Erni egib olishning "eng oson usullari"...

  • Hayot tarzi
  • 22-04-2018, 14:14
  • 2 891
  • Эрни эгиб олишнинг "энг осон усуллари"...
    Ko‘pchilik qizlar turmushga chiqqanidan so‘ng eng birinchi qadamni erni “egib” olishdan boshlashadi. Qiziga juda mehribon onalar esa o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, maslahat berishadi: “Eringni qo‘lga olay desang, tez-tez folbinga borib, o‘zingga isitib turgin. Bir-ikki so‘mning yuziga qarama, puling bo‘lmasa, mana, menda bor!”

    Ammo o‘sha erni folbinga bormasdan ham o‘zingizdan bir qadam uzoqlashmaydigan qilib olishning yo‘llari bor. Qanday qilib, deysizmi? Unda eshiting.

    Yor-yor sadolari ostida kelin bo‘lib ketayotgan kunim, 85 yoshga kirgan Dono buvim oq fotiha berdi. “Bolam, ering seni hurmat qilishini, chizgan chizig‘ingdan yurishini istasang, uning kuchugini ham hurmat qil…” O‘zini hurmat qilish qanchalar qiyinu, kuchugiga nima bor, deya kulyapsiz-a? Bir oz shoshmay turing, bu gapga ham isbotim bor.

    To‘yning ertasi kuni hovli supurish uchun tashqariga chiqdim. Ostonadan endigina tushmoqchi bo‘lib turganimda qarasam, ro‘paramda kattagina qoplon menga tikilib turgan ekan. “Keting”, dedim sensirashga haddim sig‘may. Qoplon tushmagur, joyidan bir qadam ham jilmay, qulog‘ini ding qilib, dumini likkillatib turaverdi. Shu payt “Tosh otsam ketarmikan?” degan fikr keldi xayolimga. Yo‘g‘-e, erning kuchugiga tosh otib o‘libmanmi, undan ko‘ra… Ostonada turgan yangi shippagimni yengilgina uloqtirgandim, qoplon uni tishladi-yu, ko‘chaga yugurib ketdi. “Ha, mayli, erimning kuchugidan bitta shippak aylansin!” dedim ichimda.

    Shunday qilib, tushlikka yaqin qaynanamning ovsini, qo‘shnimiz Dilbar opa kirib keldi. Uni ko‘rdim-u, xonamga yugurib kirib, onam o‘z qo‘llari bilan qavigan duxoba ko‘rpachani olib chiqdim. Ayvonga chiroyli qilib to‘shab, mehmonni o‘tirishga undadim. Shu payt qaynanamning yuzidagi yengilgina tabassumga ko‘zim tushdi-yu, buni mendan minnatdorlik tuyg‘usiga yo‘ydim.

    Dilbar opa ketgach, ko‘rpachani taxlab, uyga olib kirib qo‘ydim. Tushdan keyin darvoza sekingina ochilib, ostonada yana o‘sha Dilbar opa ko‘rindi. Yana yugurib kirib, taxmondan ko‘rpacha olib chiqdim. O‘sha kuni duxoba ko‘rpachani naq 6 marta bag‘rimga bosib, hovlida ko‘tarib yurdim. Ertasiga butun mahallada, “Yangi kelinchak juda farosatli ekan!” degan duv-duv gap tarqalibdi. Maqtov yaxshi-da, kimga yoqmaydi, deysiz. O‘sha voqeadan so‘ng bitta duxoba ko‘rpachani qo‘shnilarga atab qo‘ydim.

    Kechga yaqin hammamiz dasturxon atrofida o‘tirgandik. Darvoza tomondan avval qiyqiriq, so‘ng taraqlagan dovush keldi. Shamolday uchib, xonaga katta qaynopamning ichuvchi eri kirib keldi. Kuyovni ko‘rgan qaynanam yuzini teskari burdi. Erim esa nimadir deb g‘udrandi. Dik etib, o‘rnimdan turdim-u, xonamdan chiroyli “madonna” piyola olib chiqib, choy quyib, pochchaga tavoze bilan uzatdim. Erimning aka-ukalari menga iddaoli qarab qo‘yishdi. Ammo ertasiga uyga kelgan qaynopam meni bag‘riga bosib, quchoqlab ko‘rishdi. Ichuvchi pochcha kayfi taroq bo‘lsa ham, izzatini o‘rniga qo‘ygan mendek kelinni og‘zidan spirt, yo‘g‘-e, bol tomib maqtabdi! Yana bir “ochko” oldimmi!..

    Bir hafta o‘tgach, erimning qo‘shni qishloqda yashovchi urishqoqlikda dong‘i chiqqan ammasi kirib keldi. Ko‘rpachaga o‘tirdi-yu, bo‘ynidagi og‘riqdan shikoyat qila boshladi. Kechki ovqatdan so‘ng oshxonaga kirib, paxta yog‘ini qizdirdim-u, ammaning bo‘yin tomirlariga surkab, uqalay boshladim. Shu zahoti ammaning chakagi o‘chdi-yu, uxlab qoldi. Bilmadim, uqalayotib, tomirlarning eng faol ishlaydigan nuqtasiga tegib qo‘ydimmi, amma shu bo‘yi o‘zgarib qoldi: biznikiga mehmonga kelsa, tili duodan bo‘shamaydi.
    ***
    Ikki yildan so‘ng yana yor-yor sadolari ostida uyimizga yangi ovsin kirib keldi. Ammo olti oy o‘tmay, lash-lushini ko‘tarib, onasinikiga ketib qoldi. Bir kuni ovsinimni ko‘chada tutib olib, rosa tuzladim. “Ha, ovsin, nima balo, qaynimga “zao‘chniy” tekkanmisiz? Bir oy onangiznikida, o‘n kun eringiznikida yashaysiz…” — dedim. “Siz dardimni qayerdan ham bilardingiz? Qaynukangiz men chizgan chiziqlarni o‘chirib, boshqa yo‘ldan yuryapti”, — javob qildi ovsinim jahl bilan. “Voy, o‘zim sizga eng baquvvat yo‘lni chizib beraman. Eringiz u yo‘lni o‘chirib ham, ko‘chirib ham tashlolmaydi. Faqat folbinga beradigan pulni menga bersangiz bo‘ldi”, — dedim sirli jilmayib. To‘g‘ri-da, axir bu tajribalarni o‘zlashtirguncha ozmuncha mehnat qildimmi!

    Xullas, erni egib olish borasidagi bilimlarimni ovsinimga ham o‘rgatdim. Ko‘p o‘tmay, u ham hali qo‘lida ko‘rpacha, hali choynak-piyola bilan hovlining u chetidan bu chetiga zir-zir yugura boshladi.

    Bir kuni ertalab turib, hovliga chiqsam, ostonada kulimsirab, qo‘lida chiroyli shippak bilan turibdi. “Assalomu alaykum, opajon, bu sizga sovg‘a”, — dedi u. Birovga yomonlik qilsang, qirq kunda qaytishi haqida eshitgandim. Ammo erning kuchugiga otilgan shippak yangi bo‘lib qaytishini hech ko‘rmagandim…

    Shunday qilib, biz hech qanaqa folbinu azayimxonlarga bormay, sexrli duolarsiz, erlarimizni egib, o‘zimizga qaratib oldik. Agar orangizda bu sirni o‘rganishga talabgorlar bo‘lsa, bemalol murojaat qilaveringlar. Tajribalarimiz o‘zi bepul-ku, ko‘ngildan chiqarib, rozi qilarsizlar…

    Manba: Tasvir.uz

    » » Erni egib olishning "eng oson usullari"...
    Яндекс.Метрика