15:54 / 13.02.2018
8 180

Tanganing ikkinchi tomoni: Bizni kechiring, O‘zbekning onalari!

Tanganing ikkinchi tomoni: Bizni kechiring, O‘zbekning onalari!
Jannat oyog‘ingiz ostida dedik…
Dunyoda onalar haqida eng jo‘shqin va eng larzali, otashin hamda ohangrabo so‘zlarni ko‘p aytganlar bellashuvi bo‘lganda, tabiiyki, O‘zbek g‘olib chiqqan bo‘lardi. Onasi haqida gap ketsa, yo‘llariga poyondoz to‘shashini, qo‘llariga gard yuqtirmasligini, yegani oldida, yemagani ortida kabi sharoit qilib qo‘yganini gapirib ko‘krakka uradigan yana boshqa kim?

Shoiri yo‘qki bu elning, onasi haqida she’rlar, dostonlar bitmagan bo‘lsin. Hofizi yo‘qki bu elning, Onam deb dilo‘rtar qo‘shiqlar kuylamagan bo‘lsin. Siyosatchisi yo‘qki bu elning Ona haqida jo‘shib-jo‘shib gapirmagan bo‘lsin. O‘g‘loni yo‘qki bu elning, Onam, deb mag‘rurlanmagan bo‘lsin.

Ha, dunyodagi hamma yaxshi kalimalar o‘zbek onasining boshiga qo‘ngan. Lekin subhi kosibdan kun tig‘ga kelganda ham, olamlar Xurshidi yonboshlab shafaq qontalash bo‘lganda ham paxta dalasida, g‘o‘zalar orasida emaklab qolgudek holda bukilgan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Tandiriga o‘tin tashlab, xamiriga un topolmay nolasini ko‘ksiga ko‘mib, mardikor bozoriga chiqib ketgan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Qish chillasida sovuqdan dildiragan, saratonda issiqdan mo‘ltiragan bolalariga qarab, erta bir kun jallod qo‘l ularni ham bag‘rimdan uzib ketmasmikan, deb xun bo‘lgan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Bolasining qarashlari va yoxud o‘zining Allohga inongani, bilib bilmay ikki og‘iz haq gapni aytib qo‘ygani uchun zindonband etilgan, xokisor bo‘lgan O‘zbekning onasi emasmi?

Dardlar iskanjasida qolgan Onaizor bu nomard olamni tark etgach, orqasidan zaminni titratgan kabi uvvos soladigan esa O‘zbeknig bolasi emasmi? Ammo bu kechikkan sado Onaizorning laxta qonga aylangan qalbiga yetib borarmidi?
Qabristonga yugurib marmar toshlar tiklagan, har uch kunda bir ma’raka qilib Onam, deb bo‘zlagan ham O‘zbekning bolasi emasmi?

Sho‘rolar davrining yemirilish kunlarida O‘zbekiston qishloqlarida yashagan onalarning 80 foizi qamqon edi. Onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda sarbon edi. Xasta onalarni davolash, bolalarini asrab qolish haqida va’zlar aytilardiyu, amalda burchak burchaklarda bir musht bo‘lib o‘tirgan onalarni ko‘rar ko‘zlar ko‘r edi..

Bugun esa, bir paytlar oshkor bo‘lgan raqamlar ham sir. Onalarning xastaligi ham davlat siri. Xastaxonalar eshigida yuragini g‘ijimlab qolayotgan, qo‘lida bir narsasi yo‘qligi uchun jarroh amaliyotga olmaganda umidlari tilim-tilim bo‘layotgan, besh tanga topmagani uchun kitobsevar bolasi oliygohga kirolmaganidan ko‘zlarining qorachig‘i erib sel bo‘lgan, eng so‘nggi chora o‘laroq o‘z o‘zini yoqib yuborayotgan, dahshatli kunlariga isyon sifatida o‘z o‘zini osib qo‘yayotgan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Bangivor tashib Dehli qamoqxonasida yotgan, olis Bangladeshda hibsga olingan, Birlashgan Arab Amirliklari zindonida iztirob chekkan, Russiyada oddiy ruslarning ostonasida qul bo‘lib, cho‘rilik qilgan, o‘z bolasi uyida qolib G‘arbda bolaboqarlik yoki keksaboqarlik qilgan ham bugungi O‘zbekning onasi emasmi?

Poyezdlarda temir ustida yotgan, sassiz-sassiz ingrangan, qo‘nalg‘alarda tunlarni tongga ulab kipriklari sanchiqqa aylangan, izg‘irinda nimchasiga o‘ralib qaltiragan, qorli qirovli kunlarda qordan ham oqarib ketgan boshiga ba’zan bog‘laydigan ro‘molcha ham topolmagan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Tetapoya qilib, ming azob, ming uqubat ichida ulg‘aytirgan bolasini “ha” yo‘q, “be” yo‘q, mirshablar olib ketsa, uraverib ichaklarini ezsa, qovurg‘alarini sindirib, ruhini sindirsa, tirnoqlarini so‘kib olsa, yana sim-sim yiglaydigan O‘zbekning onasi emasmi?

O‘g‘lini uyli qilsa, “Kelinimning oldida tili qisiq bo‘lmasin”, deb tashvishini yeng ichiga oladigan, qizini uzatsa “Kuyovimning qo‘liga qarab qolganda”, deya iztirobini ichga yutgan, o‘zi kiyadigan ko‘ylagidan o‘quvchi bolasiga jild tikib bergan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Bugun yurtboshi maslahatchilari, hukumat vazirlari, viloyat va tuman hokimlari, siyosatmadorlar orasida ham ko‘zga tashlanmaydigan zot bu O‘zbekning onasi emasmi?

Olima bo‘lganlari olmonda sarson, otina bo‘lganlari olamda sarson. Dinga ishongani diyonat ko‘chasida xor, elga inongani adolat so‘qmog‘ida zor. Yuraklari hil-hil, orzulari chil-chil, xayollari mil-mil bo‘lgan ham O‘zbekning onasi emasmi?

Sariqlikdan sarg‘aygan, nochorlikdan notavon, nonini topsa shakarini topmagan, yog‘ini olsa, go‘shtini ololmagan, ishlab-ishlab maoshsiz qolgan, qadriyatiga yig‘lab, qadriga yig‘lay olmagan Onaizor uchun nima qildik, deb bir o‘ylab ko‘ring-a? Balandparvoz maqtovlar saltanatidan dardlar vodiysiga inib yuqoridagi kabi savollarni bir takrorlab ko‘ring-a, ajabmaski, tosh kabi qotgan qalbingizda bir narsa yilt etsa?!

O‘rningiz boshimiz ustida dedik,
Oyoqlar ostida qolib ketdingiz,
Jannat oyog‘ingiz ostida dedik,
Jahannam bag‘rida yonib ketdingiz!

Bizni kechiring, O‘zbekning onalari…
Jahongir Muhammad

Manba: fayzbog.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tanganing ikkinchi tomoni: Bizni kechiring, O‘zbekning onalari!