16:05 / 01.11.2017
9 672

Bolaning harorati ko‘tarilsa nima qilish kerak?

Bolaning harorati ko‘tarilsa nima qilish kerak?
Qachon harorat xavfli hisoblanadi? Uning belgilari qanday bo‘ladi? Qanday dorilarni qo‘llash kerak? Buvilarimizning maslahatlariga quloq tutsak bo‘ladimi? “Layfxaker” shu kabi savollarga javob beruvchi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Qanday harorat baland hisoblanadi?

Dastlab shuni ta’kidlash lozimki, aslida harorat har bir insonda bo‘ladi va u me’yorda aynan 36,6 darajada bo‘lishi shart emas. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich hisoblanadi, chunki sog‘lom odamda u 36,1 dan to 37,2 darajagacha bo‘lishi va hatto kun davomida o‘zgarishi mumkin. Masalan, ovqatlangandan so‘ng yoki jismoniy harakatlardan keyin harorat ko‘tarilishi hech gap emas.

“Bolaning issig‘i chiqdi” deganda tana haroratining 37,2 darajadan yuqorilashi nazarda tutiladi.

Nima uchun tana harorati ko‘tariladi?

Istimalash - organizmning turli infeksiyalarga nisbatan himoya reaksiyasi. Yuqori tana haroratida bakteriya va viruslarning omon qolishi qiyin, organizm shu tariqa xavfli mikroorganizmlarni yo‘q qiladi va biryo‘la immun tizimini faollashtiradi.

Bolalarda harorat ko‘pincha biz shamollash deb ataydigan raspiratorli virus infeksiyalari tufayli ko‘tariladi. Biroq bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Harorat, shuningdek, yana turli jarohatlar, qizish, onkologik, gormonal va autoimmun kasalliklari va hatto ba’zi dori vositalarining aks ta’siri natijasida ham yuzaga kelishi mumkin.

Bolaning istimasi chiqayotganini qanday anglash mumkin?

Kattalar yuqori haroratni odatda quyidagi belgilarga ko‘ra aniqlashadi:

  1. Zaiflashish;
  2. Bosh og‘riqlari;
  3. Titroq;
  4. Ishtahaning yo‘qolishi;
  5. Mushaklardagi og‘riqlar;
  6. Terlash.


Gapirishni biladigan yoshdagi bolalar yoqimsiz holatdan shikoyat qilishlari mumkin. Biroq hali tilga kirib ulgurmagan bolakaylarda ham harorat ko‘tarilishi kuzatiladi.

Chaqaloqlarda haroratni o‘lchash uchun bolaning noodatiy xatti-harakatlari sabab bo‘lishi mumkin:

  • Ovqatdan yoki ona sutidan voz kechish;
  • Sababsiz ko‘z yosh to‘kish, asabiylik;
  • Uyqusirash, charchoq, nofaollik.


Peshonaga labni tekkizish bilan istima borligi haqida gapirib bo‘lmaydi.

Qachon va nima uchun haroratni tushirish kerak?

Haroratning ko‘tarilishi - to‘g‘ri immun tizimi belgisi, ayniqsa, gap infeksiyalar haqida ketganda. Shu bois uni darhol tushirishga kirishishga hojat yo‘q. Shifokorlar harorat ko‘rsatkichi 38 darajadan oshgandagina uni pasaytirishni tavsiya qilishadi.

Ko‘pchilik yuqori harorat miya hujayralariga ziyon yetkazadi deb qo‘rqadi. Biroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, u 40 darajadan oshguncha bolalar uchun xavfsiz.

Istima - mustaqil kasallik emas, kasallikning belgisi. Harorat dori bilan tushirilayotganda kasallikning tashqi belgisi yo‘q qilinadi, lekin u davolanmaydi.

Kamdan-kam holatlarda baland harorat bolalarda febril bezgaklarga - mushaklarning majburiy qisqarishiga olib keladi. Bu juda qo‘rqinchli ko‘rinadi va ota-onalarning hushidan ketishigacha sabab bo‘lishi mumkin. Shifokorga murojaat qiling, u kelguniga qadar bolani yon tomonga qaratib yotqizing va qalin kiyimlar tugmasini yeching.

Istimani hamma turlicha o‘tkazadi: kimdir 39 darajagacha darslarini qilishi yoki o‘yin o‘ynashda davom etishi mumkin, yana birov esa 37,5 darajada yotib, zaiflashishi mumkin. Shu bois haroratni bolaning qulayligi va ahvolining yaxshilanishi uchun tushiriladi.

Haroratni qachon va nima uchun pasaytirish mumkin?

Eng oddiy, tezkor va samarali usuli - bolaga ibuprofen yoki paratsetamol asosidagi istima tushiradigan dorilarni berish. Ular bolaga qo‘llash uchun oson shakllarda ishlab chiqariladi. Bolaga shirin sirop berayotganda e’tiborli bo‘ling, ta’m beruvchi va bo‘yoqlar allergiyani qo‘zg‘atishi mumkin.

Dori dozasini aslo oshira ko‘rmang. U bolaning vaznidan kelib chiqib belgilangan. Bolalar, ayniqsa, maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar vaznga ko‘ra bir-biridan farqlanadi, shuning uchun bolaning yoshiga emas, uning vazniga (necha kilogrammligiga) qarab dori vositalarini qo‘llang.

Yodingizda bo‘lsin, dori ta’sir qilishi uchun vaqt kerak: 0,5 soatdan 1,5 soatgacha. Shunday ekan, dori qabulidan 10 daqiqa o‘tgach istima o‘lchashga shoshilmang.

Dori ilan birga sotiluvchi o‘lchovli stakanlar, qoshiqlar va shprislardan foydalaning. Dorini qorong‘u sharoitda yoki uydagi choy qoshiqda taxminan o‘lchamang: bolaga qancha va qanday dori berganingizni doim eslab qoling.

Dozaning oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bolakaylarga shamollash belgilariga qarshi dorilarni aralash qo‘llamang. Zero ularning tarkibida shundoq ham paratsetamol yoki istima tushiruvchi boshqa vosita bo‘ladi.

Haroratni qanday tushirish mumkin?

Paratsetamol va ibuprofenni bir kunda berish mumkin, biroq bolaga hammasini bittada berishga shoshilmang. Agar paratsetamol bergan bo‘lsangizu, u yordam bermagan bo‘lsa, ibuprofen berishingiz mumkin bo‘ladi (yoki aksincha).

Istimasi chiqib turgan bolaga aspirin va analgin bermang: ular bolalarda jiddiy aks ta’sirni yuzaga keltirishi mumkin.

Jismoniy usullar ham bor, lekin ular u qadar samara bermaydi: bolaning kaft va tovonlarini nam sochiq bilan artish, peshonasiga sovuq kompress qo‘yish. Faqat buning uchun muzdan foydalanmang, sochiqni xona haroratidagi suvda namlansa, yetarli.

Qachon shifokorni chaqirish kerak?

Tajribali ota-onalar yengil shamollashni uy sharoitida ham davolash mumkinligini yaxshi bilishadi. Shifokor bunday holatlarda faqat ma’lumotnoma yozish uchungina kerak. Biroq quyidagi holatlarda pediatrga ko‘rinish kerak bo‘ladi:

  1. Shifokor maslahatini olib, tinchlanishingiz zarur bo‘lsa yoki shunchaki bolaga shifokor yordami kerak deb hisoblasangiz;
  2. Harorati ko‘tarilgan bola 3 oydan kichik bo‘lsa;
  3. Bola 6 oyga yetmagan bo‘lsa, harorat esa 1 kundan ortiq vaqt davomida 38 darajadan yuqori bo‘lsa;
  4. Bola 1 yoshga yetmagan bo‘lsa, harorat esa 1 kundan ortiq vaqt davomida 39 darajadan yuqori bo‘lsa;
  5. Bolada toshmalar paydo bo‘lsa;
  6. Harorat bilan birga og‘ir belgilar kuzatilsa: yo‘tal, qayd qilish, kuchli og‘riq va b.


Qachon tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish kerak?

Quyidagi holatlarda darhol tez yordamga murojaat qilish kerak:

  1. Harorat 39 darajadan yuqorini ko‘rsatsa va dori qabulidan keyin ham ko‘tarilishda davom etsa;
  2. Bolaning ahvoli tushunarsiz: u haddan tashqari ko‘p uxlamoqda, uni uyg‘otib bo‘lmasa, u atrofdagi muhitga yaxshi reaksiya bildirmasa;
  3. Nafas olish yoki yutinishda muammolar paydo bo‘lsa;
  4. Haroratga qayd qilish qo‘shilsa;
  5. Kichik ko‘karishlar shaklidagi toshmalar paydo bo‘lsa;
  6. Bezgak boshlansa;
  7. Suvsizlanish belgilari paydo bo‘lsa: bola hojatxonaga kam borsa, og‘zi qurisa va tili qizargan bo‘lsa, ko‘z yoshisiz yig‘lasa.


Harorati ko‘tarilgan bolaga qanday yordam berish mumkin?

Haroratga qarshi kurashda ko‘rsatishimiz mumkin bo‘lgan asosiy yordam - uning sababini yo‘q qilish. Agar gap bakterial infeksiyada bo‘lsa, antibiotik berish kerak bo‘ladi (shifokor maslahati asosida). Agar boshqa kasalliklar sabab bo‘lsa, ularni davolash kerak. Faqat viruslar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi, shunchaki viruslarni yo‘q qilayotgan organizmni qo‘llab-quvvatlab turish kerak.

Ko‘proq suyuqlik bering

Yuqori haroratda inson tanasidagi namlik tezroq tarqab ketadi, shuning uchun suvsizlanish xavfi yuzaga keladi. Bu ayniqsa bolalar uchun xosdir: ular kichik bo‘lib, 10 foiz suyuqlikni yo‘qotish ular uchun hech gap emas. Suv yetishmovchiligida shilliq qavatlar quriydi, bolaning nafas olishi qiyinlashadi, bola terlay olmaydi, ya’ni u issiqni mustaqil ravishda tashqariga chiqara olmaydi. Shuning uchun harorat ko‘tarilganda suyuqlik juda zarurdir.

Bolaga ko‘proq sharbatlar, choy va suv bering, hech bo‘lmaganda, bir necha qultum ichishga ko‘ndiring. Emizikli bolalar ko‘proq ona suti bilan oziqlansin, agar bola bosh tortsa, unga suv yoki maxsus suyuqlik berish tavsiya etiladi.

Xonani shamollating

Xona havosini namlantiring. Nisbiy namlikni 40-60 foiz darajasida ushlab turish uchun havoni namlantiruvchi maxsus qurilma xarid qilgan ma’qul. Biroq boshqa usullarni qo‘llasa ham bo‘ladi.

Tozalang

Har kuni xonada namlikni saqlovchi tozalash ishlarini o‘tkazing: pollarni yuving va changlarni arting. Bu nafas olishni yengillashtirish uchun muhim. Deraza darchasini ochib, xonani shamollatishdan qo‘rqmang. Organizmi kasallik bilan kurashayotgan kishi uchun toza havo juda muhim, xonani shamollatish - uni dezinfeksiyalash usullaridan biri.

Darvoqe, bolaning harorati ko‘tarilgan bo‘lsa, uni cho‘miltirish ham mumkin. Albatta, agar bola uxlagisi yoki yotib dam olgisi kelsa, uni zo‘rlab vannaxonaga olib chiqish kerak emas. Biroq agar bolaning umumiy holati yaxshi bo‘lsa, u harakatlanib, o‘yinlar o‘ynayotgan bo‘lsa, yuvinishi mumkin.

Parhezga rioya qiling

Bolani sog‘lom taom bilan boqing: kasal bo‘lgani uchun uni haddan ziyod shirinliklar bilan siylamang. Agar bolaning ishtahasi yo‘q bo‘lsa, uni yeyishga majburlamang. Majburlab yedirilgan tushlik infeksiyaga qarshi kurashda hech qanday foyda bermaydi. Yaxshisi, tovuq sho‘rva qaynating va uni bolaga bering: bu ham suyuqlik, ham taom, ham shamollashga qarshi kurashda yordam.

Nima qilish mumkin emas?

Kasallikning yoqimsiz davrini muammolarsiz va yo‘qotishlarsiz yengib o‘tishning eng yaxshi usuli - bemorni yaxshi parvarish qilish. Nima uchundir ko‘p zararli xatti-harakatlar (buvilarning gap-so‘zlariga ko‘ra yoki forumlardagi tavsiyalar) yuqori haroratga qarshi kurashda majburiy hisoblanadi. Xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun:

  1. Bolani o‘rab tashlamang. Agar harorat baland bo‘lsa, u holda issiq kiyim va ikki qavat adyol jarayonni yanada chuqurlashtiradi, xolos. Yaxshisi, yana bir piyola iliq sharbat ichishga ko‘ndiring;
  2. Bolaning yoniga isituvchi qurilmalarni qo‘ymang. Umuman olganda, xonadagi harorat 22 darajadan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish kerak. Istimasi chiqqan bolaga 18-20 darajali xona harorati ayni muddaodir. Bunday havodan nafas olish shilliq qavatlarni quritib yubormaydi;
  3. Oyoqlarni bug‘ ustida isitmang, qaynoq kastryul tepasida nafas olinishiga yo‘l qo‘ymang, xantal qo‘ymang: bular isbotlangan samaraga ega emas, kuyish va qizish xavfi esa har qanday foydadan ko‘proq. Boz ustiga bu yoqimsiz jarayonlar, bolaga shusiz ham qiyin. Unga juda ham yordam bergingiz kelsa, yaxshisi qanday qilib uning ko‘nglini ovlash va chalg‘itish haqida o‘ylang;
  4. Bolani uksus va aroq bilan artmang. Bu usullar kam holatlarda yordam beradi, biroq ular bolalar uchun juda ziyon;
  5. Uxlashga yotgisi kelmagan bolani zo‘rlab yotqizib qo‘ymang. Bemor o‘ziga o‘zi rejim belgilaydi. Agar o‘ynashga kuchi bo‘lsa, bu yaxshi.


Vaksinalardan keyin istima chiqsa nima qilish kerak?

Ba’zi vaksinalar organizmda vaqtinchalik reaksiyalar uyg‘otadi - ukol qilingan joyning qizarishi, asabiylik, haroratning oshishi. Bunday holatlar 1-3 kunda o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi.

Yoqimsiz belgilarni istima tushiruvchi dori vositalari va muayyan rejimga asoslanib yo‘qotish mumkin.

Odatda vaksinalardan keyin harorat 37,5 darajadan yuqori bo‘lmaydi. Biroq ko‘rsatkichlar bundan oshsa, shifokorga murojaat qiling.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bolaning harorati ko‘tarilsa nima qilish kerak?