Nopok va pokiza

  • Hayot tarzi
  • 25-05-2018, 06:30
  • 1 325
  • Нопок ва покиза
    Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir. Ana o‘shalar u(bo‘htonchi)lar aytayotgan narsalardan poklangandirlar. Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir.

    Ushbu oyati karimada Alloh taolo islomiy jamiyat hayotidagi muhim bir asosni bayon qilmoqda. U ham bo‘lsa, nopok qalblar o‘zlariga o‘xshagan nopoklar bilan topishishi, o‘z navbatida, pok qalblar o‘zidek pokiza qalblar bilan topishib birlashishidir. Asli nopok insondan doimo nopoklik sodir bo‘ladi. U o‘ziga o‘xshagan nopoklarni yoqtiradi, ular bilan topishadi, doim birga bo‘ladi. Lekin pok kishilarga qo‘shila olmaydi. Shuningdek, pok odam ham doimo poklik bilan yashaydi. Pok kishilarni qidiradi, topadi, birga bo‘ladi. Er-xotin bo‘lishda ham shu. Pok xotinga pok er, nopok xotinga nopok. Agar nopok bilan pok birlashib qolsa, bu hamdamlik uzoqqa bormaydi. Chunki pok bilan nopokning birga bo‘lishlari amri mahol. Shunday ekan, Alloh pok qilib yaratgan, payg‘ambarlikka tanlagan zot – Muhammad sollallohu alayhi vasallam Oishai Siddiqani hamma ayollaridan ko‘ra yaxshi ko‘rishlari u ayolning nihoyatda pokligi sababidan emasmi?! Oisha onamizda zarracha nopoklik bo‘lganida, u muhtarama zotni Allohning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunchalar yaxshi ko‘rishlari mumkinmidi?!

    Ana o‘sha pok er va ayollar bo‘htonchilar ularga qo‘yayotgan ayblardan pokdirlar.

    «Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir».

    Ularga bu dunyoda mag‘firat – gunohlarini kechish va u dunyoda go‘zal rizq – jannat bordir.

    Shu bilan ifk hodisasi – musulmonlar jamoasini katta musibatga solgan hodisa haqidagi oyatlar nihoyasiga yetdi. Bu hodisa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarini, u zotning oilalarini, bu oilaning pokligini Allohning O‘zi saqlashini isbot etdi.

    «Nur» surasining boshidan to shu yerigacha jamiyatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan buzg‘unchiliklar, zino, zinoda ayblash, beayb odamlar haqida buzuqi mish-mishlar tarqatish xususida, ularning jazosi, oqibati haqida so‘z ketdi. Endigi oyatlarda esa o‘sha buzg‘unchiliklarning oldini olish, Islom jamiyatida bu kabi ishlarning yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari bayon etiladi.
    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

    (Tafsiri Hilol kitobidan)

    Manba: Tazkiya.uz

    » » Nopok va pokiza
    Яндекс.Метрика