07:06 / 19.01.2018
6 156

Muvaffaqiyat belgilari haqida 5 afsona

Muvaffaqiyat belgilari haqida 5 afsona
Badavlat inson obrazi odatda zeb-ziynatlar, hashamatli yaxtalar, qimmatbaho kostyumlar va zamonaviy gadjetlar bilan bog‘lanadi. Chiroyli hayotga intilish mumkin yoki - shunchaki yaxshi ta’minlangan hayotga. InsiderPro shubhasiz muvaffaqiyat belgilaridek tuyulgan bir necha jihatlar va bunday emasligini isbotlovchi mashhur kishilar haqida ma’lumot berdi.

1. Muvaffaqiyatli odamlar qimmat va zamonaviy kiyimlarda yurishadi


Hech qanday gadjetlar, shubalar va tilla taqinchoqlar aslingizdan-da muvaffaqiyatli ko‘rinishga yordam bermaydi. Mark Sukerbergga bir qarang - u bir xil kulrang futbolkalar va oddiy shippaklarda yuradi, biroq hech kim uning badavlat va muvaffaqiyatli inson ekaniga shubha qilmaydi.

2. Muvaffaqiyatli kishilar albatta oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak

Hoynahoy shunday gaplarni eshitgandirsiz: oliy ma’lumoti bo‘lmagan kishilar kamroq pul topishadi, bundaylar muvaffaqiyatga umid qilishmasa ham bo‘ladi. Apple asoschisi Stiv Jobs universitetni tugatmagan eng mashhur ishbilarmon bo‘lsa kerak. U kollejda ham vaqtini bekorga ketkizmagan - Jobs o‘z kompyuteridagi foydalanuvchi interfeysini kampus dastro‘mollaridagi kalligrafik yozuvlardek chiroyli qilishni istagani haqida yozgan.

3. Muvaffaqiyatli odamlar ishlashmaydi

Ilon Mask deyarli 20 milliard dollar egasi, biroq u o‘zining besh kompaniyasini rivojlantirishda davom etmoqda. U kuniga kamida 12 soat ishlaydi. Badavlat kishilar pullarni sarflash bilan emas, pul ishlashda davom etish bilan shug‘ullanishadi: ular bu yo‘lda o‘z loyihalarini ilgari surib, yangi daromadli g‘oyalar ishlab chiqishadi.

4. Muvaffaqiyatli kishilar qimmatbaho uylar xarid qilishadi

Afsonaviy investor va milliarder Uorren Baffet hali-hanuz 1957 yilda 31 ming dollarga sotib olgan uyida yashaydi, jamoatchilik transportida harakatlanadi va brij o‘ynaydi — hech qanday villa, xususiy samolyotlar va ziyofatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Baffet aynan shuncha boylikka ega bo‘lib turib, uni ko‘z-ko‘z qilishga intilmasligi bilan aksariyatning hurmatini qozongan.

5. Muvaffaqiyatli kishilar eng qimmat avtomobillarda harakatlanishadi

Ular hashamatli, lekin u qadar qulay bo‘lmagan avtomobillarga pul sarflagunicha boshqalar narx va sifat nisbatiga qaraydi. Masalan, Alibaba imperiyasi asoschisi Jek Maning kolleksiyasida Xitoyning o‘rta o‘lchamlardagi krossoveri mavjud, u Ferrari va Bugatti'dan bir necha barobarga arzon - 25 ming dollardan kamroq.

Xulosa
Hech qanday hashamatli, qimmat yoki nufuzli buyumlar sizni muvaffaqiyatliroq qilib ko‘rsatmaydi — hatto atrofdagilarning ko‘z o‘ngida ham.

Suhbatdoshlaringiz yoki ish beruvchilarni ajablantirmoqchi bo‘lsangiz, kurslarga yoziling, ko‘nikmalaringizni rivojlantiring va doimo qandaydir yangi narsa o‘rganishga harakat qiling. Merosni qo‘lga kiritib, do‘konlarga borgingiz kelsa, shu pullarni oqilona sarflashning iloji bormi yoki yo‘q - o‘ylab ko‘ring. Mukofot puliga yangi avtomobil olishni xohlasangiz, eng so‘nggi rusumdagisining ketidan yugurishga shoshilmang, yaxshisi uncha qimmat bo‘lmagan, lekin ishonchli modellarni ko‘zdan kechiring.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muvaffaqiyat belgilari haqida 5 afsona