16:03 / 07.12.2017
10 183

Ayollarning erkaklar xush ko‘rmaydigan odatlari

Ayollarning erkaklar xush ko‘rmaydigan odatlari
Hurmatli ayollar! Nima yoki qanday vaziyat erkaklarning jahlini chiqarishi mumkin, deb o‘ylaysiz? Tashqi ko‘rinishingizga e’tiborli bo‘lishga, mazali taomlar pishirish va yana bir qancha ishlarga ulgurishga urinasiz-u, birgina ahamiyatsiz tuyilgan kichik narsa umr yo‘ldoshingiz ko‘z o‘ngida barcha urinishlaringizni chippakka chiqarib qo‘yishi mumkin. Buni bilishni istasangiz, fe’l-atvoringiz ko‘zgusiga boqib, tegishli xulosalar chiqarishga harakat qilib ko‘ring.

Qo‘pollik
Qo‘pol va shartaki, baland ovozda baqir-chaqir qilib, ko‘p gapirishni xush ko‘ruvchi ayollar hech bir kishida yaxshi taassurot qoldirmay, balki nafrat uyg‘otishi sir emas. Oila boshliqlari o‘z yonlarida vazmin, oqila, xushmuomala, kishilar e’tiborini bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan tortmaydigan hamroh ko‘rishni istashadi.

Me’yoridan ortgan rashk
Barchamiz ertami-kechmi turli xil sabablarga ko‘ra yaqinlarimizni rashk qilishimiz, qizg‘anishimiz tabiiy. Garchi o‘ta rashkchi bo‘lsangiz-da, farosat va oqilalik bilan ish tuting, buni turmush o‘rtog‘ingizga bildirmang. Rashk erkaklarning g‘ashiga teguvchi holat. Avvaliga rashkingiz ularga yoqadi. Ammo rashk ta’qib vasvasasiga aylangach, o‘z juftingizni yo‘qotish yoki o‘zingizdan ko‘nglini qoldirish xavfini tug‘dirasiz. Erkaklar shunday kishilarki, stressli vaziyatlarga toqat qilisholmaydi. Ayollar esa sabablarni topib, sabr va bardosh qila olishadi.

Yana ba’zi mayda-chuydalar haqida…
Hech qachon umr yo‘ldoshingizga ko‘ylak, sumka yoki pardoz vositangizni qanchaga olganingiz haqida gapirib o‘tirmang. Buning unga nafaqat qizig‘i yo‘q, balki yoqmasligi ham mumkin. Umuman, ayollar nuqtai nazaridan qaraganda ham, har doim sirli bo‘lib qola olishingiz lozim. Shu sababli, o‘z tashqi qiyofangizni yaratishga qanday erishganingizni hech kim bilmay qo‘ya qolsin.

Ashulachilik san’ati

Kuylashni yoqtirasizmi? Juda soz! Oshxonada, hovlida yoki balkonda kuylang. Faqatgina «ijro san’atingizni» umr yo‘ldoshingizdan uzoqroqda namoyish eting. Ayniqsa, atrofdagilarga manzur bo‘luvchi xush ovozga ega emasligingizni sezsangiz. Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat erkaklarga xonimlarning baland ovozda xirgoyi qilishlari xush kelmas ekan. Agar juda ham kuylagingiz kelsa, musiqiy markazni balandlatib, ashulaga jo‘r bo‘lishingiz mumkin. Siz o‘z xirgoyingizdan bahramand bo‘lasiz, boshqalar esa bundan aziyat chekishmaydi.

Munozara va tortishuvlar
Uyingizga qanday rangli mebel jihozlari, darpardalar tanlash borasida o‘z fikringizni bildiring, asoslar keltiring va munozara qiling. AMMO! HECh QAChON turmush o‘rtog‘ingiz sizdan ko‘ra ancha yaxshi bilgan mavzuda bahslashmang. Uning achchig‘ini keltirmang. Erkaklar chempionlar ligasida penaltini nohaq belgilashganini naq bir soat davomida isbotlashga urinishni aslo yoqtirishmaydi.

Tarbiyalash
Erkaklar erkinlikni yoqtirishadi. Ular o‘zlarini kuchli va jasur hisoblashadi. Bu sizga sir emas, shunday ekan, turmush o‘rtog‘ingizni tarbiyalashga, pand-nasihat qilishga urinmang. Oqila ayolning boshqalardan farqi shundaki, umr yo‘ldoshining qabul qilgan qarorlarida biroz «xizmatlari» bo‘lsa-da, buni bildirmaydi va uning hurmatini joyiga qo‘yadi.

Haddan tashqari sergaplik
Hatto telefon orqali dugonangiz bilan ko‘proq suhbatlashib yuborishingiz ham turmush o‘rtog‘ingizning g‘ashiga tegishi mumkin. U behuda mashg‘ulot uchun qanday qilib shuncha vaqt sarflash mumkinligini hech tushunolmaydi. Axir bunday suhbatlashish jarayonida muhim axborot uzatib bo‘lmaydi-ku!

Manba: Beka.Uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayollarning erkaklar xush ko‘rmaydigan odatlari