12:02 / 17.01.2018
8 547

Bekatdagi malak...

Bekatdagi malak...
Tong yorishib, serqatnov ko‘chalar odamlar bilan gavjum bo‘la boshladi. Lahzalari o‘tmishga aylanayotgan hayot chorrahasidagi yo‘lovchilarning barchasi shoshgan, kimdir ishga kimdir esa...

Chorraha yaqinidagi bekatda turgan oq libosdagi qiz yelib kelayotgan, ayni vaqtda chiroqlarini ishorada o‘chirib yoqqan «Damas»ga qo‘l ko‘tardi. Deyarli, «tumshug‘i yer iskagan» mashina munkib, nola qilganicha qizning yonginasida to‘xtadi. Haydovchining nigohlariga odimini sanatgan qiz o‘rindiqqa joylashishi bilan mashina o‘rnidan o‘qdek jildi. U yon tomondagi oynadan ko‘chaga boqqanicha xayollariga bandi bo‘ldi. Nogoh, qandaydir nigoh o‘zini taqib etayotganligini sezib, «yalt» etib qaradi. Haydovchining yon tomonidagi ko‘zgudagi aksiga ko‘zi tushdi. Ozg‘in, ko‘z-qoshi qop-qora, istarasi issiq haydovchi yigit undan ko‘z uzmasdi. Qiz nigohini ko‘zgudan olib, yon tarafdagi oynadan ko‘cha-kuyga boqdi. Bir muddat o‘tib, qiziqish g‘oliblik qilibmi yo boshqa sabab, tag‘in ko‘zgu tomon qayrildi. Beparvo va sinashta nigohlar to‘qnash keldi. Yigit uning har bir xatti-harakatini zimdan kuzatayotganligiga amin bo‘ldi. Bu tasodif emas edi. Avvaliga toqatsizlangan qiz bora-bora yigitchaning surbetligidan g‘azablana boshladi. Haydovchining parvoyi falak, qizning g‘azablanayotganidan huzurlanayotgandek, miyig‘ida kulimsiraganicha kuzatishda davom etardi. Bu ta’qibdan bezgan qiz yigitning uzatgan qo‘li chetda qolib, pulni oldingi o‘rindiqlar oralig‘iga irg‘itganicha bekatidan ilgariroq tushib qoldi. Va ertangi kunni ham shu alfozda qarshilashga majbur bo‘ldi. Ta’bi tirriq bo‘lib, qosh chimirganicha, yigitga deyarli teskari yuz o‘girib o‘tirdi. Haydovchi tomonidagi oynaga qaramaslikka tirishdi. Qani, buning iloji bo‘lsa?! Ich-ichidan miyig‘idagi tabassum hamrohligidagi o‘tkir nigohlarning ta’qibini his qilar edi.

Qiz bezovtalana boshladi. Qani, mumkin bo‘lsa-yu yoki iloji yetsa-yu surobini to‘g‘irlab qo‘ysa! Andisha zabonini durdek oppoq tishlari ortiga mahkamlab, tanglayiga qadagan. Hayo nigohlaridagi to‘lqinlanayotgan g‘azabning kiprik qadab yo‘lini to‘sgan, norizolik yanoqlarida qizarib, nishablagan, dudoqlari pir-pir uchib, g‘unchadek qirmizi lablari qimtilgan edi. Tag‘in ham, na iloj, bu yo‘ldan qatnovchi yagona ulov hozircha shu bo‘lsa! Keyingi kun esa... mashinada faqat haydovchi yigit yonidagi o‘rindiqqina bo‘sh edi.

«Piyoda borar manzili olislik qiladi! Taksida ketishi mumkin, lekin bu arazi unga qimmatroqqa tushishi aniq. Bu-o‘zi bo‘ladigan ish emas. Aksiga olib, bugungi birinchi dars qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargan o‘qituvchiniki! Kechiksa, o‘qituvchi buni o‘ziga nisbatan haqorat deb biladi. Bu yog‘ida esa mana bu surbet.. Nima qilsin? Unga yengilib, qochib-qimtinib yuraversinmi?»

Nigohlariga oshkora nafrat balqqan qiz mashinaga chiqmadi. G‘azab-la, yuzini o‘girdi. Mashina esa qiz qarshisida turib qoldi. Bir mudat... Shoshayotgan yo‘lovchilar tez-tez qarashib, qizga toqatsizlanganliklarini bildirishdi. Kimdir bu holni to‘g‘ri qabul qilib miyig‘ida kulib qo‘ydi. Kimlardir esa asabiylashdi. Lahzalar daqiqalarga ulanib, ulg‘aya boshladi... Qiz keta olmasdi. Turaverish esa... Hammaning nigohi unda.

«Xo‘sh, nima qilish kerak? Nima qilsa bu vaziyatdan chiqib keta oladi? Buguncha taksida ketsa-chi? Erta yoki indin-chi? Kun shu bilan tugamasa, mana bu surbetni ham almashtirib bo‘lmasa?».

Haydovchi yigit undan ko‘z uzmagan kuyi, tanish, miyig‘ida nim tabassum bilan mashina signalini bosdi. Chuvalashgan xayollariga bandi qiz uchib tushdi. Qo‘rquv va hayratdan katta-katta ochilgan chiroyli ko‘zlarini yigitga tikdi. Kipriklari yig‘lab yuborgudek bo‘lib pirpiradi. Keyin birdan... Qorachiqlari kengaydi, lablari harakatga kelib juftlashdi. Nimadir demoqchi bo‘lib, so‘ngra shashtidan qaytdi. Depsinib, u yoq- bu yoqqa qarab oldi-da, yigitning yonidagi o‘rindiqdan joy oldi. Mashina o‘rnidan jildi. Salondagi yo‘lovchilar oshkora yengil tin olishdi. Kimdir «piq» etdi. Manzilga yetgach qiz bir so‘z aytmay, yo‘l haqini ham to‘lamay, eshikni qarsillatib yopganicha tushib qoldi. Yigitdan shu yo‘l bilan alamini olmoqchi bo‘ldi. Bu fikr qizga juda ma’qul keldi. Avvallari tushlikni universitet oshxonasida qilardi. Shumligi tutib, tushlikni endi uyda qilmoqchi bo‘ldi.

«Yo‘l kira tekin bo‘lsa!»

Bora-bora bu odatga aylandi. Endi mashinaning old o‘rindig‘i doimo bo‘sh turar, aniqrog‘i endi u qiz uchun atalgandi...

Shu alfozda bir necha oy o‘tdi. Yigit-da, qiz-da, bir so‘z demadi. Yigit avvalgidek qizga surbetlarcha tikilmas, ahyon-ahyonda mehribonlik bilan ko‘z qirini tashlab qo‘yardi. Qiz arazining esa nihoyasi yo‘qdek edi. Bora-bora qiz yengila boshladi. Yigit qiz tanigan boshqa yigitlarga sira o‘xshamas, juda odobli edi. Qiz unga o‘rgana boshladi. Yigit mashinani, qiz o‘tirgach, juda sekin boshqarar, bunga doimiy yo‘lovchilar ham ko‘nikib qolishgan: e’tiroz bildirishmasdi. Go‘yo yo‘lovchilar ham ularning muhabbatiga xayrixoh edilar. Unga nima deb murojaat etishni bilmas, o‘zidan bir necha yosh katta ko‘ringan bu yigitning ismini ham bilmas edi. Juda kamgap bu yigitchaning o‘zi esa «yaxshimisiz?»dan nariga o‘tmasdi.

Shu yo‘nalish bo‘yicha yana bir necha avtoulov ajratildi. Endi qiz bekatda turganicha... faqat, tanish mashinani kutardi. Uning uchun bu mashina ham, uning doimiy yo‘lovchilari ham juda qadrdon tuyulardi. Ularning hammasini birdek yaxshi ko‘rardi. Mashina salonidan kelayotgan muattar hid ham, yo‘llar ham. Hamma-hammasi qiz uchun qadrli bo‘lib qolgandi. Ba’zan yigitni kutib qolar, shunda qarshi tomondan mashinasini o‘qdek uchirib, shoshib kelayotgan tanish mashinani ko‘rib, beixtir entikib ketardi.

Shunday kunlarning birida... qiz uzoq, juda uzoq turib qoldi...

Yo‘lovchi mashinalar qiz qarshisida «ketasizmi?» degandek belgi berib, chiroqlarini yoqib-o‘chirishar, qiz esa haykaldek beparvo turaverardi. O‘sha kuni yigit ishga chiqmadi. Ertasi kuni ham. Qiz darslarga kechikib bordi, xayoli o‘zida bo‘lmadi.

Yigit tush va kechki vaqtda ham ko‘rinish bermadi. Qizning ko‘ngliga hadik oraladi. Bezovtalanib, yuragi uvishdi. Yigitga qattiq o‘rganibdi. Bog‘lanibdi. Sog‘inib, yarim tunda ko‘chaga chiqdi. Yo‘l qaradi. Uzoq, uzoq... yig‘lab qaradi. Odatda, tunda ko‘chaga chiqmas edi. Chiqar, kecha-kunduz yigitning yo‘lini poylar bo‘ldi. Shunday kunlarning birida tanish «Damas» ko‘rindi. Yo‘lovchilari yo‘q. Rulda boshqa. Haydovchi yonidagi o‘rindiqda esa... oppoq, matomsaro libosda bir ayol tushib keldi. Qizni quchganicha yig‘ladi. Qizning ko‘zi mashinada, hayratda lol qotgan edi. Juvon hech bir gap aytmadi. Ketar chog‘i qizning yoshga to‘lgan musaffo ko‘zlariga armonli qarash qildi-da, qo‘liga bir necha suratni tutqazib, mashinaga chiqdi. Mashina o‘rnidan o‘qdek jildi. Ichkaridan ayol kishining ho‘ngrab yig‘lagan ovozi eshitildi...

Mashina uning ham yuragini olib ketgandek, qattiq entikdi. Yanoqlarini kuydirib sizgan yoshlarni tuydi. Yon-atrof suv ostidagi kabi xira, to‘lqinlanib ko‘rinardi. Xayollari mashina ortidan ko‘tarilgan changdek to‘zib, beixtiyor ko‘ksini tutdi. Qo‘lidagi suratlarni o‘girdi.

Bu-«Damas»da qovoqlari uyulib, yuzini chirt o‘girgan qiz, o‘zining suratlari edi...

Hassos yillar uzoq o‘tdi... uzoq-uzoq o‘tdi. Tanish bekatda qo‘llarida gul tutgan bir kelinchak ko‘zida yosh bilan paydo bo‘ldi. Qo‘lidagi gulni yerga, yo‘l chetiga ohista qo‘yib, uzoq vaqt turib qoldi.

Yillar almashdi. Odamlar, davrlar-da, almashdi.

Avaliga bola yetkalagan juvon... so‘ngra yana yillar o‘tdi. Bir onaxon bu yerga ko‘p, tez-tez tashrif buyurdi. Keyinchalik... bora-bora... Hammasi unitilgandek. Balki, yaqindadir... Yo‘l chetida iymanibgina oppoq ko‘ylakda, tanish bekatda bir qiz turardi. Shamol yelkalarida to‘lg‘onayotgan tim qora sochlarini silab-siypar, etaklaridan tortqilab o‘ynardi. Uning ma’suma nigohlari yo‘lga intiq tikilgan, dudoqlari esa o‘sha-o‘sha sirli qimtilgan edi...
Erkin NORSAFAR

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bekatdagi malak...