13:33 / 19.01.2018
7 789

«Sen mening hammadan yashirgan sirim!»

«Sen mening hammadan yashirgan sirim!»
— Men ishxonamni yaxshi ko‘raman. Chunki u bilan ilk marotaba ishxonamda, biz o‘tiradigan xonada uchrashganman…

Hozir kompyuterda Sevara Nazarxonning «Ko‘rgim kelar…» qo‘shig‘ini eshitib, shu gaplarni yozyapman. Qo‘shiq xuddi men uchun aytilgandek go‘yo:

Men bilaman — siz ham tanhosiz,
Ko‘rgim kelar sizni negadir…

O‘sha kuni uni ilk marotaba ko‘rishim ham emasdi, aslida. Aslida, uni birinchi marta avtobusda uchratganman. Lekin unda faqat ko‘rgandim, xolos. Bugun esa, tasodifni qarangki, men necha kunlardan beri xayol surib yurgan qizning o‘zi ishxonamga kelib qolsa… Dovdir bola emasman-u, lekin o‘sha paytda nima qilishimu o‘zimni qanday tutishni bilmay qolganim faqatgina o‘zimga ayon.

U bilan uchrashish istagi, u bilan gaplashish xayollari mening tasavvurimda, o‘ylarimda qanday ulkan va yetib bo‘lmas orzular kabi bo‘lsa, uning xonamizga kirib kelishi shu qadar oddiy edi. Mayin taralgan sochlar, o‘ziga juda ham yarashgan kiyim, yuzida kishini beixtiyor o‘ziga tortadigan nim tabassum zohir edi. Bu qarashlar, bu ko‘zlar qandaydir qadrdon edi. Endi-endi o‘ylayman: yoqtirib qolish, yaxshi ko‘rish shunaqa bo‘larmikin, begona bo‘lsa-da, qadrdondek tuyilaverarmikin?..

Xullas, u salom berib kirib keldi. Nima yumush bilan kelganini aytib, hamkasblarimdan nimalarnidir so‘radi. Men esa jimgina qarab turardim. O‘zimni qaramaganga, ishlayotganga solardim-u, ammo bu qo‘limdan kelmasdi. To‘g‘risi, o‘sha asnoda uni beixtiyor va o‘z navbatida, sezdirmasdan yanayam sinchiklab kuzatardim. To‘g‘risi, bundan bir necha kunlar oldin avtobusda ko‘rgan qiz shumidi o‘zi, degan xayol ham o‘tdi ichimdan… Chunki bu ishonish qiyin bo‘lgan, kamdan-kam yuz beradigan tasodif edi.

Qani endi o‘sha lahzada atrofimda shu qizdan boshqa hech kim bo‘lmasa-yu, unga termili-i-ib o‘tirsam, suhbatlashsam, birga-birga xayollar sursam… Qani endi o‘sha lahzalarda u bilan ming yillardan beri tanish va qadrdon kishilardek bo‘lib qolsam-u, u menga eng yaqin insoniga qaragandek e’tibor bilan (o, qanday yoqimli istak bu e’tibor!), ha-ha, e’tibor bilan qarasa!..

Xayolga berilib ketganimni o‘zim ham sezmay qolibman. Lekin ishlash ham kerak edi! Atrofda hamkasblar va o‘z yumushi bilan kelgan o‘sha qiz… Men u bilan tanishish yo‘llarini qidirardim. Xuddi juda zarur ish qilayotgandek kompyuterga termilib, stolim ustiga qog‘ozlarni ham yig‘ib olgandim.

Shularni yozib boryapman-u, kompyuterda men eshitayotgan qo‘shiqlar almashinib borayotgani ham xayoldan ko‘tarilgan… Yoqimli musiqa va so‘zlar xuddi mening o‘ylarim va yozayotganlarimni bilib turgandek:

O‘ylamay deymanu, o‘ylamay bo‘lmas,
O‘tsang sen tomon bir bo‘ylamay bo‘lmas.
Sen mening hammadan yashirgan sirim —
Mening ertagimsan — so‘ylamay bo‘lmas.

Men mast edim. Bu yoqimli bir sarxushlik edi… Ana shu sarxushlik meni ishga olib kelardi, uyga olib borardi. Shu sarxushlik bilan avtobusga chiqardim, do‘konlarga kirardim, kundalik yumushlarimni bajarardim. Men avvaliga shuni baxt deb bilardim. Lekin baxtning ham mazmuni va ma’nosi o‘zgarib turardi. Men u bilan ilk tanishganimni baxt deb bilgan bo‘lsam, endi u bilan yanayam yaqinroq bo‘lish istagi, baxti turardi…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Sen mening hammadan yashirgan sirim!»