23:30 / 21.09.2017
6 716

Omonat g‘or siri (15-qism)

Omonat g‘or siri (15-qism)
Berdimurod shotirlarini kasalxona darvozasi oldiga tushirib, o‘zi ikki yuz metrcha nariga o‘tib mashinani to‘xtatdi. Mashinadan tushmay sigareta tutatdi, so‘ng oynadan orqa tarafga bir muddat qarab turdi. Zerikdi shekilli, mashinadan tushib, u yoq-bu yoqqa yurdi, qo‘lidagi sigaret qoldig‘ini chetga uloqtirib, mashinaga suyangancha tevarakka ko‘z yugurtirdi. Yuragi negadir bezovta ura boshladi. U avval ham bunday ishlarning olti-yettitasini uddalagan edi. Birinchisida, rosti, bir oz dovdiradi, hatto qo‘rqqanidan yuragi yorilayozdi. Axir, o‘z qo‘li bilan ilk marta odam qonini to‘kkan, qon favvoraday otilayotganini ko‘rib ko‘zlari kosasidan chiqib ketay degandi. Keyingilarida tuki “qilt” etmadi. Bir marta sovuq nazar tashlab indamay ketaverdi.

Qotilliklarning bariga u qo‘shni davlat hududida qo‘l urgandi: “mijoz”ni aldab pastqam joylarga olib borar, so‘ng “ish”ni bitirib, iziga qaytardi. Jinoyatdan xabar topishguncha u iniga yetib kelib, xojasining maqtovlari-yu mukofotlaridan bahramand bo‘lishga ulgurardi. Hozir qotillikni boshqalarning zimmasiga yuklagan esa-da, negadir yuragi g‘ash, ketma-ket sigaret tutatardi.

Berdimurod yana bir marta atrofiga sinchiklab nazar solayotganda uzoqdan katta tezlikda kelayotgan uchta mashinaga ko‘zi tushdi-yu, titrab ketdi. “Milisa qaysi go‘rdan xabar topibdi?” degan fikr miyasiga urilgani hamon shoshib “Jiguli”siga o‘tirib qochishga shaylandi. Mashinalar kasalxona darvozasi yonida qatorlashib to‘xtadi. Ulardan bir yo‘la yuziga niqob kiygan oltita norg‘ul-norg‘ul yigit sakrab tushib, kasalxonaga yugurib kirib ketishdi. Berdimurod shoshib qo‘l telefonida raqam tera boshladi. Aksiga olib adashganmi, go‘shakni yosh bola ko‘tardi. U alam bilan telefonni o‘rindiqqa urdi. So‘ng qayta e’tiborini jamlab “ovchi”lardan birining qo‘l telefoni raqamini terdi.

— Allo, — shotirlaridan biri javob qildi.

— Otboy! Tez qochinglar! Mentlar xitlanibdi. Choyxonada ko‘rishamiz! — deya baqirdi Berdimurod va mashinasiga gaz berdi.
* * *
Baron shishaning tagida qolgan aroqni qadahga quyayotganida Lolani kasalxonada ko‘rgan lo‘li xotinni xojaning ikki yigiti yetaklab kirib keldi.

— Ha, nima bo‘ldi?! — tinchi buzilganidan jahli chiqdi Baronning.

— Xushxabar, xo‘jayin, — dedi yigitlardan biri, — malika topilibdi.

Piyolani dast ko‘tarib aroqni sipqorgan Baron lo‘li xotinga qarab:

— Gapir, tez bo‘l, — dedi.

— Lolani kasalxonada ko‘rdim. Allambalo kiyinib olgan, sochlarini orqasiga tashlagan, darrov taniyolmadim, sharmandaning o‘zginasi. Yonida yana bitta qiz bor.

Baronning qo‘llari musht bo‘lib tugildi, ko‘zida o‘t chaqnadi. Xabarkash lo‘li xotinga yeb qo‘yguday tikilib, Lolaning qaysi kasalxona, qaysi palatadaligini ijikilab so‘radi. Xabariga mo‘may mukofot kutgan lo‘li xotin Baronning turqidan dovdirab qoldi.

— Hoziroq oyog‘ini yerga tekkizmay olib kelinglar! — bo‘kirdi Baron. So‘ng “eshikbon”ni chaqirib, haliyam bir dunyo umid bilan turgan “quloq”qa yuz ming so‘m berib yuborishni tayinladi.

Kasalxonaga yetib kelgan Baronning yigitlari shoshishardi. Ular xojaning ko‘nglini xotirjam qilishib, o‘zlari ham shu bilan orom topish niyatida edilar. Zero, ikki kundan beri itda tinim bor-u, ularda orom yo‘q, tovonlari qabarib ketdi. Shundanmi, shotirlar kasalxonaga ko‘z tashlab kuzatmay turib, to‘g‘ri bostirib kirishdi. Niqobli, barzangi odamlarning yugurib kirishganini ko‘rib qorovul hang-mang bo‘lib qoldi. Niqoblilarning uchtasi o‘tib ketgunicha u o‘rnidan qo‘zg‘alolmadi. Keyin shoshib telefonga yopishdi, ammo endi kech edi.

— To‘xta! — degan keskin tahdidli tovushdan yuragi yorilayozgan qorovul go‘shakni sekin joyiga qo‘yib, ortiga o‘girildi. Qarshisida yana bir niqobli yigit to‘pponcha o‘qtalib turardi. Qorovul buni kutmagan, u bosqinchilarni uch kishi, deb o‘ylagandi.

— Bu yoqqa kel, — to‘pponcha bilan ishora qildi niqobli.

Qorovul titrab-qaltirab u ishora qilgan tarafga o‘tdi. Shuni kutib turgan bosqinchi to‘pponchaning qo‘ndog‘i bilan qorovulning peshonasiga qarsillatib urdi. Qorovul bir muddat gandiraklab turdi-da, keyin gursillab quladi.
* * *
Derazadan qaragan nusxa qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday kiprik qoqquncha bo‘lmay ko‘zdan yo‘qolganidan sarosimalanib qolishgan Fathulla bilan ikki qiz eshik tomonga qadam tashlashlari hamon eshik taraqlab ochilib, birin-ketin yuziga niqob tortgan uchta barzangi kirib keldi. Fathulla qo‘l-oyog‘i shalvirab, haykaldek qotib qoldi. Nargiza undan battar ahvolda edi. Birgina Lolaning hushi joyida, biroq uning oyoqlari ham qaltirardi. Barzangilardan biri Fathullaning peshonasiga to‘pponcha tiradi, ikkitasi esa Nargiza bilan Lolaning yuziga hushdan ketkazuvchi gaz purkashdi. Qizlar bir oz tebranib turib, keyin holsizlanib qolishdi, barzangilar birin-ketin qulab tushayotgan qizlarni quchoqlab, qopday yelkalariga ortmoqlagancha olib chiqib ketishdi. Fathullaning boshiga qorovulning kuni tushdi: peshonasidan qon sizib chiqqan do‘xtir yerga cho‘zilib qoldi. Taloto‘mni joyida kuzatib yotgan Bobur ingrab yubordi.

— Tegmalaring, itdan tarqaganlar! — deya baqirdi. Biroq uning tovushi shu qadar zaif ediki, o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi…
* * *
Baron betoqatlanib u yoqdan-bu yoqqa yurar, o‘zicha g‘udranib so‘kinib qo‘yardi. Lekin kimni so‘kayapti, nega so‘kayapti — bunisini o‘zi ham bilmasdi. Bunday paytda uning yoniga bironta lo‘li yo‘lay olmas, har qancha zarur ish bo‘lsa-da xojasining o‘ziga kelib olishini kutardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Ikkala qizni hushsiz holda olib kelgan yigitlar “eshikbon”dan vaziyatni bilishgach, tashqarida kutib qolishdi. Baron esa jig‘ibiyron bo‘lar, devorga osig‘liq soatga ko‘z tashlab qo‘yardi. Sabr kosasi to‘ldi, shekilli, u stol ustidagi shisha-yu piyolani uloqtirib, eshikka yo‘naldi va uni tepib ochdi. Tashqaridagilar xo‘jayinning vajohatini ko‘rib sarosimaga tushishdi.

— Hayvondan tarqaganlar, … yeb turibsanlarmi bu yerda?! Yo meni bo‘g‘ilib o‘lsin, dedinglarmi! — deya maxluqqa o‘xshab o‘kirdi Baron.

— Sizni bezovta qilishga haddimiz sig‘madi, — dedi mayin ohangda Hasan. Agar shu gapni qatordagi boshqa bir yigit aytganida, shubhasiz, hoziroq narigi dunyoga rixlat qilgan bo‘lardi. Ammo Hasan, yaqin-orada xojasi bilan unga yaqin kishiday bemalol gaplashgani uchun, bunga jur’at qildi.

— Olib kiringlar, — dedi Baron Hasanga qarab. Bu uning yumshaganidan dalolat edi va ayni chog‘da Hasanning mavqei ham bir pog‘ona ko‘tarilgandi.

Nargiza bilan Lolani Baronning mehmonlarni qabul qiladigan xonasiga ko‘tarib kirishdi. Birovning xotini yoki qizini begona erkakning quchoqlab ko‘tarishi ayb sanalar, hozir esa bu zarurat esa-da, baribir Baronning rashki keldi-yu, biroq indamadi. Qizlarni divanga cho‘ziltirib yotqizishgach, Baron bir ishora bilan shotirlarini chiqarib yubordi. Keyin goh Nargizaga, goh Lolaga termildi. Boshi qotdi. Qizlarning go‘zallikda biri-biridan sohibjamolligi uning ichini qizdirdi. “Lolani xotinlikka olaman, — dedi kaftlarini ishqab. — Dugonasi o‘ynashim bo‘ladi, mendan boshqaning qo‘li tegmaydi”. Baron shirin xayollar og‘ushiga sho‘ng‘idi. Tasavvurida, Lola unga ketma-ket o‘g‘illar tug‘ib berar, dugonasi esa nazokatli ishvalari bilan ko‘nglini chog‘ qilardi. Shirin xayollar og‘ushi va aroqning ta’siri uni uyqu sari yetakladi. Baron yumshoq oromkursiga yastangancha uyquga ketdi.

Nargiza ko‘zlarini arang ochdi, boshi lo‘qillab og‘rirdi. Qayerda yotganini bilolmay atrofiga alangladi. Xona nihoyatda shinam qilib bezatilgan. Lekin qandaydir begona, sovuq. Nargizaning ko‘ziga allaqanday g‘arib ko‘rindi. U asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi, ko‘zi oromkursida xurrak otayotgan badbashara odamga tushdi. “Bu kim bo‘ldi?” o‘yladi u. Shundagina xayolida kasalxonadagi to‘s-to‘polonlar jonlanib, titrab ketdi, ohista ortiga tisarilib, eshikka jilayotganida Lolani ko‘rib qoldi. U o‘zi yotgan yumshoq karavotning bosh tomonidagi divanda uxlab yotardi. Nargiza iziga qaytib, Lolaning yoniga bordi-da, uni sekin-sekin turta boshladi.

— Lola, Lola, ko‘zingni ochsang-chi, tur, tez tur…

Biroq Lola ko‘zini ochmas, nuqul: “Im, im” deb qo‘yardi-yu, uyg‘onay demasdi. Nargizani vahima bosdi, barzangi uyg‘onib qolmadimikan, deb u yotgan tomonga qarab oldi va yana dugonasini uyg‘otishga urindi. Nihoyat Lola ko‘zini ochdi.

— Bizni o‘g‘irlab kelishibdi, qochaylik, tur o‘rningdan, — dahshat bilan pichirladi Nargiza.

— Qayerdamiz? — dedi Lola ko‘zlarini ishqalab. Uning ovozi baland chiqqanidan Nargizaning yuragi “shig‘” etib ketdi. O‘girilib oromkursidagi badbashara barzangiga yuzlandi-yu, vujudiga titroq kirib, beixtiyor o‘tirib qoldi.

Baron ularga iljayib qarab turardi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (15-qism)