20:30 / 30.09.2017
6 397

Omonat g‘or siri (31-qism)

Omonat g‘or siri (31-qism)
Ko‘chaga chiqqach, yugurmasa-da, tez-tez yurib, katta yo‘lga chiqib oldi-da taksi to‘xtatdi va shu bo‘yi doim kayf-safo qiladigan tungi klub tomon ravona bo‘ldi. O‘sha yerda dugonamni uchrataman, deb o‘ylagandi, biroq klub hali ish boshlamagan, boshlashiga besh-olti soat bor edi. U shoshib kelib qolganiga xunob bo‘lib sochlarini g‘ijimladi, so‘ng qora ko‘zoynagini peshonasiga qantarib, sumkachasidan qo‘l telefonini olib raqam terdi. Aksiga olib, dugonasi go‘shakni ko‘taravermadi. Qizning jig‘ibiyroni chiqib: “Ertaroq ko‘tarsang o‘lasanmi, Guli?” — deya dugonasini qarg‘adi. Nihoyat go‘shak ko‘tarilib, undan uyqusiragan:

— Allo, — degan ovoz keldi.

— Guli, haliyam uxlayapsanmi ayiqqa o‘xshab? — ko‘zi porlab ketdi Lazokatning.

— Lazi, o‘zingmisan?.. Kecha bollar bilan ko‘p o‘tirvoribmiz, ertalab uyga keldim. Rosa charchabman.

— Mazza qigandirsilar?

— Nega o‘zing kelmading, para buzildi. Bechora Temurchik, bir o‘zi qop ketdi… Hozir qattasan?

— Men ahmoq shu paytdan kevolibman diskotekaga.

— Bo‘pti, biznikiga kel. Aytmoqchi, bitta pivo olvol. Boshim yorilib ketay deyapti.

Lazokat taksi tutib, yo‘l-yo‘lakay besh shisha pivo oldi. Kechgacha maza qilib ichib o‘tirishni mo‘ljallagandi u.

Gulining uyiga borib, eshigida ancha vaqt turib qoldi, dugonasi uyqusini kelgan joyidan davom ettirayotgandi. Qo‘ng‘iroqni bosaverganidan barmoqlarining uchlari og‘rib qolayozdi. Nihoyat “Ki-im?” degan ovozi keldi.

— Ochsang-chi eshigingni, nima balo, o‘lib qolganmisan?! — qichqirdi Lazokat.

Qulf sharaqlab eshik ochildi. Lazokat dugonasining hatto ichki kiyimlari ham yo‘qligini ko‘rib, og‘zi ochilib qoldi.

— Voy-y! — dedi hayratini yashirolmay, — senga nima bo‘ldi?

— Hech nima, — beparvo qo‘lini siltadi Guli, — yonib ketayapman.

— Uyingda hech kim yo‘qmi?

— Yo‘q hech kim, kiraver. Men bitta cho‘milib olayin, keyin yoningga chiqaman… Pivo olib keldingmi?

Lazokat selofan xaltadagi shishalardan birini olib, dugonasiga uzatdi.

— Bilasanmi, Lazi, “Klinskiy” jonu dilim, — deya u shishaning og‘zini ochdi-da, qultullatib ichgancha yuvinish xonasiga kirib ketdi.

Lazokat uning yotog‘iga kirdi. Hammayoq to‘zg‘ib yotardi. Gulining kiyimlari gilam ustida sochilgan, yumshoq ikki kishilik karavotdagi ko‘rpalari g‘ijimlangan, ustiga-ustak, xonaga sigaretaning badbo‘y hidi o‘tirib qolgandi. Qizning afti bujmaydi va u derazani ochdi. So‘ng o‘zini oromkursiga tashladi-da, ko‘zini yumdi.

— Domda yashash bir tomondan maza-da, — dedi lablari pichirlab, — vanna yonginangda. Eshikni qulflasang, hech kim kirolmaydi… Endi mening uyim ham domda bo‘ladi. O‘zimga xon bo‘lib yashayman. Oh, qanday maza-ya!

— O‘zingga o‘zing nimalar deb valdirayapsan? — sochlari ho‘l, ustiga yashil yaltiroq xalat kiyib olgan Guli kirib keldi.

— Hozir senga aytsam, qotib qolasan, — dedi Lazokat.

— Nimani? — peshonasini tirishtirdi Guli va qo‘lidagi pivodan bir ho‘plab qo‘ydi.

— Ishonasanmi, erga tegayapman!

— Qanday qilib, senga kimning ko‘zi uchib turgan ekan? — ajablandi Guli.

— Bitta “lapux” topilib qoldi. Adamning qo‘llarida ishlaydi.

— Qani, — Guli Lazokat ko‘tarib kirgan selofan xaltani ochib, ikkita pivo oldi va shishalarning og‘zini ochib, bittasini dugonasiga uzatdi, — manavini ichgin-da, menga bir boshidan oqizmay-tomizmay aytib ber.

Lazokat nozlandi, pivodan ozroq ichib, lablarini barmoqlarining uchlari bilan artdi. Keyin birma-bir so‘zlashga kirishdi. Boshidan o‘tgan “hangoma”ni batafsil gapirayotganiga Gulining sabri chidamay: “Tez-tez gapirsang-chi!” deb uni qistovga oldi. Shunda ham Lazokat shoshilmas, dugonasining ichini kuydirgisi kelardi.

Nihoyat sarguzashtini yakunlaganidan keyin:

— Oh, — deya karavotga cho‘zilib qo‘llarini yoniga cho‘zgancha kerishib oldi, — lekin-chi, anavi Nilufar opam meni ko‘rolmayapti. Uyga qaytib borganimdan keyin shunaqangi tomosha ko‘rsatdiki, jonimga oyijonim oro kirdi, bo‘lmasa, urib o‘ldirib qo‘yarmidi.

— Menimcha, — bilag‘onlik qildi Guli, — ko‘rolmayotgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri-da, undan oldin baxting ochilib turganidan keyin… Meni boshqa narsa o‘ylantirib qo‘ydi: sen erga tegib ketsang, qasrday uying, adajoningning mol-davlati — hammasi unga qoladimi?

— Shu xayolimga kelmaganini qara, — o‘rnidan turib, kipriklarini pirpiratdi Lazokat, — hozirdan buning oldini olishim kerak ekan. Keyin-chi, adamlarning chet el bankida bir dunyo puli bor. Hammasini o‘zimniki qilib olsam bormi, mendan boy odam bo‘lmaydi. Anavi Berdimurod “lapux”niyam ketiga bitta tepib haydab yuborardim yoki laychaday akillab xizmatimni qilardi. Lekin qanday qilib bunga erishsam bo‘larkan? Adam mendan ko‘ra Nilufarni ko‘proq yaxshi ko‘radi. Men buni sezganman…

— Menda bitta taklif bor, — dedi Guli Lazokatning ko‘ziga tikilib, — faqat qadrdon dugonam bo‘lganing uchun senga aytayapman. Yana har xil o‘ylarga borib yurma, mendan xafa bo‘lib. Bu gaplarni faqat senga ichim achigani uchun aytmoqchiman.

— Ezilmasdan gapirsang-chi, sabrim chidamay ketayapti, — betoqatlandi Lazokat.

— Opangdan hoziroq qutulib qo‘ya qolishing kerak.

— Qanday qilib?

— Oddiy. Ortiqcha odamning kimga keragi bor, to‘g‘rimi? Daf qilasan. Borsa kelmas joyga “komandirovka”ga jo‘natasan.

— O‘ldir, demoqchimisan?! — ko‘zi olayib ketdi Lazokatning.
* * *
Ikkita qizni to‘pponcha ko‘targan odamlarning quvishgani birpasda shov-shuv bo‘lib ketdi. Shunday bo‘lishini Baron oldindan bilgan edi. Soyga tushishlari bilan hushidan ketgan qizlarni ortib jo‘nab qolgan avtobusning ortidan so‘kingancha biroz qarab turgach, o‘ziga cho‘chibroq, ajablanib termilib turgan talabalarga bir o‘qrayib qarab qo‘ydi-da, shiddat bilan qirga ko‘tarila boshladi. Orqasidan shotirlari ergashdi. Avtobusni quvib yetolmasligiga ko‘zi yetgan Baron mashina ruliga o‘zi o‘tirdi. U endi, hech qursa, Lola bilan Nargizani shifokorlar o‘ziga keltirgunga qadar hovlisidan kerakli ashqol-dashqollari-yu pullarini olib, Tojikistonga o‘tib ketishi zarur edi. Yo‘qsa, qo‘lga tushadi, sho‘riga sho‘rva to‘kiladi. Ayni damda u qizlarni, mushuk sichqonni o‘ynab ermaklab yeganiday, lazzatlanib o‘ldirmoqchi bo‘lgan niyati ushalmay qolganini ham butunlay unutgandi. Es-hushi qo‘lga tushmay, xavfdan eson-omon qutulib qolishda edi.
* * *
Qizlarni tuman kasalxonasiga yetkazishdi. Ularning ahvoli og‘irligini ko‘rgan vrachlar darhol muolajaga kirishib ketishdi. Garchi hushiga kelmagan esa-da, qizlarning bir tekisda nafas olayotganini ko‘rib, kasalxona ma’muriyati ichki ishlarga xabar berdi. Bungacha na shifokorlar, na qizlarni olib kelishgan talabalar militsiyani tezroq xabardor qilish kerakligini xayollariga keltirishdi. Bu esa, Baronning qochib qolishi uchun katta imkoniyat tug‘dirardi.

Tezkor guruh zudlik bilan voqea sodir bo‘lgan joyga jo‘nab ketdi. Biroq u yerda talabalar aytishgan “qorachadan kelgan to‘rt-besh odam” yo‘q edi. Faqat qirning tepasida ikkita mashina izi aniqlandi. Shundan keyin qidiruv to‘xtatilib, markazga xabar berildi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (31-qism)