14:43 / 28.01.2018
7 747

Soxta sevgi qurboni...

Soxta sevgi qurboni...
Nasiba yangragan sevimli taronani eshitar ekan diliga iliqlik yugurdi. Qo‘l telefonida unga aziz bo‘lgan ismni ko‘rib ko‘zlari quvnadi.

– Assalomu alaykum, – mamnunlik bilan javob berdi qo‘ng‘iroqqa. – Yaxshi yuribsizmi?

– Rahmat, o‘zing tinch yuribsanmi?

– Shukr, yaxshi! Negadir kayfiyatingiz yo‘qmi? – dedi hamsuhbatining mungli ovozidan ko‘ngli bejo bo‘lib.

– Eh, hozir kayfiyatdan so‘z ochma, bir gram ham qolmagan...

– Nega, Sanjar aka nima bo‘ldi?! – kapalagi uchib ketdi Nasibaning. – Ishqilib, tinchlikmi?..

– Qachon ishdan chiqasan, kechki payt ko‘rishaylik. O‘shanda bafurja gaplashamiz.

– Xo‘p, unda men uzog‘i bilan bir soatlarda bo‘shab yo‘lga chiqaman. O‘sha joyda ko‘rishamiz, kelishdikmi...

Nasiba go‘shakni stol ustiga omonatgina qo‘yib xayollari to‘zg‘ib ketdi.

“Unga nima qilgan bo‘lishi mumkin? Telefonda ham uchini chiqarmadi. Biror bir katta muammo bo‘ldimikin? Rafiqasi oramizdagi munosabatlarni payqagach janjal ko‘targan bo‘lsa-ya? Nahot ayriliq onlari yaqinlashdi...”

Yurak-bag‘rini siqqan bu savollarga tezroq javob olishni istadi. Undan ayrilgisi yo‘q. Taqdir ularni mana shu arosatli yo‘lda uchrashtirdiyu, shu kungacha faqat va faqat muammo, tavishlar bilan siylab kelyapti. To‘rt yil avval o‘sha joy: Yakkasaroy tumanidagi “Kosmonavtlar” metrosi yonginasida o‘rnatilgan o‘rindiqlardan birida ko‘z yoshlarini artib turgan Nasiba ilk bora unga duch kelgan edi. Juda qaysar qiz qo‘rslik qilishiga qaramay Sanjarning jimgina yo‘lini davom ettirishiga nimadir xalal berdi.

Yuz ko‘zlarida mehr balqib turgan bu dilshikasta qizning alamzada ekanligi shundoqqina ma’lum edi. Nasiba o‘shanda shirin so‘zlari bilan yigitni avragani yo‘q. Noz-karashma qilib ko‘ngliga qulf solishga intilmadi ham. Aksincha bor alamini shu begunoh kimsadan oldi. Yetti yot begona bo‘lishiga qaramay, o‘z holiga qo‘yishini aytib baqirib berdi. Hammiyatiga tegadigan gaplar bilan siyladi. Lekin Sanjar ketib qolmadi... Vazminlik bilan shu o‘jar qizning dilini topdi. Uzoq vaqt gaplashishdi o‘ziyam. So‘ng favvoralar yoqalab sayr qilishdi. Nasiba ham ko‘ngli halovat topganidan beixtiyor edi. Xayrlashar chog‘i har yangi topishgan juftliklar bir-biridan telefon raqam va manzilni qayta uchrashish ilinjida so‘rab olishadi. Ammo ularda bunday bo‘lmadi. Nasiba ikki-uch soat oldingi tushkunlikdan hayotdan mamnun qiyofada uyga yetib keldi. Ana shundagina u yigitning hazil-huzullarini qo‘msadi shekilli, orlanib telefon raqamini so‘ramaganidan yozg‘irindi. U yigit ham, hatto ish joyi, kasbi-kori haqida surishtirgani yo‘qda.

“Tavba odatda bu haqida surishtirmagan odam yo‘q edi. Nega u qiziqmadi? Eh, Nasiba, Nasiba... bunday qo‘rslikdan so‘ng qaysi yigit sendan yurak tutib telefon raqam so‘rasin?”

Sanjar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatini eslab kulib yubordi. Xonadosh qizlar undagi bu o‘zgarishdan suyunchi olishga o‘tdi?

– M-m-m, dugonajon kim u yuragingizni o‘g‘rilagan? – dedi shadod qiz Shohista.

– Voy, qanaqa yurak o‘g‘risi? – dedi yuzlari qizargan Nasiba uyatchanligi tutib.

– Ibi, hali bizdan yashirmoqchimilar? – savollar yomg‘irini yog‘dirib mahkam ushlab oldi. – Kelishgan, baland bo‘ylimi? Qayerda ishlar ekan? Toshkentlikmi yoki viloyatning alp yigitlari?..

– Voy, do-o-od boshim, – savollarga tayinli javobi yo‘qligidan shartta o‘zgardi. – Shohista, nima balo folbinlik ham qilyapsizmi? Kim va nima haqida gapiryapsiz o‘zi?

– Ha, kimnidir uchratib sevib qolganligingiz shundoqqina yuz-ko‘zingizdan ma’lum-ku. Ishdan nuqul bezib, homush uyga kirib kelgansiz. Bugun ilk marta sizni bunday mamnun holatda ko‘rayapman, aniq uchratgansiz-a? Faqat aytishni xohlamayapsiz?

– Unaqa emas, axir. Nima ishdan yaxshi kayfiyatda kelish mumkin emasmi? Ha, deb tashvishlarga aza tutib, qovog‘imni solib yurishim kerakmi?

Ana, xolos u Sanjarning aytgan gaplarin takrorlayaptimi? Bir soatcha oldin xuddi shu so‘zlarni, ochilib yuring, samimiylik sizga yarashadi, deb nasihat qilgandi-ya u. Nasiba yana o‘yga toldi. O‘zi bugun unga nimadir bo‘ldi. U oldin hech kimning so‘zlarini qayd qilmas edi. Hatto, qattiqqo‘l boshlig‘ining ham. Xonadagi qizlar uning o‘ychan nigohidan payqadi shekilli, indamay qo‘yaqolishdi. Bugun kechki ovqatni tayyorlash uning gali. Oshxonada yakka o‘zi yegulik hozirlashga tushdi. Qizlar ham xalal bermay qo‘ydi. U bamaylixotir Sanjar bilan birga o‘tgan mazmunli vaqti va suhbatini xotirlab kartoshka, piyoz va sabzini archardi. Dafatan “A-a-a” deb ingradi. “Qurg‘ur pichoq ham o‘tmas. Nuqul kartoshkani kesmay, qo‘lni qonatadi” deya og‘rindi. Aslida aybdor pichoq emas, Sanjar va u tomon sayr qilib yurgan xayollar... Lekin alamini dami qaytib qolgan pichoqdan oldi. Shu tobda yana uning so‘zlarini esladi: “Jahlingiz chiqqanida, garimdorili so‘zlaringiz bilan qarshingizda turgan kishi yoki narsadan xumoringiz chiqqunicha savalamang!”

Shu zayl odatda yarim soatda tayyor bo‘ladigan tamo ke-ye-yech tushganda pishdi. Qizlar ovqatning xushbo‘yligidan bay-baylab dasturxon atrofiga yig‘ilishdi. Qoidaga binoan ovqat tayyorlagan kishi idishlarga suzib so‘ngida o‘zi o‘tiradi. Qizlardan birinchi bo‘lib shoshqaloq Dildora taomdan tatib ko‘rdi. Ko‘zlari bejo bo‘lganligini ko‘rgan Shohista taajjublanib tikildi. Nasiba ham dasturxon atrofiga o‘tirgan payt Shohista qoshig‘ini sekin kosasiga suqdiyu oshpazga tomog‘ida ushlab turgan chimdimgina yegulikni yuta olmay, ming bir qiynoqda turgan alfozda tikildi. Nasiba hammaning aft-angoridan xavotirga tushib darrov ovqatdan tatib ko‘rdiyu o‘zining ham chehrasi dugonalari bilan bir xil bo‘lib qoldi. Faqat yuzlari qizarganligini hisobga olmasa.
– Aytgandim-ku, sevib qolgansiz, – ovqatning sho‘r bo‘lganligini hazilga burdi Shohista. – Kim ekan u shunday malakning xayollarini o‘g‘rilagan? Endi aytmagungizcha sizga ovqat qildirmay turamiz!

Stol atrofida kulgu ko‘tarildi. Nasiba ham ortiq bahona qilishga hojat qolmagani uchunmi qo‘shilib xi-xi-xilashdi. Mana endi birgina Shohista emas naq uchta bosh va uchta orom olmay sayrab turgan tillar savollarga ko‘mib tashladi. Lekin birgina Sanjar ismidan tashqari tayinli bir ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lishgani yo‘q.

Tong yorishdi. Nasiba bugun yangi kunni boshqacha qarshi oldi. O‘sha uy, tanish ko‘cha va eski deraza. Ammo xonaga urilayotgan shamol tafti boshqacha... Sochlarini silab, yuzlarini erkalayapti mayin shabada. Yengil va xushxilqat chehra bilan ishga otlandi. Bir gram samimiylikni ham qo‘shib qo‘ydi. Jamoadagilar ham uning to‘lin oydek yorqin nur taratib qadam ranjida qilganidan benihoya xursand. Tushlikkacha yaxshi kayfiyatda yurdi. Ammo ovqatlanib bo‘lgach Sanjar haqida fikrlari tub o‘zgarishga yuz tutdi.

Kecha shirin so‘zlari, hazil-huzullari bilan ko‘nglini ko‘targan yigit bog‘lanish uchun hech qanday ma’lumot qoldirgani yo‘q yoki olmadi ham. Shunchaki, tasodif tufayli g‘amgin bir qizning ko‘nglini chog‘ qildi-da. Xayollarida sarhadsiz sayr qilib yurgan Sanjar haqidagi o‘ylarini haydab soldi. Ortiq uni eslab, parishonxotir bo‘lmaslikka ahd qildi. Agar qayta ko‘risha olmasa, yana o‘zi qattiq siqiladi. U yigitning esa faqatgina ismini biladi xolos... Oldingi qora bulutlar uning atrofida yig‘ilib yomg‘ir yog‘iladigan diqqinafas ob-havodek kayfiyati buzildi. Yana o‘sha tanish joyga keldi. Lekin bu gal o‘tirmadi. Foydasiz va mantiqsiz uzoq kutishning nima keragi bor. Qo‘loqchinni sumkasidan axtarishga tushdi. Shu payt unga kimdir qattiq to‘qnashib ketdi. Jahil bilan qichqirdi.

– Tavba, ko‘rmi-i-i... – qarshisidagi yigitni ko‘rib tili aylanmay qoldi.

– Yaxshimisiz, – deya hazilomuz hol-ahvol so‘radi. – bugun ham kayfiyatingiz chatoq ko‘rinadi?

– Ha-a-a, yo‘g‘a, sizligingizni bilganimda...

– Baqirmasmidingiz, yaxshi unda yana bir marta sinab ko‘ramizmi?..

Ikkisi ham kulib yubordi. Nasiba ayni chog‘da uni kutmagandi. Yo‘q, ich-ichidan qayta uchratib qolishni istagan edi, lekin yana shu yerda uchratishi bu bir tushdek. O‘zini chimdilab ham ko‘rdi, xayollar og‘ushida yurmaganligini aniqlash uchun.
*****
– Nima bo‘ldi? – kapalagi uchib ketdi Nasibaning.

– Onamni shifoxonaga yotqizdik, – o‘ksinib so‘zladi Sanjar. – To‘satdan bo‘lgani uchun operatsiyaga zudlik bilan pul topishim zarur. Yig‘ib yurganimni ishlatib qo‘ygan edim. Endi qayerdan, kimdan olaman shuncha pulni...

– Menda ikki million yiqqanim bor.

– Qo‘ysang-chi...

– Unday demang, sizga zarur. Men esa orzu-havaslarimga yiqqanman. Axir shu orzularim siz bilan ro‘yobga chiqadigan bo‘lsa, nega uni sarflamasligimiz kerak. Oyijon sog‘ayib ketsalar bo‘lgani...

Sanjar inkor etmadi. Chunki ilojsiz, hozir Nasibadan bo‘lak hech kim yordam qo‘lini cho‘zmaydi unga. Qiz aziz insonidan jonini ham ayamaydi. Tirnoq kiri tekkan shu pullarni qizanarmidi? Muammo hal bo‘ldi. Lekin negadir Nasiba bo‘lajak qaynanasining holidan xabar olib bormoqchi bo‘lganida, Sanjar mavridi emasligini tushuntirdi. E’tiroz bildirgani yo‘q.

Oradan vaqt o‘tib, ularning munosabatlari ancha palak yozgan edi. Sanjarning ham tashvishlari kun sayin ortar, hali ishidan haydalar, hali kimdandir qarz bo‘lib qolar. Nasiba esa imkon boricha unga ko‘maklashdi. Oyoqqa turib, barigi iziga tushib ketishini o‘ylar edi-da. Unga qattiq ishonar edi. Negadir atrofdagilari nuqul Sanjarni qo‘llab-quvatlashidan norozi bo‘lar, haddan ziyod unga bog‘lanib qolganligidan kuyinishardi. Orada uning oilasi, sevimli ikki farzandi borligini bilganida dunyo ko‘zlariga tor ko‘rindi. Aldanganligidan iztirobga tushib, qalbida g‘aflat bosgan g‘ururi tobtaldi. Lekin undan butkul sovib qolmadi. Chunki faqatgina u bilan halovat topadi. Ko‘ngli uning so‘zlaridan xotirjamlik tuyadi. Faqat ugina ko‘ngil ko‘chalariga sayr qilib, bekilib qolgan eshiklarni ochgandi. Qolaversa, oilasi va yaqinlari haqida tayinli bir ma’lumot bermagan edi. Shuning uchun ham ota-onasiga u haqida aytishdan shoshmagan edi. Endi nima deb aytsin, uylangan oilali bir erkakka ilakishib qolganliginimi? Yoki sevgani o‘zganiki ekanligini kech anglab, aldanganliginimi? Faqatgina xonadosh dugonasi Shohistaga dardini to‘kdi. Shadod qiz esa dugonasining laqmaligidan og‘rinib, goh dalda, goh xatolaridan kuyinib dakki berardi.

– Nasiba, bo‘ldi u bilan uchrashmang.

– Nima-a-a, menga nasihat emas, maslahat kerak.

– Men ham sizni o‘ylab, maslahat beryapman, – battar asablari buzildi. – U erkak hech nima bera olmaydi. Uning qo‘l telefoniga pul tashlasangiz, muammolari chiqqanida hal qilib bersangiz. Nima unga boyvachcha xotin emassiz-ku? Qanaqangi, hamiyatsiz erkak ekan u?!

– Undan nolishni bas qiling. Men hozir ularni emas, endi nima qilishim kerakligini o‘ylayapman.

– Nimasini o‘ylaysiz-a? U sizning bor-budungizni shilib zulukday yopishib olgan hashorat-ku? Undan qancha tez qutilsangiz o‘zingizga shuncha yaxshi!

Nasiba telefonidagi taronalar sevimli qo‘shig‘ini qo‘yib xonanda bilan baravariga alam bilan yig‘lab kuylay boshladi. Shohista uning iztiroblariga chiday olmay xonadan chiqib ketdi.

Goh sevgidan toshgan daryosiz,
Goh mehrga tashna sahrosiz.

Men bilaman siz ham tanhosiz,
Ko‘rgim kelar sizni negadir...

Muhabbatda mazmun erur erk,
Bir armonga har kim egadir.

Sizsiz menga barcha yo‘llar berk,
Ko‘rgim kelar sizni negadir...

Tun kutaman oydin, yulduzlik,
Kun kutaman nurafshon aslik.

He-ye-yey, dilimni ezdi yolg‘izlik,
Ko‘rgim kelar sizni negadir...

*****
– Hozirgina ishxonadan chiqdim, – hansirab gapira ketdi Nasiba. Uni qiynagan savollarga javob topishga mushtoq edi. “Nahot hozir tashlab ketishini aytsa...” deya ich-ichda hadiksirab turdi.

Xabaring bor bozorda savdo qilaman, deb biznes boshladim. Padari qusur ishim yurishmadi. Shu yil o‘zi menga nuqul omadsiz keldi. Qaysi ishga qo‘l urmay, omadsizlikka duch kelayapman.
– Ha, yana qarz bo‘ldingizmi? – o‘ylaganining umuman aksi bo‘lib chiqqanidan ko‘ngli xotirjam tortgandek bo‘ldi.

– Hada-a-a...

– Endi nima qilmochisiz?

– Topib berishim kerak pulni. Sening oldiga shu masalani hal qilish uchun kelgan edim.

– Lekin menda ham hozir moliyaviy muammolar ko‘p. O‘zimning ham tashvishlardan boshim garang.

Sanjar indamaygina jim turdi. Ilgari har xil hazil-huzullarini qilib Nasibaning pulini osongina qo‘lga kiritib ketar edi. Bu gal esa uning kayfiyati umuman yo‘q. Aksiga olib puli yo‘qligini ham ta’kidlab turibti. Uzoq birga bo‘lishmadi. Ilk marotaba unga rad javobini berdi. Aniqrog‘i yordam qo‘lini cho‘zmadi. Shu-shu sanjar dom-daraksiz yo‘qolib qoldi. Qaytib ko‘rinmadi. Telefon raqamlari ham o‘zgarib ketdi. O‘sha tanish raqamlar va aziz bo‘lgan ismni qo‘l telefonidan topib sim qoqadi. Birgina javob uchta tilda jarang sochadi: “Abonent xizmat doirasidan tashqarida...”

Bu voqealardan so‘ng bir oylik ta’til oldi. Xonada qamalib ko‘chaga ham chiqqani yo‘q. Telefon raqamlarini o‘zgartirdi. Faqatgina pul uchun sevimli yor sifatida yurganligidan isnot qilib, o‘ziga kelolmay yurdi. Uni eslatuvchi hamma narsalarni o‘zgartirishga, yo‘q qilishga kirishdi. Faqat shu sevimli qo‘shig‘ini tinglamasa qalbi tilkapora bo‘ladigandek ezilardi. Shu qo‘shiqdagi so‘zlar bilan ovunib, ko‘nglini musiqa yupatardi... Ko‘cha-kuyda yoki ishxonada unga iltifot ko‘rsatadigan erkak zotining har qanday toifasini ko‘rganida ularga nisbatan nafrat va alamzadalik bilan qaray boshladi. U bir emas ikkinchi bor aldandi. Ikki bor sevgi borasida qattiq yanglishdi, tanlagan jufti unga sadoqatli chiqmadi. Sanjar Nasibani soxta sevgisiga mahliyo qilib, o‘z maqsadi yo‘lida foydalanib yurdi. Bechora qiz esa shu sovun pufagidek kam umr ko‘rgan soxta sevgiga sadoqat bilan vafo qildi. Unga ishondi... Endi kimdir unga kelib sevgi haqida og‘iz ko‘pirtirmoqchi bo‘lsa, muhabbat quruq safsataning o‘zginasi ekanligini ta’kidlaydi. Istirohat bog‘ida sevishgan ikki juftni ko‘rsa, ko‘z oldida makkor Sanjarning sovuq chehrasi gavdalanadi. Lekin ko‘rgisi keladi. Sog‘inadi…
Hidoyat SADRIDDINOV

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Soxta sevgi qurboni...