17:50 / 14.04.2018
5 454

Bizlarga kim hayot berdi?

Bizlarga kim hayot berdi?
Alloh taolo bunday deydi: “(Ey Muhammad): Siz: "Sizlarni osmonlaru yerda kim rizqlantiradi? Yoki quloq va ko‘zlaringizning egasi kim, tirikni o‘likdan, o‘likni tirikdan kim chiqaradi? Ishning tadbirini kim qiladi?", deng. Ular, albatta: "Alloh", derlar. "Taqvo qilmaysizlarmi?" deng” (“Yunus” surasi, 31-oyat)

Avvalda ham bir necha bor takrorlanganidek, arab mushriklari Allohning borligini inkor etmas edilar. Ular Allohning sherigi bor, degan aqidalari bilan yo‘ldan ozgan edilar. Ular Alloh to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurda edilar. Chunki ular e’tiqodda Parvardigor haqidagi ilohiy ta’limotlarga emas, o‘z tushunchalariga suyanishardi. Holbuki, inson tushunchasi komil emas, o‘zgarib turadi. Shu boisdan ham arab mushriklari qo‘llari bilan yasab olgan but va sanamlarni kichik xudo sanab, ularga ibodat qilishar va bular katta Xudo huzurida bizga shafoatchi bo‘ladi, deb ishonishar edi. O‘tgan oyatda ularning bu e’tiqodlari buzuq ekani bayon qilindi, endi hushlarini joyiga keltirishga, o‘ylab ko‘rishga chaqiriladi; xatolarini to‘g‘rilashga uriniladi. Ey mushriklar, aytinglarchi?! “Sizlarni osmonlaru yerda kim rizqlantiradi?” .Oddiy, ammo tadabburga chorlovchi savol.

Inson hayoti davomida Alloh bergan rizq bilan tirik. Busiz u yashay olmasdi. U rizqning kelib chiqishiga, rizqqa aylanish jarayoniga bir razm solsin. Bularning hech birini o‘zi ham, boshqa biror zot ham qila olmasligiga aniq ishonib yetadi. Och qolgan odam bir burda non tutgan shaxsga yetti egilib ta’zim qiladi. Umr bo‘yi uni madh etib yuradi. Aslini olganda, o‘sha shaxs Alloh bergan rizqning bir bo‘lagini och qolgan kishiga yetkazdi, xolos. O‘zi uni yo‘qdan bor qilmaydi. Shunday bo‘lsa ham, bir parcha nonni olgan shaxs bergan shaxsdan cheksiz minnatdor bo‘ladi, maqtovlar aytib, umr bo‘yi esdan chiqarmay yuradi. Holbuki, haqiqiy shukrni Allohga qilishi kerak edi. Chunki haqiqiy rizq beruvchi Allohdir. U faqat och qolgandagina emas, balki har vaqt, har qanday rizqni ato etguvchidir. Shu bois, inson umrini doimo rizq yetkazib turguvchi Zotga shukr qilib o‘tkazishi kerak. Shukr esa, Unga iymon keltirish va ibodat qilish bilan bo‘ladi. Afsuski, ko‘plar arab mushriklariga o‘xshab, bu haqiqatni unutib qo‘yadi. Ammo ushbu oyatdagi: "Sizlarni osmonlaru yerda kim rizqlantiradi?" degan savol hammaning ko‘zini ochishi kerak. Undan keyin yana bir shunga o‘xshash-ko‘zni ochuvchi, aqlni rostlovchi savol keladi. Ey mushriklar, aytinglarchi, "Quloq va ko‘zlaringizning egasi kim?". O‘zingizmi yoki but-sanamlaringizmi? Undan ham boshqa narsalar bo‘lsa, aytavering! Quloq va ko‘z insonga berilgan eng buyuk ne’matlardandir. Bu ne’matlarning qadrini eslatib turish uchun Alloh taolo ba’zi bandalarini eshitish ne’matidan, ba’zilarini ko‘rish ne’matidan mahrum qilib qo‘yadi. Ana o‘shalarga hech kim na eshitish qobiliyatini va na ko‘rish qobiliyatini bera olmaydi.

Bu borada maqtanib, olamni buzayotgan insonning qilgan ishi bor-yo‘g‘i keyinchalik paydo bo‘lgan ba’zi holatlarni tuzatish yo‘li bilan eshitish yoki ko‘rishni bir oz yaxshilashga sabab bo‘ldi, xolos. Buni ham Alloh bergan aql va bilimni ishga solib, amalga oshiradi. Lekin dunyo olimlarining hammasi to‘planib, hozirgacha bitta quloq yoki ko‘z yasay olganlari yo‘q. Yasay olmaydilar ham. Ammo eshitish yoki ko‘rishni yaxshilaydigan falon asbobni yaratdik, deb maqtanishlari olamni oladi, o‘sha asboblarning bahosi ham oz emas. Ammo dunyodagi barcha maxluqotlarga in’om etilgan eshitish va ko‘rishning haqiqiy egasi kimligini bir tafakkur qilib ko‘rsalar, Allohdan o‘zga hech kim emasligini anglab yetadilar.

Ey mushriklar, aytinglarchi: “Tirikni o‘likdan, o‘likni tirikdan kim chiqaradi?”. Ushbu oyati karimalar nozil bo‘layotgan davrdagi odamlar tushunchasi bo‘yicha, o‘sib-harakatlanib turgan narsalar tirik, harakatsiz, o‘smay turgan narsalar o‘lik hisoblanar edi. Ana shu tasavvurga binoan qadimgi tafsirchilarimiz “o‘likdan tirikni chiqarish”ga tuxumdan qushni, urug‘dan o‘simlikni, danakdan daraxtni chiqarishni va shunga o‘xshash holatlarni misol qilib keltirganlar. Darhaqiqat, tuxum jonsiz narsa, ammo undan mukammal bir qush paydo bo‘ladi. Xo‘sh, buni kim chiqaradi? Urug‘ ham jonsiz bir modda, ammo yerga sochilsa, ma’lum vaqtdan so‘ng o‘simlik unib chiqadi. Danak ham jonsiz va qattiq qobiq bilan o‘ralgan, lekin undan ham daraxt o‘sib chiqadi. Yoki, aksincha, hamma hayvonlar tirik bola tug‘adi, qushlar esa, jonsiz tuxumni. O‘sib yetilgan o‘simlikdan jonsiz urug‘ chiqadi. Bularning hammasini kim qilmoqda? Albatta, Alloh!

Hozirda ilm taraqqiy etib, tuxum, urug‘ va danakda hayot borligi aniqlandi. Ya’ni, ularda nav yoki zotning asli bo‘ladi. Ma’lum bir ta’sir etuvchi omillar tufayli ular harakatlanib, qushga, o‘simlikka yoki daraxtga aylanadi. Bu kashfiyotdan keyin xudosizlar Xudoning yo‘qligiga dalil topdik, deb quvondilar. Har tarafga ayyuhannos soldilar. Lekin bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng yana jimib qoldilar. Chunki alloma Vahiduddinxonga o‘xshash mo‘min ulamolar kofirlarni chuqurroq o‘ylashga taklif etishdi. Xo‘p, tuxumda hayot bor ekan, ma’lum bir omil ta’sir qilsa, qushga aylanar ekan, o‘sha qobiliyatni tuxumning ichiga kim joylab qo‘ydi? Qushning tumshug‘i, suyagi, ichagi va boshqa a’zolari tuxumning qayerida edi? Ularni kim bu holga keltirdi? Bularni ham qo‘yib, boshqa bir misol olaylik, deydi musulmon ulamolar. Ovqat olovda pishirilganida undagi hamma moddalar, hatto mikroblar ham o‘ladi. Ammo shu o‘lik taom iste’mol qilinsa, u inson hayotining asosi bo‘lmish qonga aylanadi. Xo‘sh, buni kim qiladi? Albatta, Alloh!

Ey mushriklar, aytinglarchi: "Ishning tadbirini kim qiladi?". Borliqdagi, koinotdagi, yer yuzidagi hamma mavjudot ma’lum bir qoida, tartib asosida harakatlanadi. Ularni bu holda kim tadbirini qilib turibdi? Yoki butun borliq o‘zidan o‘zi shunchalar daqiqlik bilan harakat qilmoqdami? Ehtimol, birorta iymonsiz kashfiyotchi boshqarib turgandir? Yo‘q, hammasining tadbirini Alloh taolo qilib turibdi.
Roziya KOMILJONOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bizlarga kim hayot berdi?