ylab hazil qiladi. Sababi siz ayollar farzand tarbiyasini yelkangizga ortib, o‘zingiz bilmagan holda yanada jiddiylashib qolasiz. Bu vaqtda siz bilan hazillashib bo‘larmidi! Vaziyatga qarab, kayfiyatingizni ko‘tarish uchun oz-moz hazillashib tursak, tushunasiz deb o‘ylaymiz. Axir sevgan ayolimizga qaltis hazil qilishga botinolmaymiz…

«Hamma erkaklar xiyonat qiladi…»
Men bu iborani rostdan ham hech qachon tilga olmayman. Chunki bunday deb o‘ylamayman, hamma erkak ham xiyonatkor emas! To‘g‘ri, besh qo‘l barobarmas. Ammo bitta xiyonatkorni ko‘rib, «Hammasi shunday» deb xulosa chiqarishga shoshilmang. Avvalo, o‘zingiz erkakning xiyonat qilishiga yo‘l bermang. Bo‘lar-bo‘lmasga shubhanalavermang. Erkaklarga ishonch bildirib, maslakdosh bo‘lsangiz, hech qachon oilasiga xiyonat qilmaydi. Shaxsan men oila qurildimi, demak xiyonatga yo‘l yo‘q deb hisoblayman. Oldinga tashlangan har qanday qadam faqat oila tomonga bo‘ladi. Chunki oila muqaddas!

«Oilamni qadrlayman, ayolimni sevaman, ammo buni hadeb oshkor etavermayman…»
Ikki toifadagi erkaklar bor: birlari his-tuyg‘ularini bildirishni istamaydiganlar bo‘lsa, ikkinchisi ayoli bilan o‘zaro muhabbat va do‘stlik munosabatlarini qadrlaydiganlar. Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan men ayolimga muhabbatimni oshkor etib turishni yaxshi ko‘raman. Oilada iliq munosabatlar bo‘lishi uchun his-tuyg‘ularimizni bildirib turishimiz lozim. Ayollar ham o‘z navbatida muomalamizga yarasha munosabat bildirishsa, er-xotin inoqligi bardavom bo‘ladi.

«Xafalashib qolsak, birinchi qadamni tashlashni, uzr so‘rashni xohlayman, ammo…»
To‘g‘ri, yarashib olish uchun bahona axtarib, ko‘nglingizni olish payida bo‘lamiz. Ehtimol buni payqamassiz. Ishdan toliqib kelsak, kayfiyatimiz bo‘lmasa yoki shunchaki biroz tobimiz qochib, holi qolishni istasak, siz ayollar ahvolimizni tushunmay, ranjib qolasizlar. Ammo biz buni atayin qilmaymiz. Bir sirni aytaymi, har qaysi erkak ayoli bilan xafalashib qolganda «Bekor uni xafa qilib qo‘ydim-a» deya ko‘nglidan o‘tkazadi. Biroq sirtida bilintirmaydi. Shunday ekan deb, juda uzoq arazlab yurmang tag‘in.

«Azizam, senga sovg‘a hozirlashim uchun bayramni yodimga solishing, hech bo‘lmaganda shama qilishing kerak»

Yo‘q, bu shart emas. Qanday bayram yaqinlashayotgani, tavallud ayyomingiz va shunga o‘xshash boshqa quvonchli damlar doim yodimizda. Ammo ba’zida yugur-yugur, tashvishlar bilan bo‘lib, biroz xayolimizdan ko‘tariladi. Ehtimol tug‘ilgan kuningizda ertalab xayol bilan bo‘lib, tabriklashni unutarmiz. Ammo kun davomida yoki ishdan qaytgach, albatta, shodligingizga sherik bo‘lamiz. Bunday vaqtlarda birinchi qadamni tashlashga shoshilmay, ozroq kutsangiz bas.

«Choyxona, gap-gashtaklarda biz ham ayollarni g‘iybat qilamiz»
Shaxsan mening davramda bunday bo‘lmaydi. Do‘stlar bilan salom-alik vaqti oilalarimiz, onamiz, singil, rafiqa va farzandlarimizning salomatligi, hol-ahvoli haqida qisqagina so‘ralishi mumkin. Ammo bu odob yuzasidan bajariladigan holat. Boshqa bu mavzuga qaytilmaydi. Erkaklarning suhbati rejalashtirgan ishlarimiz, muvaffaqiyatlar, erkaklar uchun kerak bo‘lgan yaxshi narsalar haqida bo‘ladi. Ayollarni umuman aralashtirmaymiz.

«Biz erkaklar ko‘cha-ko‘yda xushbichim ayolni ko‘rib zavqlanamiz, ammo ayolimiz boshqalarga chiroyli ko‘rinishi mumkin emas!»
Ba’zi erkaklar ehtimol ko‘cha-ko‘yda o‘ziga oro bergan ayollarga xushomad qilar. Shu bois ham bu mavzuda hamma erkaklar nomidan gapirolmayman. Men o‘zim tanigan ayol tanishlarimgagina havas bilan qarashim mumkin. Biroq bundan ortig‘i emas. Aytishadi-ku, inson hamisha go‘zallik tomon intiladi, deb. U xoh go‘zal ayol bo‘lsin, xoh chiroyli hayot, muhimi, fikr to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Ayollarninng o‘ziga oro berishi esa chegara doirasida bo‘lgani ma’qul. Bu chegara har bir oilaning muhiti, tarbiyasidan kelib chiqib belgilanadi.

«Men onamning erkasiman!»
Bunday demasak-da, aslida shunday. Hamma erkaklar qaysidir ma’noda onajonlarining erkasi. U erkak qirq yoshga kiradimi, ellik yoki oltmishgami, volidasi uchun doim suyukli va ardoqli bo‘lib qolaveradi. Mushtipar onajonlarimiz 80-90 yoshga yetgan bo‘lsalar ham ellikka kirgan o‘g‘illarini erkalab, suyadilar. Bu haqiqat! Biz erkaklar onajonlarimizning erkasimiz!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkak kishi ayol kishiga hech qachon aytmaydigan 11 ibora