23:14 / 15.02.2018
4 776

Mukammal bo‘lishga intilmang, chunki...

Mukammal bo‘lishga intilmang, chunki...
Ruhingiz tushkun, kayfiyatingiz rasvo. Hech o‘zingizga kelolmayapsiz. Xatolaringiz ko‘p, ba’zilaridan vijdoningiz qiynalyapti. Bu holatda uzoq qolib bo‘lmaydi.

Ko‘zlaringizni yuming, chuqur nafas oling. Xato qilish ayb emas, uni tushunmaslik, to‘g‘rilamaslik ayb.

Siz hozir, eng muhimi, xato­ngizni anglab yetdingiz. O‘ylab ko‘ring, hech qachon xato qilmay, tajriba to‘plab bo‘ladimi? Hayotiy tajriba tekinga berilmaydi, axir. Uning badali xatolardir. Agar bugun qoqilmaganingizda qilgan ishingiz noto‘g‘ri ekanini bilmas edingiz.

O‘tgan ishga kuyunish — vaqtni isrof qilish. Ko‘ngilsizlikni unuting, undan olgan sabog‘ingizni saqlab qo‘ying. Tasavvur qiling: xato qilib, tajriba sotib oldingiz. Axir ajdodlarimiz bejiz «mingta nasihatdan ko‘ra bitta musibat foydali» deyishmagan.

Ortiqcha siqilish muammolarni ko‘paytirishini bilasizmi? Sog‘lig‘ingiz, ishingiz, do‘stlaringiz bilan munosabatingiz, oilaviy muhit, farzandlar tarbiyasi foydasiz kuyunish evaziga izdan chiqishi hech gap emas. Haqiqiy fojia ana shunda paydo bo‘ladi. Unutmang, ertaning bugundan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi hozirgi harakatingizga bog‘liq.

Dunyo psixologlarining quyidagi fikrlari sizni bir qadar o‘z-o‘zidan qoniqmaslik kayfiyatidan xalos qiladi:
  • Hech qachon mukammal bo‘lishga intilmang!
  • Kimgadir yaxshi ko‘rinishga o‘zingizni majbur qilmang.
  • Sizga yoqmagan, yordam berishni istamagan kishilarga yaxshilik qilishday ish bilan o‘zingizni qiynamang.
  • Muammolar atrofida ortiqcha siqilmang. Ayniqsa, orqaga qaytarishning imkoni bo‘lmagan xatolar uchun asabiylashmang.
  • Xohishlaringiz uchun o‘zi­ngizni ayblayvermang.
  • Sizga yoqmayotgan munosabatlardan voz keching.
  • Vaqtingiz va imkoniyati­ngizga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilmang.
  • Kimningdir xatosi uchun o‘zingizni javobgar deb hisoblamang.
  • Odam o‘zini yaxshi ko‘rishi, hurmat qilishi kerak. Xudbinlik va o‘zini yaxshi ko‘rish orasidagi farqni ajrata biling.

Hammaning istagan vaqtida yolg‘iz qolishga, mustaqil bo‘lishga, bergan narsalarini so‘rab olishga, xato qilishga va xatolari uchun javob berishga haqi bor.
Dilorom SA’DULLAYeVA,
psixolog

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mukammal bo‘lishga intilmang, chunki...