09:57 / 12.06.2018
7 296

Ro‘zani ulab tutish mumkinmi?

Ro‘zani ulab tutish mumkinmi?
Ushbu masalaga Musulmonlar idorasi matbuot xizmati oydinlik kiritdi.

Ro‘zani ulab tutish deganda iftorlik va saharlik qilmay ikki va undan ortiq kun davomida ro‘za tutish tushuniladi. Bu ro‘za tutish mobaynida jismonan zaiflashishga sabab bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zani ulab tutgan bo‘lsa ham, ishlarga toqatlari yetmasligi bois bunday qilmaslikni tavsiya qilganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ulab tutishdan nahiy qildilar. Shunda odamlar: «Siz ulab tutasiz-ku, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «Sizlarning qay biringiz menga o‘xshaysiz?! Meni tunda Robbim taomlantiradi va serob qiladi», — dedilar. Bas, qachonki, ular ulab tutishdan to‘xtashdan bosh tortgan edilar, ular bilan bir kun ulab tutdilar, so‘ng yana bir kun ulab tutdilar, keyin esa (Shavvol) hilolini ko‘rib qoldilar. O‘shanda u zot sollallohu alayhi vasallam xuddi ularga iqob beruvchidek bo‘lib: «Agar (hilol) kech qolganida, sizlarga yana ziyoda qilar edim», — dedilar.

Boshqa bir rivoyatda: «Sizlar ulab tutishdan hazir bo‘linglar», — deb ikki marta aytdilar. «Siz o‘zingiz ulab tutasiz-ku?» — deyildi. U zot: «Men Robbim huzurida tunayman. U meni taomlantirur va serob qilur. Amaldan o‘zingiz toqat qiladiganingizni takalluf qilinglar», — dedilar (Muttafaqun alayh).

Hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, ro‘zani ulab tutish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga xos hisoblanib, sahobalarni bunday qilishdan qaytarganlar. Ushbu qaytarish ummatga shafqat va rahmat sababidan bo‘lgani sababli, ko‘pchilik ulamolar nazdida ulab tutishning hukmi makruh sanaladi. Shofeiylar nazdida esa hadisda ma’n qilingani va zaiflikka sabab bo‘lgani uchun harom hisoblanadi.

Bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qilish, uni kechaning oxiriga surish, quyosh botishi bilan namozdan oldin tezda iftorlik qilish, shirin va xo‘l narsa ila og‘izni ochish ro‘zaning mustahab amallaridan sanaladi.

Saharlik inson kechaning oxirgi qismida yeydigan yoki ichadigan narsa bo‘lib, sahar vaqti ya’ni tunning oxirida yeyilgani uchun saharlik deb nomlangan. Ko‘plab hadisi shariflarda saharlik qilishga targ‘ib etilgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Saharlik qilinglar. Albatta, saharlikda baraka bordir», — dedilar (Buxoriy va Termiziy rivoyati). Shuning uchun ham ro‘zador saharlik qilishga odatlanmog‘i lozim.

Quyidagi hadisda esa saharlikning yana bir fazilati zikr qilingan.

Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Rasululloh solllallohu alayhi vasallam: «Bizning ro‘zamiz ila ahli kitoblarning ro‘zasi orasidagi farq saharlik yemagidadir», — dedilar (Muslim rivoyati). Ya’ni bizning va ularning ro‘zasi orasidagi farq va ajratuvchi jihat saharlik bo‘lib, ular saharlik qilmaydilar, biz uchun esa saharlik qilish mustahab sanaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan saharlik qilib, ularga namuna bo‘lganlar va taomlanishga oid tavsiyalar berganlar.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildik. So‘ngra u zot namozga turdilar. «Azon bilan saharlik orasida qancha bor edi?» — dedim. «Ellik oyat miqdoricha», — dedi (Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan)».

Nasaiy va Abu Dovud rivoyatlarida: «Saharlik yemagini lozim tutinglar. Chunki u muborak yemakdir», — deyilgan.

Abu Dovudning boshqa bir rivoyatida: «Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik», — deyilgan. Shuning uchun ham, har bir kishi saharlik qilishni kanda qilmasligi va iloji bo‘lsa xurmo bilan og‘zini yopishi afzal hisoblanadi.

Quyidagi hadisda saharlikning asl foydasi va mustahab sanalishi sababi bayon qilingan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sahar taomidan kunduz ro‘zasiga, qaylula uyqusidan kechaning qiyomiga yordam olinglar», — dedilar (Ibn Moja, Hokim va Tabaroniy rivoyat qilishgan)».

Demak, saharlik ro‘za uchun, kunduzgi uyqu tungi namoz uchun quvvat bo‘lar ekan. Kishi haddan tashqari jismonan toliqib qolmasligi va buning natijasida ibodat halovatidan mahrum bo‘lmasligi uchun ushbu ko‘rsatmalarga amal qilishi lozim.

Iftorlik ham ro‘zadagi mustahab amallardan sanaladi. Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla: «Men uchun bandalarimning eng mahbubi iftorni tezroq qiladiganidir», — dedi» (Termiziy va Ahmad rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam iftorlik qilar va qish kunlari xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘izlarini namoz o‘qishdan oldin bir necha ho‘l xurmo bilan ochar edilar. Agar ho‘l xurmo bo‘lmasa, quruq xurmo bilan, u ham bo‘lmasa, bir necha xo‘plam suv ichar edilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).

Vaqt kirishi bilan og‘izni ochish nafsni bir oz qondirib olishga xizmat qiladi. Saharlik qilishdan maqsad esa ro‘za uchun tayyorgarlik ko‘rish bo‘lib, biror narsa tanavvul qilmay ro‘za tutgan kishi kun davomida qiynalib qoladi. Inson o‘zini qiyinchilikka qo‘yishi va ortiqcha mashaqqat keltiradigan holatlarni o‘ylab topishi lozim emas. Barcha sohalardagi kabi ro‘za tutish borasida ham shariat hukmlariga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga bo‘ysunishimizni va ibodatlarni buyurilganidek mukammal ado etishimizni Alloh taolo nasib etsin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ro‘zani ulab tutish mumkinmi?