23:00 / 06.02.2018
21 786

Ziravorlardan foydalanishni bilasizmi?

Ziravorlardan foydalanishni bilasizmi?
Qadim-qadimdan ovqat tayyorlashda turli-tuman ziravorlardan foydalanib kelingan. Ular taomlarning mazasini, ko‘rinishini yaxshilashda ishlatiladi. Shu bilan birga ziravorlar turli kasalliklarga davo hamdir. Faqat ularni qanday ishlatishni bilish kerak.

Yurtimizda ishlatiladigan aksariyat ziravorlar va ularning foydali jihatlari barchaga ham ma’lum emas. O‘ylaymizki, ziravorlar haqida keltirib o‘tilgan ma’lumotlar barchangizga birdek foydali bo‘ladi…

Mazasidan ko‘ra davosi afzal!
Bilasizmi, barchamizga ma’lum bo‘lgan ziravorlar taomning mazasini, ko‘rinishini yaxshilabgina qolmay, ovqatlarni V1, V2, C vitaminlari va karotin, mineral tuzlar va boshqa foydali moddalar bilan ham boyitadi. Ba’zilari esa ma’lum bir kasalliklardan forig‘ bo‘lishda yordam beradi. Masalan:
  • Dafna yaprog‘i stomatitga barham beradi, organizmdan shlaklarni chiqaradi, immunitetni oshiradi, shamollashga qarshi kurashish xususiyatiga ega.
  • Arpabodiyon shamollashga qarshi yaxshi vosita, gepatitda jigar faoliyatini yaxshilaydi.
  • Badyan nomli ajoyib ziravor esa tomoq og‘riganda va yo‘tal xuruj qilganda yaxshigina yordam beradi. Dorixonalarda sotiladigan yo‘talga qarshi “Pektusin” tarkibida ham aynan shu o‘simlik bor.
  • Shamollashdan zanjabil ildizi yordamida ham qutilish mumkin. Bundan tashqari, u burun oqishi, yo‘talni ham qoldiradi. Chanqoqni bosishda va ovqat hazm qilish muammolarida ham foyda beradi.
  • Yurak va nafas organlari bezovta qiladigan bemorlar taomga Chili garmdorisidan qo‘shib yeganlar ma’qul. Agar siz shishlardan xolos bo‘lishni istayotgan bo‘lsangiz, petrushka taomingizga soling.
  • Imtihon yoki biror-bir muhim ma’ruzalardan oldin qalampirmunchoq qo‘shilgan biror-bir taom iste’mol qiling. Bu ziravor xotira va fikrlay olish qobiliyatini yaxshilaydi. Qalampirmunchoq yallig‘lanishga qarshi va og‘riqni qoldirish xususiyatiga ham ega.

Qaysi ziravorni tanlash kerak?
Taomingiz mazali va xo‘shbo‘y chiqishi uchun qaysi mahsulotga qanday ziravorlar to‘g‘ri kelishini ham bilib olishingiz kerak. Buning uchun bizning qo‘llanmamizdan foydalaning.

Go‘shtga: qizil, qora, xushbo‘y garmdori yoki qalampirmunchoq, zira, kurkuma, piyoz.
Parranda go‘shtiga: rozmarin, mavrak, rayhon.
Baliqqa: dafna bargi, zanjabil, xushbo‘y garmdori, piyoz, kashnich, chili garmdorisi, xantal, shivit.
Grilga: qizil garmdori, xo‘shbo‘y garmdori, kardamon, zanjabil, chili garmdorisi.
Sabzavotlarga: qizil, qora, xushbo‘y garmdori, zanjabil, kurkuma, kashnich, xantal, kardamon, zira, qalampirmunchoq.
Mevali sharbat, kompotlarga: dolchin, qalampirmunchoq, zanjabil, badyan, kardamon.
Pashtetlarga: dolchin, zanjabil, dafna bargi, qalampirmunchoq, badyan, kardamon.
Pishiriqlarga: qalampirmunchoq, dolchin, badyan, zanjabil, kardamon, xushbo‘y garmdori, apelsin po‘stlog‘i, arpabodiyon.

BILIB QO‘YGAN YaXShI!
Ba’zi ziravorlar umuman birga qo‘shib ishlatilmaydi. Masalan, zira ishtahani ochib, ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi, biroq u bilan birga birorta ziravorni (tuz va qalampirdan tashqari) taomga solgudek bo‘lsangiz, qorningiz qanchalik och bo‘lmasin, bu taomni yeya olmaysiz. Chunki u bemaza bo‘lib qoladi. Oshqozon ovqatni yaxshi hazm qilishi uchun tavsiya qilinadigan rayhon esa sarimsoqdan boshqa ziravorga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zingiz maydalang!
Tuyilgan ziravorlar qayta ishlanayotgan vaqtda o‘z xushbo‘yligining deyarli yarmini yo‘qotadi. Shuning uchun ziravorlarni o‘zingiz mustaqil maydalaganingiz yaxshi. Faqat yodingizda bo‘lsin: ziravorlar tashqi hidni osongina o‘zlariga singdirib oladi. Shuning uchun ularni tayyorlashdan oldin qo‘llarni yaxshilab yuvish lozim. Agar siz quritilmagan, ya’ni yangi uzilgan ziravor ko‘katlardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, farfor bilan ishlov berilgan taxtakashni tanlang. Agar siz ko‘katlarni mana shunday taxtakashda maydalasangiz, ularning maza va ta’mini to‘laligicha saqlab qolishga erishasiz.

Taomingizning yanada mazali chiqishi uchun…
Agar siz judayam xushta’m yog‘li ovqat pishirmoqchi bo‘lsangiz, ziravorlarni odatdagidan ko‘ra ko‘proq solishga to‘g‘ri keladi. Yog‘ bilan qorishgan ziravorlar o‘z xushbo‘yligining yarmini yo‘qotadi. Tuz esa, aksincha, uning totini yanada kuchaytiradi. Shunday ekan, ziravorlar qo‘shilgan taomlarga tuzni me’yordan kamroq solish lozim.

Avvallari ziravorlar yog‘da qovurib olingan va so‘ngra bu yog‘da boshqa mahsulotlar qovurilgan. Albatta, ziravorlar yog‘ga qovurilgach, bu taomga boshqacha xushbo‘ylik va ta’m beradi, lekin bunday ovqatni salomatlik jihatidan foydali deyish mushkul. Chunki ayrim ziravorlarni yog‘da qovurib bo‘lmaydi. Ziravorlar yog‘da qovurilganda uning tarkibidagi foydali moddalar yo‘qoladi va toksinlar ajralib chiqa boshlaydi.

Tartibni unutmang!
Ziravorlarni ovqatga qo‘shish tartibi ham mavjud bo‘lib, lavr yaprog‘i, xushbo‘y murch, qora kardamon, dolchin va boshqa ziravorlarni ovqat pishira boshlanganda solinadi. Qora murch, zira ovqat pishishining o‘rtasida, zanjabil va boshqa maydalangan ziravorlarni esa ovqatni olovdan olishdan avval qo‘shish lozim. Yana bir maslahat: xushta’m taomlarni pishgan zahoti yegan ma’qul. Ziravorlar solingan taomni qayta isitsangiz, mazasi yo‘qoladi.

HAR BIRI ALOHIDA DUNYo
Quyida o‘zbek oshxonasida keng ishlatiladigan ziravorlarning foydasi va ishlatish qoidalari haqida alohida to‘xtalib o‘tamiz:

Kashnich urug‘i

Kashnich urug‘i achchiq va shirin ta’mga ega. O‘tkir bo‘lishiga qaramasdan tanani sovitadi. Bu ziravor tarkibi ham turli efir moylari, oqsil va boshqa foydali moddalarga boy. Buyraklarni davolaydi, qum hamda toshdan tozalaydi. Tanada yog‘ning to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlaydi. Ichburug‘ kasalligiga qarshi dori vositalarga qo‘shiladi.

Lavr yaprog‘i
Taxir va o‘tkir ta’mi bor, tanani qizdiradi. Jig‘ildon qaynashiga olib kelishi mumkin. Tez asabiylashadigan kishilarga antidepressant sifatida tavsiya etilishi mumkin. Ko‘p miqdorda iste’mol qilish mumkinmas.

Zira
Pazandalikda keng qo‘llaniluvchi zira o‘tkir ta’mli ziravorlar guruhiga mansubdir. U qovurma taomlar, go‘shtli pishiriqlar va guruchli yeguliklarga qo‘shiladi. Atala, no‘xatsho‘rak, baliq go‘shtidan tayyorlangan taomlarda esa undan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Tarkibida efir moylari va oshlovchi moddalar mavjud. Pediatriyada bola qorni dam bo‘lishiga qarshi qo‘llanadi. Emizikli onalarning esa sutini ko‘paytiradi. Miya faoliyatini mustahkamlaydi, ko‘rish qobiliyatini, ishtahani va xotirani yaxshilaydi, safro haydaydi. Pazandachilikda deyarli barcha issiq ovqatlarda ishlatiladi. Ba’zida nonga ham qo‘shiladi.

Yalpiz
Yalpiz ham dorivor o‘simliklar, ham ziravorlar sirasiga kiradi. Turli choy, qayla, hatto yashil rang uchun ham ishlatiladi. Quritilgan, toza shaklida ham turli salat va sabzavotli ovqatlar tayyorlashda qo‘llaniladi. Toza yalpizdan tort hamda boshqa shirinliklar uchun bezak sifatida foydalanish mumkin. Tibbiyotda esa safro haydovchi, jigar kasalliklari, o‘pka va oshqozon-ichak tizimini yaxshilash uchun foydalaniladi. Tarkibida, vitamin, efir moylari bor.

Qora murch
Murch universal ziravor bo‘lib u barcha taomlarga, sabzavotli, go‘shtli va baliqli barcha mahsulotlarga, salatlarga qo‘shiladi. Chunki u xushta’mlik mazasini beradi.

Qora murch achchiq va yoqimli mazaga ega. Tanani qizdiradi. Kuchli antioksidant va antibakterial ta’sirga ega, yaxshi hazm qilishga va vazn kamayishiga yordam beradi. Xotirani yaxshilaydi, miyani tozalaydi, tonzillit, bronxit va yurak kasalliklarini davolaydi.

Chili garmdorisi
Taomga achchiq ta’m beruvchi, ishtaha ochuvchi qizil qalampir kukunidan asosan go‘sht marinadlash va qaylalar tayyorlashda foydalaniladi. Uni guruch, kartoshka, sabzavotlarga ham qo‘shish mumkin.

Barra holatda bu ziravor sabzavotli taomlarda va tuzlamalarda ishlatiladi. Xushta’mlik sifatida esa taomlarda quruq yoki maydalangan holatda ishlatiladi.

Zararini ham unutmang!
Ziravorlar me’yoridan ortiq ishlatilganda hiqildoq, qizilo‘ngach, me’da shilliq qavatlariga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun, agar bu a’zolar bilan bog‘liq kasalliklar bor bo‘lsa, ziravorlarni me’yoridan ortiq ishlatish tavsiya qilinmaydi.
Surunkali gastrit kasalligida xantal va piyoz yeyish mumkin emas. Yerqalampir (xren), sarimsoq, yashil qalampir, turplarni cheklangan miqdorda ishlatish mumkin.
Me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalligida xantal, qalampir, yerqalampir va achchiq gazaklarni iste’mol qilish mumkin emas.

Saqlash qoidalari

Ziravorlarni to‘g‘ri saqlash lozim. Yirik ziravorlar muzlatkichda, mayda kukun holiga keltirilganlarini xonaning qorong‘iroq joyida, og‘zi yopiladigan shisha idishga solib asragan ma’qul. Ziravorning ta’mi 1-2 yilgacha yaxshi holatda saqlanadi. Shundan keyin uning maza berish xususiyati zaiflashib boradi.

Ta’mida yanglishmaslik uchun uni qo‘lingizga to‘kib, donalarini ezg‘ilab ko‘ring. Shu vaqtda uning hidi dimog‘ingizni qitiqlasa va barmog‘ingizda kukun izi qolsa, demak, tanlovda adashmadingiz.
KAMOLA tayyorladi.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ziravorlardan foydalanishni bilasizmi?