06:30 / 05.03.2018
6 937

“Suzgich” (Ibratli hikoya)

“Suzgich” (Ibratli hikoya)
Bir kuni qari otaxonning oldiga kelgan tanishi ishtiyoq bilan gap boshladi:

— Do‘stlaringizdan biri haqida qiziq gap eshitdim, hozir sizga ham aytib beraman.

— To‘xta-to‘xta, — javob qildi qariya, — eshitganlaringni aytishingdan oldin bu gaplar uchta “suzgich”dan o‘tishi kerak.

— “Suzgich”? — hayron bo‘ldi kishi.

— Ha, — tasdiqladi uni otaxon, — do‘stim haqida gapirishdan oldin aytmoqchi bo‘lgan gapingni o‘sha “suzgich”lardan o‘tkazib olishim kerak. Birinchi “suzgich”, bu — haqiqat. Ayt-chi, gaplaring rostligiga ishonching komilmi?

— Yo‘q, — javob berdi kishi, — bu gapni o‘zim ham boshqa birovlardan eshitdim.

— Demak, bu gap chinligiga shubhang bor. Ikkinchi “suzgich” nomi — yaxshilik, ya’ni gaping yaxshilikka xizmat qilishi kerak. Do‘stim haqida aytmoqchi bo‘lgan gaping ham xushxabarmi?

— Yo‘q, aksincha, u juda yomon xabar…

— Demak, allaqanday yolg‘onni, buning ustiga, yomon xabarni aytmoqchisan. Ammo sening gapingda yana bir “suzgich”dan o‘tish imkoni bor — aytayotgan gaping menga biron naf keltiradimi? Bu gap qanchalik foydali?

— Menimcha… unchalik foydali emas… — kalovlandi kishi.

— Xo‘sh, aytadigan gaping yolg‘on bo‘lishi mumkin, buning ustiga, u yomon va foydasiz gap bo‘lsa, uni eshitib nima qilaman? — dedi qariya qat’iy. — Mish-mishlarni tarqatish va yaqin insoningni g‘iybat qilish hech qachon yaxshi ish hisoblanmagan. Shunga qaramay, odamlarning bu “ermak”lari hamisha barcha tomoshalar ichida eng e’tibor tortuvchisi bo‘lgan. Bu “mashg‘ulot”dan inson o‘zini qanday saqlashi mumkinligini bilishni istasang, mana shu uchinchi “suzgich” — ish beradigan usul. Ya’ni hech kim naf ko‘rmaydigan gapni aytmaganing, u eshitgan yeringda qolgani ma’qul.
Ruschadan Muhabbat SHARIFOVA tarjimasi

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Suzgich” (Ibratli hikoya)