19:12 / 24.03.2018
11 064

Ko‘zni harom etilgan narsalarga qarashdan tiyish usullari (1-qism)

Ko‘zni harom etilgan narsalarga qarashdan tiyish usullari (1-qism)
Insonga Alloh taolo ko‘rish ne’matini ato qilgani uchun u ko‘rish baxtiga ega bo‘ladi. Lekin bu hamma narsaga, ya’ni nomahramlarga va harom qilingan narsalarga qarayverish degani emas. Shunday ekan, inson qanday qilib bundan o‘zini saqlashi kerak, nimalarga e’tibor bersa nomahramlarga qarashdan saqlana oladi. Ana shular haqida batafsil so‘z yuritsak. Shu o‘rinda ayollarning kiyinish borasidagi noto‘g‘ri tushunchalari erkaklarning bu yo‘ldan saqlanish o‘rniga ularning toyishlariga sabab bo‘layotganlari haqida bayon qilamiz.

Hozirgi kunda ayollarimiz bilib-bilmay ko‘chada nomahram erkaklar ko‘zi oldida ochiq-sochiq yurishga o‘rganib qoldilar. Hatto mo‘mina ayollarning ham ko‘chaga chiqqanda o‘zlariga oro berib, pardoz-andoz qilib, tor kiyim kiyishlari urfga aylandi. Holbuki, ular uyda o‘z erlari uchungina o‘zlariga oro berishlari kerak emasmi? Pardoz-andoz vositalari ayolni atrofdagilarga yanada dilbar, jozibali qilib ko‘rsatadi. Vaholanki, shariatda muslima ayol uchun faqat o‘z eri va mahramlari hamda boshqa muslima ayollargagina ziynatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Uyidan tashqarida muslima ayol begona erkaklarga o‘z chiroyini ko‘z-ko‘z qilib ko‘rsatishi dinimizda taqiqlangan. Chunki, ayolning ifori, ziynati, surati, o‘z go‘zalliklarini oshkor qilishi erkaklarni o‘ziga moyil qiladi.

Shu o‘rinda ayollar orqali erkaklarga qanday fitnalar kelishi haqida Qur’on va hadisi shariflarga murojaat qilamiz.

“Oli Imron” surasining 14-oyatida: “Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tikinlar kabi istak-xohishlarga ko‘ngil qo‘yish ziynatli qilib qo‘yildi”, deb zikr qilingan.

Hasan Basriy rohmatullohi alayh shu oyatning tafsirida: “Shayton ularga shu ishlarni ziynatlab qo‘ydi” , degan ekan.

“Niso” surasining 28-oyatida esa Alloh taolo: “Axir inson zaif yaratilingan-da”, deb aytadi. Bu oyatning tafsirida Tovus ibn Kiyson: “Inson ayollar ishida zaifdir, inson uchun ayollar bilan bo‘ladigan har bir ish ustida zaiflik bordir”, degan ekan.

Hadisi shariflardan birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “O‘zimdan keyin erkaklarga ayollardan ko‘ra zararliroq fitna tashlab ketmadim”, deb aytdilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Davomi bor...
Doniyor Fayz

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ko‘zni harom etilgan narsalarga qarashdan tiyish usullari (1-qism)