18:02 / 12.03.2018
30 724

Eringizni halol yo‘l bilan «isiting»

Eringizni halol yo‘l bilan «isiting»
— Nima qilishni bilmayapman. Hamma har xil maslahat beryapti. Ba’zilarini sinab ham ko‘rdim. Ammo natijasi yo‘q. Qaytanga, aksiga oldi. Onam og‘ir kasal, unga hech narsa aytolmayman. Otam yoki jigarlarimga yorilay desam, ular meni so‘zsiz ajratib oladi. Qaynonamga yorilib ko‘rdim. Qaysi ona o‘g‘lini qoralaydi. Albatta, aybini xas­po‘shladi. Dugonamning bergan maslahatidan ham hech narsa chiqmadi…

Ayni damda oilam buzilishidan xavotirdaman. Shu kunlarda turmush o‘rtog‘imning qadam olishi boshqacha. Birortasiga ilashib qolganmi, ishdan beri kelmaydi. Menga ham, bolalariga ham e’tiborsiz. Nima qilsam, deya o‘ylanib qoldim…

Saida bolalikdan yaqin o‘rtog‘im. Bilaman, u menga yomon bo‘lsin, demaydi. Biror chora topmasa, oilam buzilib ketishi mumkinligini o‘ylab, miyasiga kelgan fikrdan xursand bo‘lib ketdi: «Eringni isitish kerak!»

To‘g‘risi, men ham quvondim. Axir qanchadan-qancha ayollar erini isitib, oilaning totuvligini saqlab qolgan. Xullas, bu haqda ko‘p eshitganman. Saida zo‘r romchini bilarkan. U bilan gaplashib, bizni bo‘sh vaqtiga yozdirib qo‘ydi. Endiyam bormasdan ilojim yo‘q edi.

Ikkalamiz birgalashib romchining oldiga bordik. Holatni tushuntirganimizdan so‘ng folbin ayol dam solib, erimni isitib berishi uchun bir necha marta kelishimiz kerakligini aytdi.

Folbinning oldiga bir necha marta borganimga qaramay, erimning o‘zimdan tobora uzoqlashib borayotganini, oilamdan xotirjamlik yo‘qolib, farzandlarimning tarbiyasi ham og‘irlashib ketayotganini sezdim. O‘tib borayotgan vaqt faqat mening zararimga xizmat qildi.

Folbinning oldiga borib ketkazgan vaqtimga, pulimga qattiq achin­yapman.

Erim bu masalada faqat o‘zimni aybladi. Uning aytishicha, aslida, oilamdagi bu holatlarning asosiy sababchisi o‘zim ekan. Faqat buni anglamayotgan ekanman. U ishdan kechroq qaytgani uchun noto‘g‘ri gumonlarga borib, charchab turgan odamga har xil haqoratlarni yog‘dirib, o‘zimga bo‘lgan hurmat va muhabbatini yo‘qotib qo‘yganimni, bolalarimning oldida ham erimni behurmat qilganligim bois xonadonimdan, oilamdan fayzu barakani ko‘tarayotganimni aytdi. Mulohaza qilib, o‘zim tushunib yetishim kerakligini ta’kidladi.

Men esa fikrimdan qaytmadim. «Bu mening xarakterim, shunaqa o‘sganman!» deya qaysarlik qildim. Bir so‘z bilan aytganda, erimni jonidan to‘ydirdim. Ko‘rsatayotgan hunarlarim avjiga chiqdi.

Afsus, singan idishni yamagan bilan chegirmasi qolar ekan… Kaltabinlik bilan qilgan bunday muomalam erimning oilasidan ko‘ngli sovishiga, hatto guldek farzandlari ham ko‘ziga ko‘rinmay, oilasini tashlab ketishiga sabab bo‘ldi.
Endi nima qilay? Bu xatolarimni qanday to‘g‘rilay, erimning ko‘ngliga qanday yo‘l topay, uni qanday uyga qaytaray?..
ZIYoDA
Farg‘ona viloyati

Iqbol ADILOVA, ruhshunos:
— Ayolning eng asosiy «ish joyi» — oila qo‘rg‘oni! Faoliyat yuritayotgan har bir ishchi o‘z ustida ishlab, o‘sishga, ishini eng a’lo darajada bajarishga harakat qilishi lozim bo‘lganidek, ayol ham o‘zining rafiqalik, onalik, uy bekalik kabi faoliyatlarini yuksak saviyaga ko‘tarishi lozim. Oilasining mustahkamligi, farzandlarining tarbiyasi, erining roziligi hayotidagi bosh me’zon bo‘lishi shart. Kamchiliklarini anglagach ham ularni to‘g‘rilashga harakat qilmay, «Qanday bo‘lsam, shundayligimcha qabul qilsin!» deb turib olish oqilalik emas.

Siz aybingizni tan olmas ekansiz, eringizning uyga qaytishi mavhumlashib, qilgan amallaringiz chappasiga ta’sir qilaveradi. Avvalo, o‘zingiz o‘zgaring! Keyin unutmang, isitish orqali baxtga yetisholmaysiz. Qachongacha isitish bilan oilangizni saqlab qolmoqchisiz? Bu issiq-sovuqlar eringizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ham hech o‘ylab ko‘rganmisiz o‘zi?

Balki, eringizga vaqt berishingiz kerakdir, shunda u ham, siz ham o‘z xatolaringizni tushunib yetarsizlar. Lekin bu eringizni boshqa ayolga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ying, degani emas.

Yana bir maslahat, munosabatlarning tiklanishida, albatta, farzandlaringizning yordamiga suyanishingiz mumkin. Ammo bunda ham me’yor bor.

Singlim, doim esda saqlang, biror kasallikni davolashdan oldin kasallikning kelib chiqish sabablari o‘rganiladi. Sabablari aniq bo‘lgandagina kasallik tezda bartaraf etiladi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, davoni ham faqat halol yo‘llardan qidirish kerak. Erkak kishi ayolidan mehr-muhabbat kutadi. Unga muhabbat bering. Shunda u qaytadi va sizni, oilasini aslo tashlab ketmaydi. Mehr-muhabbat bilan mustahkam bo‘lgan xonadonga Allohning rahmati yog‘ilib turadi.

Erni «isitish»ning halol yo‘li Alloh halol qilgan vositalar bilan erining mehrini qozonishdir. Uydagi tartibsizlik, taom o‘z vaqtida tayyor bo‘lmasligi, xotinning sochlari to‘zigan, egnidagi ko‘ylagidan yog‘ hidi kelib turishi, buning ustiga ayolining tund qiyofasi har qanday erkakni uyidan, oilasidan bezishiga olib keladi.

Odatda, erkaklar ishxona, ko‘cha tashvishlaridan charchab, halovat va taskin ilinjida oilasi bag‘riga qaytadi. Ayol oqila, fozila va tadbirkor bo‘lsa, erkak uchun uyi farog‘at qasriga aylanadi. Charchab, asabi taranglashgan er uyiga kirib kelganida eshikni ochgan ayolining kulib turgan chehrasi, bir og‘iz «Yaxshi keldingizmi?» degan so‘zi, hamma joyning ozodaligi va shirin taomning yoqimli isi, farzandlarining go‘zal xulqi erkakka huzur baxsh etib, tashvishlardan bir muddat bo‘lsa ham uzoqlashishiga yordam beradi.

Ayol eri uchun uyida bezanishi, o‘ziga oro berishi, toza liboslar kiyishi, yoqimli iforlar ishlatishi kerak. Afsuski, ayrim ayollar to‘y, bazm, mehmondorchilikka borgandagina eng sara liboslarini kiyib, o‘zlariga oro beradi. Bularning hammasi kim uchun, atrofdagi begonalar uchunmi? Aslida, ayol go‘zalligini ko‘rishga eng haqli inson — uning eri.

Shu bilan birga ayolning er haqlariga to‘la rioya qilib, unga itoat etishi ham oiladagi kelishmovchiliklarni bartaraf etib, er va xotinning bir-biriga mehr-muhabbatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Men erga tegmoqchiman. Erkakning xotin zimmasidagi haqi nima?» deb so‘radi. U zot: «Ering seni xohlagan paytida, tuyaning ustida bo‘lsang ham tushib, uning istagini bajarmog‘ingdir, ovqatini pishirmog‘ing, kiyimlarini yuvmog‘ing, nonini tayyorlamog‘ingdir», deb javob berdilar.

Ayolning eri uchun qilgan xizmatlariga ham ajru savob beriladi: erining ko‘ylaklarini yuvib, dazmollash, ovqatini tayyorlashda ham ayolga ajr bor. Ayol ajrdan umid qilgan holda xizmatlarini sidqidildan qilsa, xonadoni obod, ozoda va fayzli bo‘ladi. Shu bilan birga oilasi tinch, turmush o‘rtog‘i sadoqatli, farzandlari solih, soliha bo‘lishini istagan ayol doimo ularning haqiga duo qilishi lozim. Zero, duo — ibodatning mag‘zi.

Sanab o‘tilgan amallarda bardavom bo‘lgan ayolga nisbatan erining muhabbati ziyoda bo‘ladi, oilasiga qattiq bog‘lanib qoladi. Oiladagi sog‘lom muhit, farzandlariga berayotgan chiroyli tarbiya uchun erning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Bu esa ayolning erining rozi qilishi uchun eng yaxshi tadbirdir. Shundagina ayol nafaqat erining, balki Alloh taoloning roziligini ham qozonadi.

Manba: hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eringizni halol yo‘l bilan «isiting»