10:50 / 21.02.2018
12 902

Tabassum qiling!

Tabassum qiling!
Topganini ulashgan – saxiy,
Tabassumini ulashgan baxtli.

“Ey iymon keltirganlar! Ruku va sajda qilingiz hamda Robbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz. Shoyadki, najot topsangiz!” (“Haj” surasi, 77-oyat).

Musulmon kishi ushbu oyat mazmunidan kelib chiqib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har bir qadam uchun Alloh taolo tomonidan ulkan ajrlar berilishiga ishonadi. Shunday yaxshiliklardan eng foydalisi va atrofdagi insonlarga tez ta’sir ko‘rsatadigan amal – bu tabassumdir.

Jilmayish, ohista kulish tabassum bo‘lib, mana shu mo‘minning sifatidandir.

Tabassum ibodat hisoblanadi. Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Do‘sting yuziga qarab qilgan tabassuming sadaqadir”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ayni paytda tabassumning 19 turi aniqlangan. Ular ikki guruhga: “ijtimoiy” va “asl” tabassumga bo‘linadi. Asl tabassum chin yurakdan tabassum qilishga aytiladi. Ijtimoiy tabassumni boshqacharoq, “xushmuomalalik uchun tabassum qilish” deb atasak ham bo‘ladi. Bu yuzdagi 5 muskulni harakatga keltiradi. Umuman, kishi tabassum qilganda yuzdagi 17 muskul harakatga keladi.

Tabassum inson yuzi uchun ajoyib badan tarbiya hisoblanadi. U inson jismi va aqliga foyda beradi, qon bosimining oshishi va yurak xastaliklarining oldini oladi hamda insonda o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllantiradi.

Tabassum yuz muskullarining holati bilan hamohang tarzda ishlaydigan miya faoliyatining ijobiy holatini kuchaytirishi bilan birga, atrofdagilarning ruhiyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, sizga qarab samimiy jilmayib turgan odamga nisbatan siz ham tabassum bilan muloqotga kirishib ketganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz. Yoki chin yurakdan berilib kulayotgan kishini ko‘rgan odam, garchi gap nima haqida ketayotganini bilmasa-da, unga qo‘shilib kulib qo‘yadi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam atrofdagilarga doimo tabassum bilan qarar edilar. U zot sallallohu alayhi vasallam tabassum qilganlarida muborak nurli tishlari ko‘rinar edi.

Doktor Oiz Qarniy: “G‘amlarning ko‘pligi qovoq solish uchun mantiqiy sabab emas. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam insonlar orasida g‘ami eng ko‘p kishi bo‘lishlariga qaramay, insonlarning sertabassumi edilar”, – deganlar.

Shunday ekan, har tong uyqudan uyg‘onganingizda, har bir qiyinchilik to‘siqlaridan o‘tayotgan paytingizda doim samimiy tabassum qiling. Sizning tabassumingiz uchun doimo yetarli sabab va asos topiladi.
Nigora NE’MAT qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yulduz
Yulduz 31 марта 2020 08:01
Kitobni elektronnisi bormiii
Yangiliklar » Hayot uchun » Tabassum qiling!