18:05 / 19.01.2018
4 848

"Oltin qafas" orzusi...

"Олтин қафас" орзуси...
— Muhabbatimiz-chi?! U ham bo‘lmag‘ur gapmi? Shu paytgacha aytgan so‘zlaringiz, bergan va’dalaringiz hammasi yolg‘on edimi? — dedi Saida yer chizib.

Qizning butun vujudi titrar, yuzi uyat hamda hayajondan qizargan va dastro‘molini g‘ijimlab, tez-tez ko‘z yoshini artardi. Saidaning ro‘parasida turgan Baxtiyor izma-iz berilgan savollarga oldindan tayyorlab kelgan javoblarini qalashtirib tashladi.

— Axir aytyapman-ku, hammasi vaqtinchalik deb. Bu ishlarni tezda bir yoqli qilib, yana yoningga qaytaman, o‘lay agar! Bu ishlar faqat o‘zimga bog‘liq bo‘lganida seni yig‘latib o‘tirmasdim. Qolaversa, o‘sha yoqda qolib ishlashim uchun ham bunga rozi bo‘lmay ilojim yo‘q…

— Demak, ishni deb mendan kechib ketarkansiz-da?! — Saida favqulotda mag‘rurlik ila so‘zladi.

— Nega endi ishni deb? Ish uchun emas, sen vaziyatni tushunmayapsan. Uning dadasi katta odam. Aytganiga kirmasam, istagan ko‘yiga solishi mumkin. Unda senga ham, menga ham yomon bo‘ladi. Yaxshisi, aytganiga rozi bo‘lganim ma’qul.

Saida «Kimdandir qo‘rqib g‘ururingiz va muhabbatingizdan kechasizmi?» demoqchi bo‘ldi. Lekin bu gaplar Baxtiyorga kor qilmasligini bilib, indamadi. Ayni chog‘da Saida birdan qat’iyatli bo‘lib qolgan edi. Endi qizning vujudi titramas, dastro‘molini g‘ijimlamas, ko‘z yoshi ham tingan va boyagi hayajonu xavotir o‘rnini allaqanday tushunuksiz tuyg‘u egallagandi. Aynan shu tuyg‘u Saidani tezroq bu yerdan ketishga undar, endi Baxtiyorning yonida bir daqiqa ham qolishi mumkin emasligini eslatib turardi go‘yo. Soniyalar o‘tishi bilan tumandek oq bulutlar kishi istagan shaklga kirgani kabi bu tuyg‘u ham aniq bir ma’no kasb etdi. Saida bu tuyg‘u nafrat ekanini va u hozirgina ko‘nglida mavj urgan muhabbat o‘rnini egallab olganini his etdi.

Baxtiyor qizning jim bo‘lib qolganini va o‘zini qo‘lga olganini o‘zicha tushundi. Biroz yengil nafas olib, dadil gapirdi:

— Xo‘sh, kelishdikmi?

— Yo‘q! Kelishmadik. Endi yo‘limiz boshqa-boshqa. Meni qaytib bezovta qilmang. Bo‘pti, xayr!

Saida shunday deya ortiga o‘girilib, jo‘nadi. Baxtiyor nima qilarini bilmay, bir zum angrayib turdi-yu, so‘ng nomigagina iltijo qildi.

— Saida, to‘xta! Sen meni tushunmading…

Saida ortiga qayrilib ham qaramadi. Qizning fe’lini yaxshi bilgan Baxtiyor Saidaning ortidan borish foydasiz ekanini anglab, uyiga jo‘nadi. Yigit Saidadan uzoqlashgach, bir qo‘lini musht qilib, ikkinchi kaftiga urdi va «Yest!» dedi quvonib. So‘ng uf tortib, engil nafas oldi. Baxtiyor uyga ketguncha kelgusi rejalarini tuzarkan, endi tezroq shaharga qaytish kerakligi haqida o‘ylardi. Baxtiyorning qishloqda bajarishi kerak bo‘lgan ishlari tugagandi. Endi esa shaharga borib, to‘yni tezlashtirsa ham bo‘ladi. Axir Baxtiyor bu kunlarni qanchadan buyon intiqib kutayotgandi. Avvaliga otasi shahardan uylanishiga rozi bo‘lmagani Baxtiyorni ancha tashvishga qo‘ydi. U bir telefon qo‘ng‘irog‘i bilan bitkazaman, deb o‘ylagan ishi uchun qishloqqa kelib-ketishiga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyam otasi Saida bilan munosabatlaridan bexabar ekan. Bo‘lmasa, ikki dunyoda ham rozilik bermasdi.

Darvoqe, Baxtiyor kollejda o‘qib yurgan paytidayoq Saida bilan ahdu paymon qilgan edi. Avvaliga qiz rozi bo‘lmadi. Lekin Baxtiyor aytganidan qolmay, Saidaning ortidan yuraverdi. Axiyri qiz yigitga moyillik bildirdi. Shunda ham ochiq gap aytmadi. Baxtiyor Saidadan yaxshi ko‘rish-ko‘rmasligini so‘rab, qistovga olganida: «Hamma biladigan gapni takrorlab nima qilaman?» dedi uyatdan yuzi qizarib. Baxtiyor esa bot-bot unga yaxshi ko‘rishini takrorlab, va’dalar berardi. So‘ng Baxtiyor o‘qish uchun shaharga ketdi. Lekin o‘qishga kira olmadi. O‘qishga tayyorlanish bahonasida shaharda qoldi. Kun kechirishga uydan pul so‘ramaslik uchun o‘ziga ish qidirdi. Avvaliga duch kelgan ishlarni bajarib yurdi. Ammo biror muqim ish topa olmadi. Kechga yaqin mashinada kelgan kishi ish borligini aytib, uni yoniga chaqirdi. Baxtiyor savdolashmay, mashinaga o‘tirdi. Ikkisi bora-borguncha suhbatlashib ketishdi. Aniqrog‘i, ishchi qarab kelgan Shahzod akani Baxtiyorning kim ekani qiziqtirardi. Baxtiyorning o‘ziga to‘q oiladan ekanini, o‘qish uchun shaharda yurgani va uydan pul so‘ramaslik uchun ba’zan ishga chiqib turishini bilgan Shahzod akaning unga nisbatan hurmati oshib:

— Halol mehnatning aybi yo‘q, — dedi. — Mana, bir paytlar men ham uzoq viloyatdan kelganimda bu yerda birorta tanishim, qo‘llaydigan akalarim yo‘q edi. Ham o‘qib, ham ishlab, shu darajaga erishdim. Xudoga shukr, birovdan kam joyim yo‘q. Yigit kishi mehnatdan qochmasligi kerak.

Baxtiyor Shahzod akaning gaplarini tasdiqlab, indamay borardi. Ular manzilga yetishgach, qasrdek qurilgan uy oddiy mashina mingan va odmi kiyingan Shahzod akaga tegishli ekaniga shuhbalandi. Lekin bir muddat ishlagach, Shahzod aka shuncha boy-badavlat bo‘lishiga qaramay, o‘zini xokisor tutishini bilib oldi. Endi Baxtiyor unga havas bilan qaray boshladi.

O‘sha kuni Baxtiyor ishni oxiriga yetkaza olmay, ertasi kuni yana Shahzod akaning uyiga keldi. Shahzod akaga Baxtiyorning ishlashi, muomalasi yoqib qolgandi. Shu sabab Baxtiyorning telefon raqamini olib, yana ish bo‘lsa, chaqirishini aytdi. Shu-shu bo‘ldi-yu, Baxtiyor Shahzod aka bilan yaqinlashib ketdi. Baxtiyor o‘qishga kirgach, Shahzod aka unga:

— Endi pul avvalgidan ham ko‘proq kerak bo‘ladi. Bizning kichik seximiz bor, shunda ishlasangiz, qanday bo‘ladi? — dedi.

Bu taklif Baxtiyorga yoqib tushdi. U avval oddiy ishchi, keyin sexda nazoratchi bo‘ldi. Bir yil o‘tmasdan Shahzod aka sexning butun ishini Baxtiyorga ishonib topshirdi. Baxtiyor bu ishlarni bemalol uddalayotgandi. U endi Shahzod akaning hovlisida yashab, xo‘jaynining yumushlarini bajarib yuradigan ishonchli kishiga aylangandi. Odamlar bilan kirishimli bo‘lgan Baxtiyor Shahzod akaning qo‘shnilari bilan ham inoqlashib ketdi. Uni butun mahalla Shahzod akaning jiyani sifatida tanib ulgurgandi. Shu tariqa Baxtiyor Shahzod akaning yon qo‘shnisi Islom akaning yolg‘iz farzandi Naziraga ko‘ngil berdi. Ayni paytda Saidaga bergan va’dalarini unutgandi. Endi yigitning ko‘ziga ilk muhabbati emas, kelgusida o‘ziga qoladigan katta hovli va ancha-muncha mol-mulk ko‘rinardi. Shu sabab Baxtiyor avval otasidan Naziranikiga sovchi bo‘lib kelishini so‘radi. Ammo otasi notanish oila bilan quda bo‘lishga rozi bo‘lmagach, qishloqqa kelib, otasini bazo‘r rozi qildi. So‘ng Saida bilan ham bir yo‘la xayrlashib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin qizga vaziyatni boshqacha tushuntirdi. Saida sevgilisining so‘zlariga ishonmadi. Lekin Baxtiyor qasam ichib, Naziraning o‘zi unga yopishib olgani, qandaydir hiyla bilan tuzoqqa tushirgani va endi unga uylanishga majbur ekanini aytdi. Bu gaplardan so‘ng Saida muhabbatdan ham, dunyodan ham ko‘ngli sovib, uyiga yig‘lab qaytdi. Baxtiyor esa kelgusi baxtini xayol qilib, quvonib borardi.
* * *
To‘y o‘tdi. Baxtiyor rostakamiga baxtli inson bo‘lib, Islom akaning hovlisida Naziraning ota-onasi bilan yashay boshladi.

Kunlarning birida Baxtiyor odatdagidek ishdan kelib ovqatlangach, xonasiga kirib, televizor tomosha qila boshladi. Undan so‘ng xonaga kirgan Nazira:

— Shuni o‘chiring! Boshim og‘rib ketdi, uxlayman, — dedi.

Baxtiyor kino ko‘rmoqchi ekanini aytdi-yu, indamay o‘tiraverdi. Nazira esa bir zum kutdi. So‘ng xonadan chiqib, qayergadir borib keldi. Bir muddat o‘tgach, eshik yonida Naziraning onasi paydo bo‘ldi va kuyoviga:

— Baxtiyorjon, o‘g‘lim, shu televizor o‘lgurni o‘chirsangiz yoki ovozini pastroq qilsangiz. Tovushi bizgacha boryapti, — dedi muloyimlik bilan.

Taklifga o‘xshab aytilgan bu gap, aslida, buyruq ekanini Baxtiyor yaxshi bilardi. U shu haqda o‘ylar ekan: «Yosh boladay muomala qilishlaridan charchadim», derdi. Hozir ham shuday o‘y bilan yotar, Nazira onasiga aytib televizorni o‘chirtirganini o‘ylab, alami kelardi. Shu kungacha bunday munosabat jonidan to‘ydirib yuborgan Baxtiyor beixtiyor ovoz chiqarib: «O‘zimga baxt emas, oltin qafas orzu qilgan ekanman, Saida!» deb yuborganini sezmay qoldi. Buni eshitgan Naziraning ko‘zlari katta-katta ochildi va dag‘dag‘a bilan:

— Nima? — dedi. — Hozir nima dedingiz? Menga qarang, nega ko‘zingizni olib qochasiz? Gapiring, Saida kim?

Nazira tahdid bilan erining tepasida turar, negadir yosh boladay qo‘rqib ketgan Baxtiyor dag‘-dag‘ qaltirardi.
Quvonchbek XUDOYShUKUR

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Oltin qafas" orzusi...