22:20 / 03.12.2017
11 515

Munajjimlar bashorati: 4 dekabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?

Munajjimlar bashorati: 4 dekabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?
QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
Bugun taqdiringizda ancha-muncha og‘ir lahzalar kuzatilishi mumkin. Ularni mardona yengib o‘tish uchun esa sizga hazilga moyillik va o‘ta kuchli iroda kerak bo‘ladi. Asosiysi, sizni shunday onlarda ham bajonidil qo‘llovchilar yonidan uzoqlashmang. Pul masalasida juda tejamkorlik talab etiladi. Agar bo‘lar-bo‘lmas narsalarga bor pulingizni sarflayversangiz, kechqurun qo‘shnima-qo‘shni chopib qarz qidirishingizga to‘g‘ri keladi. Asabni ehtiyotlang.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
4 dekabr kuni nimani rejalashtirgan bo‘lsangiz barchasi amalga oshadi. Basharti ish tanlamasdan, zimmangizdagi vazifani chin ko‘ngildan ado etishda davom etsangiz, yangi yilgacha keragidan ham ortiqroq pul jamg‘ara olasiz. Atrofdagilar bilan muloqotda tushunmovchiliklar, asabiyliklar yuzaga kelish ehtimoli bor. Yaxshisi, kamroq muloqot qiling va ko‘proq ishlang. G‘iybatchilardan juda ehtiyot bo‘ling.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
4 dekabr kuni oldin mayda-chuyda muammolarni hal eting, ana undan keyin katta ishlarga qo‘l ursangiz yarashadi. SMS yozishmalar, qo‘ng‘iroqlashishlar, boshqa uyga ko‘chish kabilar muvaffaqiyatli yakun topadi. Kechqurun oila qurmaganlarning ayrimlarini mehmonga taklif etishlari kutilmoqda. Ishoning, bu shunchaki mehmondorchilik bo‘libgina qolmay, romantikaga boy hayotning boshlanishidir. Bardam bo‘ling.

QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
Kuningiz sir va jumboqlarga to‘la bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, o‘zingiz ham arzimas voqeani bo‘rttirib yuborasiz-da, keyin o‘ylanib yurasiz. Har qanday hodisani xotirjam qabul qiling, uzoq yashaysiz inshoolloh. Original usullardan foydalanishni qoyillatsangiz, bajaradigan ishlaringiz o‘zingiz uchun ham qiziqarli kechadi. Bugun xaridlarga umuman yo‘l bermang. Salomatlikni ehtiyot qiling, shamollab qolishdan saqlaning.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)
4 dekabrda yo‘lingizdan janjallar, bahs, munozaralar ko‘ndalang chiqaverib charchaysiz. Bulardan faqat yon berish orqaligina xalos bo‘lishingiz mumkin. Kunning ikkinchi yarmida rahbariyatdagilar bilan ham sen-menga borib qolishingiz ehtimoli yo‘q emas. Oilada obro‘ni saqlang, yaqin yoki uzoq o‘tmishni kovlashtirmang. Kechqurun qiz-juvonlar go‘zallik saloniga borib tashqi ko‘rinishlarini tartibga solib kelishlari kutiladi. Ovqatlanish rejimiga qat’iy amal qiling.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
Atrofdagilar bilan yanada yaxshiroq til topishish, qalinlashish uchun o‘zingizda mavjud eng yaxshi jihatlarni ishga soling. Birovlarga moliyaviy muammolaringizni dasturxon qilmang. Baribir o‘zingizdan bo‘lak hech kim sizga yordam bermaydi. Oilasizlar romantik tanishuvlar, uchrashuvlarga o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lishlari talab etiladi. Aks holda yana umr yo‘ldoshi topa olmay halak bo‘lishingiz mumkin. Surunkali xastalikka chalingan bo‘lsangiz, kun davomida salomatligingizni kuzatib boring.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)
4 dekabr kuni ijod kishilarining kuni tug‘adi. Muxlislar soni ortadi, asosiysi, katta miqdorda gonorar olishingiz ehtimoli bor. Lekin izlanishdan to‘xtamang. Hozirgi muxlislarning sadoqatiga umuman ishonib bo‘lmaydi. Sergak turmasangiz, muxlislaringizni boshqasi ilib ketishi hech gap emas. Oilalilar bugun hayotidagi eng baxtli kunlardan birini kechirishadi. Janjal yo‘q, noroziliklar, tanbehlar olisda qolgan. Dam oling, rohatlaning.

ChAYoN (24. 10 — 22. 11)
Kuningiz juda unumli va qiziqarli o‘tishini yulduzlar bashorat qilgan. Tabiat qo‘yniga chiqib dam olishingiz, do‘stlar bilan uchrashib muloqotda bo‘lishingiz kutiladi. Oilasizlar o‘zining birinchi muhabbatini topishi ham ehtimoldan xoli emas. Faqat ezgu maqsadlarga olib boruvchi ba’zi muammolar duch kelishi mumkin. Lekin sal sergaklikni oshirsangiz, ular xamirdan qil sug‘urgandek oson bartaraf etiladi. Omadingizni bersin!

O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
4 dekabrda oiladagi muhitni buzmaslik uchun juda ehtiyotkorlik bilan harakatlar sodir eting. Har bir gapingizni o‘ylab gapiring. Har bir maqsadni oilangizdagilarga yaxshilab tushuntira olsangiz, ular sizni anglab yetishadi. Kerak bo‘lsa, yordam qo‘lini cho‘zishadi. Kechqurun oshqozon-ichak yo‘llarida va buyrak qismingizda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Oldini olib vrachga ko‘rinib qo‘ying.

TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
Ishxonada hamkasblar biror janjalli voqeani boshlab qo‘ygan bo‘lsalar uni davom ettirishga urinmang. Siz oxirida aybdor bo‘lib qolasiz. Birovning o‘rniga ishlab ham bermang, baribir bu ish uchun hech kim sizga pul to‘lamaydi. Uy qurilishi va merosga taalluqli amallar muvaffaqiyatli kechadi. Oilasizlar bugun kim bilandir jiddiy munosabatlar yuritishga shoshilmaganlari ma’qul. Hali vaqti yetmadi. Kechqurun toza havoda sayr qiling. Og‘ir hazm bo‘luvchi taomlarni iste’mol qilmang.

QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
4 dekabr kuni o‘zingiz haqingizda juda ko‘p yoqimsiz xabarlarni eshitishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Alam qiladigani shuki, o‘sha xabarlarni juftingizdan eshitsiz. Ammo unga arzirli javob qaytarish fikringizdan qayting. Moliyaviy masalada jiddiy muammolar, to‘siqlar ko‘zga tashlanmaydi. Kechki payt bemalol do‘kon aylanib yoqimli xaridlarni amalga oshirsangiz bo‘ladi. Immunitetni ko‘tarish uchun vitaminlar iste’mol qiling, muzdek suvda dush qabul qilishga odatlaning.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)
Garchi beixtiyor xayolingiz o‘tmishga qarab ketib qolsa ham sergaklikni oshiring va o‘tmishni xayolingizdan haydab soling. Bugungi kun bilan yashang. Shunda ko‘zlab qo‘ygan yaxshi niyatlarga yetishasiz. Moliyaviy masalada shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishingiz oqibatida muammolar ko‘ndalang bo‘lishi mumkin. Bugun aslo olis safarga otlanmang.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: 4 dekabr kuni yulduzlar sizga nimalarni va’da qilmoqda?