09:20 / 18.02.2018
13 032

"Kuydirgi" kelin ko‘ylak

"Куйдирги" келин кўйлак
Boshga tushmaguncha bilmas ekansan, kishi. Avvallari to‘y-hashamga borganda yarim yalang‘och ko‘ylak kiygan kelinlarni ko‘rib, jahlim chiqardi. Kelindan emas, shunday kiyinishga qo‘yib bergan, minglab begona nazarlar tushishidan oriyati qiynalmaydigan kuyovlardan hafsalam pir bo‘lardi. Nega, nima uchun biri singlim, biri opamday o‘zbek qizlari bunday bema’ni taqlidchilik bilan oila ostonasiga qadam qo‘yishi kerak, derdim.

Mana, endi o‘zim ham uylan­yapman. Kelin ko‘ylak mashmashasi endi kaminaning boshiga tushdi. Shuni anglab yetyapmanki, bu faqat bizning ixtiyorimizdagi ish emas ekan...

Unashtiruvdan keyin kelin bolaga, birinchi navbatda, yengi uzun, yelkalari yopiq, umuman, sipogina ko‘ylak kiyasan, deb uqtirgandim. U meni to‘g‘ri tushunib, o‘zi ham shuni xohlashini aytdi. Ko‘nglim xotirjam bo‘lib, to‘yning boshqa tashvishlari bilan yurdim. Lekin yaqinda yana o‘sha masalaga qaytishga to‘g‘ri keldi.

Bilishimcha, bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im hamma joylari yopiq ko‘ylak qidirib, butun shaharni aylanib chiqibdi. Taassufki, birorta salonda unday kiyim topolmabdi. Avvaliga bu bir bahona, dugonalariga havas qilib, ko‘ylak kiyish uchun izlab yurishga eringandir-da, degan xayolga bordim.

Ertasi kuni birga hamroh bo‘lib, yana «qidiruv»ga tushdik. Biroq ko‘nglimizdagi topilmadi: birini yengi bo‘lsa, yelkasi ochiq, oldi yopig‘ining yelkasi yalang‘och, xullas, bu yog‘ini tortsang, u yog‘i, u yog‘ini berkitsang, bu yog‘i ochilib turibdi-da. Salonlarning hammasida deyarli bir xil tanlov. «Yo‘g‘-e, juda anqoning urug‘imas-ku, topish mumkin» dersiz. E’tiroz o‘rinli, albatta, topish mumkindir. Faqat — cho‘ntak ko‘tarsa. To‘y qilayotgan odamga esa bir so‘m ham pul, harna nimagadir madad.

Shu tobda o‘zbek kelinlari yana ko‘z oldimga keldi. Masalaning bu tomoni ham bor ekan-da. Avval jahlimni chiqazgan ochiq-sochiq libosdagi kelinlar balki majburligidan, siporog‘ini topolmaganidan shunday kiyinar, deb o‘ylab qoldim. Unda ayb kimda? Buyurtmasi falon pulga tushsa ham, ko‘ngildagidek tiktira olmayotgan kelin-kuyovdami yoki momolari uzun ko‘ylak kiygan millatning mentalitetini bir chetga surib, salonlarni xorij uslubidagi ko‘ylaklar bilan to‘lg‘izgan tadbirkordami?

Umuman, qachon, qayerda shu oq ko‘ylak urf bo‘lgan ekan deb, internet titkiladim. Axir, ilgari buvilarimiz bunaqa kiyinmagan-ku?! «O‘tkan kunlar» filmini bir eslang. Kumushning to‘y kuni kiygan libosi har qanday millat vakilida havas uyg‘otsa, ajab emas. Xorijliklarniki-chi?

Ma’lum bo‘lishicha, oq ko‘ylak oldin Yevropada ham to‘y emas, motam libosi sanalgan ekan. Kelinlar o‘sha payti pushti, qizil, ko‘k, yashil kabi yorqin rangdagi ko‘ylaklar kiyishgan. Faqat keyinchalik ba’zi ayollar yurak yutib, oq aza kiyimlarini tantanalarga ham joriy qila boshlabdi.

Biroq XVIII asrga kelib, yana rangli to‘y liboslariga qaytilgan. Faqat 1840 yil 10 fevralda qirolicha Viktoriya oq ko‘ylak kiyganidan keyin kelinlarning bunday ko‘rinishi ommalashgan va u hozirgacha davom etib kelmoqda. Demak, aslida motam uchun mo‘ljallangan bugungi oq libos yevropaliklarga ham meros emas.

Afsuski, oq libosning asl mohiyatini bilganim bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Bir haftadan keyin — to‘y. Bu tashvish bir mening boshimda emasligi aniq. Ehtimol, mulohazalarim loqayd bo‘lmagan insonlarni, avvalo, kattalarni bu masalaga jiddiyroq qarashga undar.

Ikkinchi tomondan, til bilan aytilgani amalimizga teskari bo‘lib qolmayaptimi? Axir, bir yondan qizlarning ibo-hayoli bo‘lishi haqida nasihat qilinsa-yu, ikkinchi tarafdan, o‘sha ibo-hayo pardasini ko‘taruvchi libosga bezantirib davraga olib chiqsa, buni qanday tushunish mumkin? Buni faqat men kabi boshiga tushganlar yaxshiroq anglaydi, xolos.
Kuyovbek KUYuNDIYeV

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Kuydirgi" kelin ko‘ylak