22:48 / 25.11.2017
32 959

Munajjimlar bashorati: 2018 yilda O‘qotar burji vakillarini nimalar kutmoqda?

Munajjimlar bashorati: 2018 yilda O‘qotar burji vakillarini nimalar kutmoqda?
O‘qotar burji vakillari yakuniga yetib borayotgan yilda ham yaxshi yashashdi. Ko‘plab muvaffaqiyatli lahzalarni boshdan kechirishdi. Shuning uchun ham ularga eski yilni kuzatib qolish ancha qiyin kechadi. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q. 2018 yil ham ularga moliyaviy to‘kinlikni va’da qilmoqda. Bu yangi yilning fevral oyidayoq sodir bo‘la boshlaydi.
Asosiysi optimistik ruhni yo‘qotmasdan oldinga intilsangiz bas. Tijoratchilar bu yili shu qadar kuchli bo‘lishadiki, raqobatchilar yil oxirigacha pana-pastqamda g‘udranib vaqt o‘tkazsalar ajab emas.
Oilasizlarga it yili romantik uchrashuvlar, tanishuvlar va sof muhabbatni va’da qilgan. Oilalilar bola-chaqasi bilan yoz oylarida sayhatga otlanishlari ham ehtimoldan xoli emas. Buni moliyaviy ahvolingiz ko‘taradi.
Yoz oylarida mo‘may daromad kutadi. Shundan kelib chiqib uy ta’miri, yirik xaridlarga qo‘l ursangiz bo‘ladi. Salomatlikni tiklash uchun esa faqat zamonaviy tibbiyotga suyangan holda ish tuting. Xalqona yo‘llar bilan salomatlikni mustahkamlashingiz juda mushkul kechadi. Adabiyot, madaniyat va oshpazlik bilan shug‘ullanuvchilar ham yangi 2018 yili muvaffaqiyatlar dengizida suzishlari kutiladi.
Noyabr oyiga borib muhabbatning o‘tli lahzalari sizga oshno bo‘lmoqchi. Oila qurmaganlarning aksariyati shu oyda o‘z baxtini topishi kutiladi. Biznesda ham sezilarli siljishlarga guvoh bo‘lasiz. Yil oxirida moddiy ahvoli baquvvat, suyukli insoni yonida, emotsiyasi me’yorida bo‘lganlar qalbida faqat bahor fasli kezayotgan kabi mamnunlikni yo‘qotishmaydi.
2018 yili moddiy imkoniyati ko‘targan do‘stlarimiz xayriya ishlariga qo‘l urib qo‘ysalar ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Jiddiy ishlar bilan band bo‘lsangiz, yil davomida ko‘plab xizmat safarlariga chiqishingiz kutilmoqda. Rahbarlar bilan munosabatlarda qaysarlikka aslo yo‘l qo‘ymang. Shunda mavqeingiz ham, lavozimingiz ham oshib boraveradi.

MUHABBATI

2018 yilning birinchi choragida oilalilarni ham, oila qurmaganlarni ham birdek romantik lahzalar, yangi tanishuvlar kutib qoladi. Faqat oilalilar juftiga nisbatan qaynoq muhabbat bilan yondashishadi va birgalikda romantik lahzalarni boshdan kechirishadi.
Erkaklar yil bo‘yi juftini birovlarga rashk qilib vaqt o‘tkazishlari ham illyuziya emas. Ammo aynan shunday munosabat oilalarni buzishga qodir. Shuning uchun iloji boricha juftingizga ishonishga harakat qiling. Qolaversa, ishonchsizlik evaziga qurilgan oilani baxt, omad, baraka ham chetlab o‘tadi.
Ko‘pchilik oilali do‘stlarimiz yozga borib juftiga nisbatan yangi va qaynoq muhabbatni qalblarida tuya boshlashlari kuzatiladi. Oila qurmaganlar ham shunday tuyg‘ular og‘ushida yangi tanishuvlarni boshdan kechiradi. Lekin ularning aksariyati kuz oylarida munosabatlarga nuqta qo‘yib, haqiqiy baxt qidirish payiga tushishadi.

OILASI

2018 yili oila a’zolaringiz, juftingizga ko‘proq yon berishga odatlaning. Bo‘lar-bo‘lmasga bahslashaversangiz, baraka ketadi. Mayli, haqiqat siz tomonda bo‘lsin, baribir yon bering. Bu bilan osmon uzilib yerga tushmaydi. Ana o‘shanda oilangiz bulutsiz osmon kabi yorqin va beg‘ubor bo‘ladi.
Istasangiz, juftingiz yoki oiladagi boshqa qarindoshlarga ham yoqadigan xobbi o‘ylab toping. Birgalikda xobbi bilan band bo‘lsangiz, janjal ham, ko‘ngilxiraliklar ham ortga chekinadi.
Oilalilar 2018 yil fevral oyida byudjetni ko‘zdan o‘tkazishlari va yillik sarf-xarajatlarni xomcho‘t qilib chiqishlari tavsiya etiladi. Yil mobaynida yaqinlaringizga sovg‘alar hadya etishni kanda qilmang.
Ba’zilarning xonadonida yangi mehmon dunyoga kelishi mumkin.

SALOMATLIGI

Kasalxonaga yotishdan, vrachlardan qo‘rqsangiz, 2018 yili bu odatingizni tashlang. Hamma kasalni ham tabib davolay olmaydi. Qolaversa, vrachga faqat xastalanganda uchrashish shart emas. Salomatlikni mustahkamlash uchun ham uchrashib, maslahatlar olsangiz ziyon qilmaydi.
Yil bo‘yi asablarni dam oldirish maqsadlariga yo‘naltirilgan muolajalarni oling, ko‘proq istirohat qiling. Shirinlik, achchiq, sho‘r taomlarni kamroq iste’mol qiling. Agar kasbingiz modellik yoki shu kabilardan yiroq bo‘lsa, parhezda yurishingiz shart emas. Baquvvat-baquvvat ovqat yesangiz, kuch ham ko‘p bo‘ladi. Faqat hayvon yog‘ini iste’mol qilishingiz tavsiya etilmaydi. Meva hamda sabzavotlar immunitetni ko‘taradi. Qaynatilgan mol go‘shti esa gemoglabinni oshiradi. Asabni mustahkam tutish uchun ruhiyat bilan bog‘liq mashqlar bajarishga odatlaning. Kamroq bir joyda o‘tiring, suzishga qatnang, yoz oylarida quyoshda toblaning. Ertalablari yugurishni odatga aylantiring. Shunda sizni xastalikning eng kuchli va xavfli bo‘ronlari ham yiqita olmaydi.

MARTABA VA MOLIYaVIY AHVOLI

2018 yili professional kasbingiz bilan bog‘liq ishlarni bajarish orqali xuddi ertaklar olamiga kirib qolgandek bo‘lasiz. Yilning birinchi choragidayoq mundoq qarasangiz, sizga mukofotlar taqdim eta boshlashadi, hurmat-e’tiboringiz ortadi, yuqori lavozimlarni taklif eta boshlashadi. Bundan o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang. Aksincha darrov hushyor tortib, ish sifatiga yanada kuchliroq e’tibor qarating.
Tadbirkorlarga hatto raqobatchilar bilan ham jilmaygan holda munosabat yuritish tavsiya qilinadi. Ana shu yo‘l bilan ularning qora ko‘nglini yorita olasiz. Dushmanlaringiz soni kamaya boradi. Shuni bilingki, o‘qotar burji vakili 2018 yili hech qachon quruq katmon bilan arosatda qolib ketmaydi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 2018 yilda O‘qotar burji vakillarini nimalar kutmoqda?