22:30 / 01.10.2017
6 958

Omonat g‘or siri (34-qism)

Omonat g‘or siri (34-qism)
Kasalxonaga boyvachcha qizini ko‘tarib kirdi. Har tugul do‘xtirlar hali ketmagan ekan. Majolsizlanib qolgan qiz endi voyvoylamas, nuqul inqillardi. Uning bunday ahvolga tushgani sababini otasidan eshitib, avval ukol qilishdi, so‘ng zudlik bilan muolajalarga kirishishdi.

Peshonasida ko‘rar kuni bor ekan, ozroq kechikkanda boyvachcha suyukli qizidan ayrilishi tayin edi. U Nilufarning omon qolganini eshitgach bo‘shashib ketib, boshi aylanib yerga o‘tirib qoldi. Vrachlar endi unga yordam ko‘rsatishib, ukol qilishdi. Boyvachcha biroz o‘ziga kelib, yo‘lakdagi stolga boshini kaftlari orasiga olgancha o‘tirdi. U unsiz yig‘lardi. Ko‘zyoshi sel bo‘lib oqar, biroq ovozi chiqmasdi. “Xudoga bir qilig‘im yoqibdi, — dedi u o‘ziga-o‘zi pichirlab, — qizimni qaytarib berdi”. Biroq bu lahzada mashina bilan urib yuborayozgan kampirning duosi uning xayoliga kelmadi.

Oradan yarim soatcha o‘tdi, do‘xtirlar qizning sog‘ayib ketishiga ishonch hosil qilishgach, Xalil boyvachchani chaqirishdi.

— Qizingiz zaharlangan, — dedi o‘zini bosh vrach deb tanishtirgan barvasta, qoshlari qalin, ovozi yo‘g‘on do‘xtir, — Nimadanligini bilolmadik. Lekin zaharlangani aniq.

— Kim zaharlaydi? — dedi ko‘zi kosasidan chiqquday bo‘lib boyvachcha.

— Bunisini endi sizdan so‘raymiz, aka.

— Nega zaharlaydi?

— Aytdim-ku, buyog‘i bizga qorong‘i. Bilganimiz shu — qizingiz zaharlangan. Kim zaharlagan, nega zaharlagan, unisini bilolmaymiz. Nimadan zaharlangani ham hali aniq emas. Zaharlaydigan modda qornidan chiqmadi. Balki achib qolgan ovqatdandir…

Boyvachcha lol qoldi. Nilufar yaxshigina pazanda, achigan-achimagan ovqatning farqiga boradi, o‘zini o‘zi zaharlamagani aniq. Lekin kim bu ishni qildi? Kimning haddi sig‘di bunday qilishga? Otani shu savol qiynardi.
* * *
Guli Lazokatga opasidan qutulishning eng sodda va ayni paytda juda qulay yo‘lini yaxshilab tushuntirdi. So‘ng ancha vaqtdan beri ishlatilmay achib qolgan pomidor achitqisidan ham berdi. U Lazokatga Nilufarni gumdon qilishni shunchalik batafsil va ishonarli qilib tushuntirdiki, qizning ko‘zi o‘t bo‘lib yondi. Guli uning qo‘liga pichoq berib: “Bor, qorniga tiqib ol”, desa, u ikkilanmay bajarishga tayyor edi. Lazokat shu kuni diskotekaga bormadi, o‘zicha Gulidan pishang olib, kuchga to‘lib, uyiga shoshdi.

“Eh, ahmoq, — uning ortidan masxaralab kulimsiradi Guli, — laqqa tushding-a. Shunaqa bo‘ladi birovning yigitiga chang solishning oqibati. O‘shanda puling ko‘pligidan yigitimni tortib olding. Endi men ustingdan maza qilib kulaman. Panjara ortidagi ahvolingni bi-ir tomosha qilay”.

Uch oycha burun Lazokat iffatini o‘g‘irlatib qo‘ygan, bundan birinchi bo‘lib xabar topgan Guli tutoqib ketgandi: “Nega mening yigitimga osilib olding?! Unga men tegmoqchiydim. Hammayoqni rasvo qilibsan!” chinqirgandi u dunyoni buzguday bo‘lib. Lazokatga yengiltabiat, sariq sochli novcha Rustam yoqib qolgan edi. Uning Guli bilan qaymoqlashib yurishini ham bilardi. Lekin yoqib qolgan bo‘lsa nima qilsin? Rustam bilan diskotekada raqs tushdi, keyin birga o‘tirib biroz ichkilikbozlik qilishdi. Yigit uni uyiga taklif qilganida Lazokat noz qilib o‘tirmadi… Tunda ikkalasi oila qurishga kelishishdi. Ertalab osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi — Guli paydo bo‘ldi-yu, to‘polon boshlandi. Lazokat ham bo‘sh kelgani yo‘q. U dugonasining sochiga yopishdi. Ular holdan toyguncha yulishib-yulqishdi. Qiy-chuvdan uyg‘onib ketgan Rustam ko‘zini bir ochib qaradi-da, teskari o‘girilib uyqusini davom ettiraverdi. Madori qurigan qizlar uyning ikki tarafiga o‘tirib qolishdi. Guli og‘zidan oq it kirib, qora it chiqqancha so‘kina-so‘kina chiqib ketdi. O‘shandan buyon u Lazokatdan o‘chini olishga payt poylab yurardi. Lekin Rustam Lazokatga ham vafo qilmadi, ikki kundan keyin boshqa bir qizga ilakishib ketdi.

Dugonalar esa, bir oycha arazlashib yurgach, yana topishib olishdi, biroq Gulining yuragida adovat saqlanib qolgandi. U arqonni uzun tashlab, qulay fursatni kutib yuraverdi. Lazokatning opasidan noligani uning uchun ayni muddao edi.

O‘sha kuni Nilufar singlisining erta kelganidan hayron bo‘ldi. “Oving yurishmadimi?” deb chaqib olishga og‘iz juftladi-yu, uning kulib turganini ko‘rib, ranjitgisi kelmadi.

— Opajon, — dedi Lazokat qiypanglab, — sizning hamma gaplaringiz to‘g‘ri ekan. Men ko‘p o‘yladim. Meni kechiring, iltimos, yoshlik qilibman. Endi chizgan chizig‘ingizdan chiqmayman.

Nilufarning o‘pkasi to‘lib, tomog‘iga bir narsa tiqilganday bo‘ldi. U ko‘zida yosh halqalanib Lazokatni quchoqlab yuzidan o‘pdi.

— Kechirdingiz-a, opajon? — muloyim kulimsirab so‘radi singil.

— Faqat ikkinchi bunday qilma. Adam bilan oyimni bizlarga bog‘lab bermagan. Bir kun kelib ikkalamiz qolamiz. Sen baxtsiz bo‘lib qolsang men chidolmayman. Xo‘pmi?

— Xo‘p… Endi siz dam oling, men ovqat qilaman. Aybimni yuvishim kerak-ku. To‘g‘rimi?

— Ixtiyoring, — deya Nilufar singlisining burnidan chimdib erkalab qo‘ydi-da, xonasiga kirib ketdi.

Lazokat ovqatga dugonasi bergan pomidor achitqisini soldi. Achchiq-chuchukka ham achitqidan bir qoshiq aralashtirib yubordi. Keyin opasini chaqirdi. Nilufar esa onasini ovqatga taklif qilishni unutmadi.

— Opajon, — dedi Lazokat Nilufar oshxonaga kirishi bilan, — shunaqangi salat tayyorladimki, og‘zingizda erib ketadi. Bitta yeb ko‘ring.

— Qani, — Nilufar sanchqiga qo‘l cho‘zgan edi, singlisi chaqqon harakat qilib uni opasining qo‘lidan olib qo‘ydi:

— O‘zim, o‘zim, opa-a, og‘zingizni oching-chi, — dedi erkalanib.

Nilufar kulib og‘zini ochdi. Singlisi tayyorlagan achchiq-chuchukning ta’mi unga yoqmadi, azbaroyi Lazokatni ranjitmaslik uchun chaynamay yutib yubordi. “Bopladim”, deya o‘ylagan Lazokat opasini majburladi. Shundan keyin bir kosa yovg‘onxo‘rda suzib berdi. Ovqatning ta’mi ham boshqacha edi. “Bunga ovqat qilishni o‘rgatib qo‘yishim kerak ekan”, degan xayol bilan Nilufar kosani yarimlatdi. Oradan yarim soatcha o‘tib, uning ichi burab og‘riy boshladi. Avvaliga o‘tib ketar, deb o‘yladi. Lekin og‘riq tobora zabtiga olib, ko‘ngli ham aynidi. Nilufar o‘rnidan turib, ikki qadam tashlashi bilan gursillab yiqildi va tipirchilay boshladi…

Xalil boyvachcha uyiga qaytib kelganida, Lazokat xonasiga kirib, eshikni tambalab olgandi. Uning a’zoyi badani qaltirar, qilmishini birov bilib qoladigandek yuragi gursillab urardi. Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolishini istagan bemehr singil ichida opasiga o‘lim tilardi.

— Nima qilding Nilufarni?! — o‘kirdi Xalil boyvachcha darvozaxonada qaltirab turgan xotinini ko‘rib.

— Adasi… Adasi, ishqilib, qizimiz omonmi?! — pichirladi Mo‘’tabarxon ko‘ziga yosh olib.

— Nima qilding, deyapman?! — o‘shqirdi boyvachcha mushtini do‘laytirib.

— Men…

Mo‘’tabarxon gapini tugatishga ulgurmadi. Xalil boyvachcha qulochkashlab uning yuziga zarb bilan tarsaki tushirdi, xotini chalqanchasiga yiqilib jimib qoldi. Boyvachcha uni ayyorlik qilayapti, degan xayolda tepmoqchi ham bo‘ldi. Biroq xotinining yotishi g‘alati tuyilib, ko‘ngliga xavotir oraladi:

— Muki (u ayolini yoshligida shunday deb chaqirar edi), nima bo‘ldi?

Ayol javob qilmadi, qimirlamadi ham hatto. Xalil boyvachchaning kapalagi uchib ketib, tiz cho‘kib ko‘kragiga qulog‘ini tutdi. Xotini nafas olmayotganday tuyildi unga.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (34-qism)