Bu shundayin sevgiki…

  • Hayot tarzi
  • 15-02-2018, 00:40
  • 663
  • Бу шундайин севгики…
    “Sizga yozgan bu maktubimni o‘qib, hayron bo‘larsiz, balki. Chunki unda aytilgan mulohazalar mendan chiqqaniga ishonmasligingiz tabiiy. Axir, sizning yodingizda o‘sha-o‘sha shaddod, hamma narsaga kulib qaraydigan, xayoli doimo sizda bo‘lgan, faqat siz uchun ko‘zyosh to‘kadigan, bundan boshqa narsalarni ikkinchi darajali hisoblaydigan qiz sifatida qolganman… Oradan o‘tgan shuncha vaqt ichida siz o‘zgardingizmi, yo‘qmi, bilmayman, ammo men endi sizning tasavvuringizda qolgandan tamoman boshqa odamman.

    Bugun o‘ylayman – sizga bo‘lgan tuyg‘ularim rostdan ham sevgimidi? Axir, sevgi ta’masiz tuyg‘u degani emasmi? Agar shunday bo‘lsa, nega yaqinlaringiz ikkimizning hislarimizga, orzularimizga to‘sqinlik qilishganida indamay keta olmadim? Ayrilig‘imizga avvalo sizni, qo‘yingki, butun olamni aybdor qildim? Chunki… o‘sha paytdagi holatim, tushunchalarim bilan bunday mulohazalarga borishim mahol edi. Nazdimda barcha iztiroblarimning sababchisi siz edingiz va buning uchun albatta da’vo qilishim kerak edi sizga…

    Men (beadad shukr) keyinroq angladim – haqiqiy muhabbat nima, unga kim loyiq, kim yoki nima uchun ko‘zyosh to‘kish, fidoyilikka tayyor turish kerak… Menga buni qalblarini Allohga, qo‘llarini ummatga tutgan, “Jannatda sevgan sevgani bilan birga bo‘ladi”, deya marhamat qilgan Rasululloh (s.a.v.) ta’lim berdilar. U Zot (s.a.v.)ni ota-onasi, ahli oilasi, bola-chaqasi, nafsidan ham ortiq sevgan, qalblari Alloh va Janobimiz (s.a.v.)ning muhabbatlari bilan limmo-lim sahobayi kiromlar o‘rgatishdi. Tanasini birma-bir kesib olayotib: “Hozir o‘rningda Muhammad bo‘lib, sen sog‘-omon qolishni istarmiding?” – deya so‘ragan mushriklarga: “Rasululloh (s.a.v.)ga hatto bir tikan sanchilishini xohlamayman”, degan, hayoti-yu vafoti sof sevgining isboti bo‘lgan Hubayb Ansoriy kabi zotlar anglatishdi. Allohni sevgan, Rasululloh (s.a.v.)ga chin dildan muhabbat qo‘yganlari uchun jazirama issiqda ustiga qaynoq tosh bostirilgan Bilol Habashiy, kunning tig‘ida temir sovut kiydirilgan, o‘tga tutilgan Habbob ibn Arat singari insonlar tushuntirishdi. Rasululloh (s.a.v.) qayerda namoz o‘qigan, duo qilgan bo‘lsalar, o‘sha yerda namoz o‘qigan, duo qilgan, qay makonda tuyalarini ikki marta aylantirib, cho‘ktirgan bo‘lsalar, o‘sha joyda xuddi shunday qilgan Abdulloh ibn Umarlar saboq berishdi…

    Bu nomlar sizga notanish, shunday emasmi? Bir muddat avval men ham bilmasdim. Axir, tilu dilim erta-yu kech sizning nomingiz bilan band bo‘lgach, qaydan ham tanirdim bu ismlarni. Holbuki, ular hamma narsaga eng go‘zal o‘rnaklar bilan to‘liq bo‘lgan, Saodat asri deya nom olgan davrning hammamiz tanishimiz, sevishimiz lozim bo‘lgan kishilari…

    Atrofga boqaman – to‘rt tomonda sevishganlar, juft-juft yigit-qizlar. Ularning tushunchalaridagi muhabbat necha yillar avval siz va menda bo‘lgan tasavvurlarning ayni o‘zi. Ularning holati, o‘zlarini tutishlarida ham ko‘rinadi bu. O‘ylashadiki, sevgining gunohi yo‘q, sevishdingmi, hamma narsa mumkin. Buguni chiroyli ularning, ammo ertalari-chi?..

    “Meni eslaysanmi?” Siz keyin ham qo‘ng‘iroqlaringizda meni azobga soladigan shu savolni ko‘p so‘radingiz. Lekin bu – sizni eslab, sog‘inishning azobi emas… Siz bilan o‘tgan davrning gunohlari, xatolari, Allohning ta’qiqlarini buzib, qazoyi qadarga qarshi isyonlarimning iztirobi…

    Ayriliqning ilk kezlarida shunday bedor edimki…
    Kecha-yu kunduz tinmay ko‘zyosh to‘kar, Allohdan faqat sizni so‘rardim. Duolarim so‘ngida bu sinovlarning ajrini bergaysan, inshaalloh, derdim hamisha… Va Alloh go‘zal ajr ato etdi. Menga sizni bermadi, illo… hidoyat berdi, imon halovatini berdi, xotirjamlik berdi. Ikki dunyom uchun xayrli muhabbat ato etdi – O‘zini tanitdi, qalbimga payg‘ambarlar, solih insonlar sevgisini esh qildi. Bugun yana sevishni, sevilishni istayotganim, Allohdan so‘rayotganim ham bor gap. Lekin u ham tamom boshqa – Rasululloh (s.a.v.)ning muhabbatlariga loyiq bo‘lgan Xadicha onamiz (r.a.)ning sevgilari kabi… Hujrai saodat sohibasi Oisha onamiz (r.a.)ning muhabbatlari singari…”

    Manba: mulohaza.uz

    Яндекс.Метрика