Qiyomatdan ko‘rinish va tiriltirgan nola

  • Hayot tarzi
  • 20-04-2018, 11:31
  • 2 421
  • Қиёматдан кўриниш ва тирилтирган нола
    Yana Ka’batullohni ziyorat qilish, uning atrofida olomon ichida suzish - tavof qilish va umr sarhisobini qilish imkonini berdi Parvardigorim. Shukrlar bo‘lsin!

    Tavof yoxud qiyomatdan bir ko‘rinish...

    Tavofda meni har safar shu his qamrab oladi. Ka’ba atrofida aylanarkan, o‘zimni “Mahshargoh”(qiyomat)da turgandek his qilaman, his qilishga urinaman. Ko‘z o‘ngimda dahshat va vahshatdan aqli izmidan chiqib, sarosima va jon talvasasida sarson-sargardon izg‘ib yurgan cheksiz olomon gavdalanadi. Shu olomon ichida nochor holdagi o‘zimni ko‘raman. Hamma o‘z dardiga butkul sho‘ng‘igan. Hatto ota-onalar o‘z jigarbandlaridan ham kechib yuboradigan darajada aql bovar qilmas mushkul damlar. Hamma Ka’ba atrofida suzmoqda. Umr sarhisobida cheksiz savollarga javob topolmay, toliqib xayol og‘ushida suzmoqda...

    Tavof har safar Hajarul-asvad (“Qora tosh”)ga yaqinlashganda oqim sekinlashadi, tirbandlik oshadi. Odam qadam qo‘yishga joy izlaydi. Yon atrofida begona ayollar turib qolmasin deya joy qidiradi, uning to‘rt tomoniga tiqilgan kishilarga ozor berib qo‘ymay deb, umumiy oqim va harakatga uyg‘unlashishga urinadi.

    “Hajarul-asvad”dan o‘tilishi bilan tavofini tugatib, oqimni ko‘ndalangiga kesib chiqib ketayotganlar bilan to‘qnashiladi. Aynan shu onlarda qiyomat ko‘rinishlari yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Hamma o‘zi bilan ovora. Deyarli hech kimning ko‘ziga o‘zidan boshqa ko‘rinmaydi.

    Chin nigohlar

    Ka’ba atrofida suzayotgan nigohlarga ko‘zim tushadi. Yuz boqishlarda ojizlik e’tirofi, gunoh iqrori va o‘z qilmishiga nadomat belgilari ko‘rinadi. Yana kimlardadir bu “qayta tirilish oni”ning toji – tavba yig‘isi ham ko‘zga tashlanib qoladi.

    – Senchi, sening diydang nega tosh, degan savol qalb qa’ridan qo‘zg‘alib butun vujudni kezsada javob topmay “qo‘li quriq” ortga qaytadi. - “Allohim holimni o‘ngla, yo‘qsa bu bandangning holiga voy!” deyman.

    Tiriltirgan nola

    Shu kabi xayollarda Ka’bani yetti bor aylanib tavofni tugatdim. “Maqomi Ibrohim”ning orqa tomonidan xoliroq joy topib, ikki rakaat nomoz o‘qidim. So‘ng Safo tepaligi tomon yuzlanib, yo‘lda bir to‘xtab Zamzam suvidan ham ichishni xayolga tugib yura boshladim. Xayollar og‘ushida kezardim. Kutilmaganda, bir yig‘i sasidan seskanib tushdim. Yo‘q-yo‘q, seskanmadim, shunchaki yo‘qotgan va tinmay izlayotgan narsasini kutilmaganda topib olgan kishidek “uyg‘onib” ketdim.

    Men namoz o‘qigan joyning orqa tomonidagi to‘siqlar ortidan taralardi bu faryod. Vujudning tub-tubidan qaynab chiqardi bu qalb nolasi. Go‘yoki bir isyonkor quyun lovillab yonayotgan bu qalb alangasini butun atrofga yoyardi. Nola qanchalik o‘tkir va kuchli bo‘lmasin, sovuqdan muzlayozgan tanalarga yoz quyoshidek, o‘zining o‘tkir tafti bilan rohat va jon baxsh etardi. Yaxlagan tanam, muzlagan ruhim, qurigan ko‘zlarimga jon ina boshlagandek bo‘ldi...

    Beixtiyor olomon orasidan bu hayot bulog‘ini qidira boshladim. Taralayotgan yoqimli nola-nur tolalariga ergashib buloqni darrov topib oldim. Ko‘rinishi va kiyinishidan janubiy-sharqiy osiyolik onaxon. Butun atrofga nur taratyotgan onaxon. “Olomon orasidan” dedim, yo‘q-yo‘q, yakka o‘zi, ha yolg‘iz o‘zi turardi, bu onaxon. Butun borliqda u yakkayu-yolg‘iz edi. Uning atrofida hech kimsa yo‘q edi. Men ham. U hech kimni ko‘rmasdi. Butun Ka’ba atrofida u yolg‘iz o‘zini va Egasinigina ko‘rardi va barcha dardlarini Unga to‘kib solardi, bu baxtiyor onaxon. Ka’ba qarshisida “qiyomat sahnasi”ni butun vujudi bilan qurib olgandi, bu benazir onaxon!

    Qurib ketgan diydamni menga yana eslatib kuyuntirgan onaxon! Baxt egasini ko‘zim bilan ko‘rish sharafiga muyassar etib, suyuntirgan onaxon. Shved diyorida muzlagan tanam va ruhimni biroz bo‘lsada eritgan onaxon...

    Ilohim so‘raganingiz har bir ezgu tilagingiz ro‘yobga chiqsin, onaxon!

    Iloho, bizlarga ham shunday baxtni, Egamizni eslab yig‘lashni, Qiyomatdan oldin “qiyomat”da yashab ko‘rish imkonini berib, g‘aflat uyqusidan uyg‘onishni va o‘nglanishni nasib qil!

    Menga ham o‘sha onaxonda ko‘rganim tavba va taqvo yig‘isini nasib et, ilohim!

    Zotan, umraga yo‘l olarkan, quyidagi umidlar bilan ketgandim:

    Qaro yuzla kelar bo‘ldim...

    Ilohim qap-qaro yuzla, uying sori kelar bo‘ldim,
    Nasib et menga g‘ufronni, gunohlardin jilar bo‘ldim,
    Erurman bandayi ojiz, berib so‘z ko‘p buzorim bor,
    Bu gal kuch ber menga Rabbim, degonimni qilar bo‘ldim.

    Oshib ishlar, oshab oshlar, zamon birla yelar bo‘ldim,
    O‘tar umrim, xato-to‘g‘rim, buni ko‘rdim, bilar bo‘ldim.
    Ne qildim, qilmadim bilmam, niyat to‘g‘ri, amal bukri,
    Gunohlardin yuvilay deb, uying sori kelar bo‘ldim.
    Muhiddin Qudrat o‘g‘li ShIRINOV. Hadis fanlari doktori, Shvetsiya.

    Manba: Azon.uz

    » » Qiyomatdan ko‘rinish va tiriltirgan nola
    Яндекс.Метрика